date

Siyosiy elita ustidan tergov: sobiq razvedka rahbarlariga nisbatan ayblovlar

Siyosiy elita ustidan tergov: sobiq razvedka rahbarlariga nisbatan ayblovlar
Amerikada yana bir katta siyosiy surishtiruv boshlandi — AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) sobiq direktori Jon Brennan va Federal qidiruv byurosining (FQB) sobiq direktori Jeyms Komiga nisbatan rasman jinoiy ish ochildi, deb xabar berdi foxnews.com. Ushbu ish Rossiyaning 2016 yilgi AQSH prezidentlik sayloviga aralashuvi va bu borada olib borilgan tergov jarayonida sodir etilgan qonunbuzarliklar bilan bog‘liq.

Ma’lumotlarga ko‘ra, MRB direktori Jon Retkliff tomonidan FQB direktori Kesh Patelga Brennanning ehtimoliy huquqbuzarligiga oid qator materiallar topshirilgan. Jumladan, Brennanning Kongressga yolg‘on gapirgani haqida ham asosli shubhalar ilgari surilmoqda. Jeyms Komi bo‘yicha hozircha aniq tafsilotlar e’lon qilinmagan, lekin manbalar bu ishni “fitna” sifatida baholashmoqda.

Brennanning faoliyati atrofidagi asosiy bahs — u 2017 yildagi razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin respublikachi Donald Trampni qo‘llab-quvvatlaganini, va bu orqali Hillari Klintonning mag‘lubiyatiga yordam berilganini ta’kidlagan. Bu xulosani Jon Retkliff o‘z hisobotida keskin tanqid qildi va bunday ayblovlarning asossiz ekanini alohida qayd etdi.

Ayblovlar bo‘yicha hozircha qonuniy qaror qabul qilinmagan. The New York Times ta’kidlashicha, tergov natijasida ish sudgacha yetadimi-yo‘qmi, bu hozircha noma’lum.

Bu mavzuda AQSH prezidenti Donald Tramp ham fikr bildirdi. 9 iyul kuni u jurnalistlarga tergov haqida matbuotdagi xabarlardan boshqa ma’lumoti yo‘qligini, biroq Brennan va Komini insofsiz va yomon odamlar deb hisoblashini bildirdi. Prezident bu shaxslarning jazolanishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Fox News'ga bergan intervyusida ushbu tergov boshlanganidan xursand ekanini bildirgan.

Mazkur jarayon katta siyosiy rezonans uyg‘otmoqda. Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashuvi masalasi avvalroq ham ko‘p marta tergov qilingan edi. Maxsus prokuror Robert Myuller rahbarligidagi surishtiruvda Rossiyaning aralashuvi bo‘lgan, lekin Donald Tramp va uning saylov kampaniyasi bilan kelishuv aniqlanmagani ta’kidlangan.

Buning fonida, 2018 yilda peterburglik tadbirkor Yevgeniy Prigojin va “trollar fabrikasi”ga aloqador 12 kishi 2016 yilgi saylovlarga aralashgani uchun ayblangan edi. Keyinchalik Prigojin “trollar fabrikasi”ni tashkil etganini tan olgan, garchi avval buni rad etgan bo‘lsa-da.

Voqealar rivojini vaqt ko‘rsatadi: Amerika siyosiy elitasi ustidan bo‘lib o‘tayotgan bu surishtiruv jamiyatda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda va yangi siyosiy bahslarga yo‘l ochishi mumkin. So‘nggi qarorlar va ish natijalari esa butun dunyo jamoatchiligi diqqat markazida qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Siyosiy elita ustidan tergov: sobiq razvedka rahbarlariga nisbatan ayblovlar