
AQSh Prezidenti Donald Tramp global savdo siyosatida yangi bosqichni boshlab, 12 ta davlatga tarif miqdorlarini bildiruvchi rasmiy xatlarni imzolaganini ma’lum qildi. “Yoki qabul qilasiz, yoki rad etasiz” mazmunidagi taklifnomalar 7-iyul, dushanba kuni yuborilishi kutilmoqda.
Prezident Tramp bu bayonotni Air Force One bortida, Nyu-Jersi shtatiga yo‘l olayotganida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida berdi. U qaysi davlatlar xat olishini ochiqlamagan bo‘lsa-da, tafsilotlar dushanba kuni e’lon qilinishi aytildi.
Tramp bu harakatni muzokaralardan ko‘ra sodda va samaraliroq deb hisoblaydi. “Muzokaralarga vaqt yo‘q. Xat jo‘natish ancha oson”, – dedi u.
Aprel oyida Tramp 10% bazaviy tarif stavkasini joriy etganini e’lon qilgan, ba’zi davlatlar uchun esa bu stavkalar 50% gacha oshirilishi mumkinligini bildirgandi. Ammo, muzokaralar uchun vaqt ajratish maqsadida bu qo‘shimcha tariflar 90 kunga to‘xtatilgan edi. Bu muddat 9-iyul kuni yakunlanadi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab aksar hollarda tarif stavkalari 70% gacha ko‘tarilishi mumkin. Ushbu choralar, Tramp ma’muriyatining savdo muvozanatini tiklash va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishga qaratilgan strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Savdo muzokaralari bir qancha davlatlar bilan olib borilgan bo‘lsa-da, kutilgan natijalarga erishish murakkab bo‘lmoqda. Yevropa Ittifoqi va Hindiston bilan olib borilgan muzokaralar hozircha yakuniy kelishuvga olib kelmadi. Yevropa diplomatlarga ko‘ra, AQSh bilan kelishuvga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlar natija bermagan va ular tariflarning oshirilishini oldini olish uchun mavjud holatni saqlab qolishni ma’qul ko‘rmoqda.
Ayni paytda faqat ikki davlat – Buyuk Britaniya va Vetnam bilan aniq savdo bitimlari tuzilgan. Buyuk Britaniya bilan may oyida erishilgan kelishuv asosida 10% tarif stavkasi saqlanib qolgan, ba’zi sohalar, jumladan, avtomobil va aviatsiya qismlari bo‘yicha imtiyozlar berilgan. Vetnam bilan tuzilgan bitim esa Tramp tomonidan ilgari e’lon qilingan 46% tarif o‘rniga ko‘plab mahsulotlar uchun tarifni 20% ga tushirishni nazarda tutadi. Shuningdek, ko‘plab AQSh mahsulotlari Vetnam bozoriga bojxona to‘lovlarisiz kirishi mumkin bo‘ladi.
Trampning tariflar asosidagi yondashuvi an’anaviy diplomatik muzokaralarga zid bo‘lib, vaqt jihatidan tezkor qarorlar qabul qilishni ko‘zda tutadi. Bu esa xalqaro savdoda noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Biroq Tramp ma’muriyati bu choralarni “AQSh manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi siyosat” sifatida tasvirlamoqda.
Yangi tarif xatlari va ularning global iqtisodiy oqibatlari dushanba kuni e’lon qilinadigan tafsilotlardan so‘ng yanada ravshan bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar