date

Rossiya 160 ming migrant uchun kirishni qat’iy to‘xtatdi

Rossiya 160 ming migrant uchun kirishni qat’iy to‘xtatdi

Rossiya 2025-yil boshidan buyon 160 mingdan ortiq chet el fuqarosining mamlakatga kirishini rasman taqiqlagani ma’lum qilindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmati Tashqi va mehnat migratsiyasi departamentidagi manbalarga tayanib, RIA Novosti xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oldin kirish taqiqlangan bo‘lsa-da, ismini o‘zgartirib yana mamlakat hududiga kirishga urinib ko‘rgan taxminan 3000 nafar chet el fuqarosi aniqlangan va ularning harakatlari fosh etilgan. Migratsiya qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar 30 foizga oshgani ham qayd etilmoqda. Bu esa nazoratning kuchaytirilgani, hujjatlarni tekshirish tartibi yanada qat’iylashganini ko‘rsatadi.

Shu davr oralig‘ida Rossiyadan chiqib ketishdan bo‘yin tovlagan migrantlar soni ham 2,5 baravarga ko‘paygan. Noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar 45 foizga oshgan, migratsiya hujjatlarini soxtalashtirish, tayyorlash yoki sotish kabi qonunbuzarliklar esa 22 foizga ortgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda migratsiya sohasi ustidan qattiq nazorat o‘rnatilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yil boshidan buyon bozorlar, kuruv maydonlari, savdo markazlari, mehmonxonalar va yotoqxonalarda o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar chog‘ida 200 mingdan ziyod migrant nazoratdan o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Mutasaddilar fikricha, bu choralar mamlakat xavfsizligini ta’minlash va migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini kuchaytirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, bu yilgi raqamlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz past. Masalan, 2024-yil oktyabr oyida vazir Vladimir Kolokolsev yilning dastlabki o‘n oyida taxminan 180 ming chet el fuqarosi Rossiyaga kiritilmaganini ma’lum qilgan edi. 2025-yilda esa shu vaqtga qadar 160 mingdan ortiq fuqaro kiritilmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva viloyatida o‘tkazilgan reydlar davomida omborlar majmuasida ishlagan 96 nafar migrant deportatsiya qilingani haqida ma’lum qilingan edi. Shuningdek, 2025-yil 5-fevralidan buyon, nazorat ostidagi shaxslar reestri ishga tushirilgandan beri, 35 mingga yaqin kishi immigratsiya qonunlarini buzgani uchun Rossiyadan chiqarib yuborilgan.

Rossiyaning bu qat’iy siyosatini mutaxassislar migratsiya oqimini tartibga solish, xavfsizlikni kuchaytirish va noqonuniy harakatlarga chek qo‘yish maqsadida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar deb baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya 160 ming migrant uchun kirishni qat’iy to‘xtatdi