
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan so‘nggi uch yildan oshiq vaqt mobaynida butun insoniyat uchun eng katta sinovga aylangan COVID-19 virusining kelib chiqishi haqida keng qamrovli tadqiqot olib borildi, deb xabar berdi euronews.com. Bunday global tahlilga 27 nafar malakali olim jalb etilgan bo‘lsa-da, ularning natijalari aniq va yakdil xulosaga aylanmadi — pandemiyaning manbai hanuz tortishuvlar markazida qolmoqda.
Tadqiqot jarayonida olimlar virus odamga hayvonlardan, ayniqsa ko‘rshapalaklar orqali yuqqani haqida ko‘plab ilmiy dalil va farazlarni o‘rganishdi. Ammo eng tortishuvli mavzulardan biri — virusning Xitoy laboratoriyalaridagi ehtimoliy tarqalishi bo‘lib qolmoqda. Ushbu gipotezani chuqurroq o‘rganish uchun yetarli ma’lumotlar topilmagani, shuningdek, Xitoy hukumati so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etmagani sababli bu masala ochiq qoldi.
Olimlar guruhiga rahbarlik qilgan Mariyetji Venter so‘zlariga ko‘ra, mavjud ilmiy dalillar, asosan, COVID-19 hayvondan odamga yuqish ehtimoliga ishora qilmoqda. Ammo laboratoriya gipotezasi ham na rad etildi, na to‘liq isbotlandi. Olimlar orasida bu masalada katta kelishmovchilik tug‘ilib, ayrim ishtirokchilar guruhni norozilik bilan tark etgan.
JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ta’kidlashicha, 20 million inson umriga zomin bo‘lgan, jahon iqtisodiyotiga 10 trillion dollar zarar yetkazgan ushbu pandemiyaning manbasini topish — mutaxassislarning ma’naviy burchi. Tadqiqot natijalarining aniqsiz qolishi esa ilmiy jamoatchilik va keng jamoatchilik orasida qator bahs va savollarni keltirib chiqardi.
COVID-19 pandemiyasi davrida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani tarixga muhrlandi. Amerika rasmiylari Pekinni pandemiya boshlanishida real ma’lumotlarni yashirishda aybladi. Hatto Donald Tramp koronavirusni “xitoy virusi” deb atab, diplomatik muammolarni kuchaytirdi. AQSH Kongressi e’lon qilgan so‘nggi hisobotda ham virus Xitoydagi laboratoriyada yaratilgani aytilgan. Pekin esa, aksincha, virus AQSH harbiylari tomonidan tarqatilgan degan versiyani ilgari surdi. Ammo ushbu qarashlar hamon jiddiy dalillarga ega emas.
Eslatib o‘tamiz, Uxanda noma’lum xastalik ilk marta 2019 yil dekabr (ayrim manbalarga ko‘ra, noyabr) oyida aniqlangan, Xitoy esa rasmiy epidemiya haqida 2020 yil 20 yanvarda ma’lum qilgan. Fevralgacha virus asosan Xitoyda tarqalgan bo‘lsa-da, keyin butun dunyoga tez sur’atda yoyildi va JSST uni pandemiya deb e’lon qildi.
Hozirda koronavirusning aniq manbasi ochiq qolmoqda va bu masaladagi bahslar yaqin kelajakda ham davom etishi aniq. Ilmiy dunyo va ekspertlar hamon haqiqat sari yo‘l qidirishdan to‘xtagani yo‘q — bu esa insoniyat uchun xavfsiz kelajak sari tashlangan navbatdagi qadam bo‘lib qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar