
Atlantika okeanining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan, Mayami, Bermud va Puerto-Riko oralig‘idagi hudud dunyoda “Bermud uchburchagi” nomi bilan mashhur. Bu nom shunchalik keng tarqalganki, hatto geografik atamadan ko‘ra ko‘proq sirli, hayot va o‘lim orasidagi hodisalar ramzi sifatida tilga olinadi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda o‘tgan asrlar davomida yuzlab kema va samolyotlar izsiz g‘oyib bo‘lgan. Har bir yo‘qolish voqeasi odamlarda “bu hududda nimadir g‘ayrioddiy kuch bor” degan fikrni mustahkamlagan.
“National Geographic” yozishicha, bu hudud haqidagi ilk qaydlarning o‘zi Xristofor Kolumb davriga borib taqaladi. U o‘z kundaligida bu yerda kompasning g‘alati ishlashi va osmonda yorug‘ nuqtalar paydo bo‘lganini yozgan. Biroq “Bermud uchburchagi” atamasi birinchi marta 1964-yilda jurnalist Vinsent Gaddis tomonidan qo‘llanilgan. U “Argosy” jurnalida AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli 19-reys yo‘qolishi haqida maqola yozib, butun dunyodagi qiziqishni uyg‘otgan.
Shundan so‘ng bu hudud atrofida turli taxminlar, fantastik nazariyalar va hatto konspirologik gaplar paydo bo‘ldi. Kimdir buni dengiz tubidagi ulkan kalmarlar yoki sirli magnit maydonlari bilan bog‘ladi, boshqalar esa o‘zga sayyoraliklar ta’siri deb hisobladi.
Ammo ilmiy jamoa buning izohini ancha sodda deb biladi: tabiiy ofatlar, inson xatosi, meteorologik omillar va kuchli dengiz oqimlari ko‘plab yo‘qolishlarga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
19-reys sirini hal etmagan halokat

Bermud uchburchagi bilan bog‘liq eng mashhur hodisa 1945-yil 5-dekabr kuni sodir bo‘lgan. AQSH dengiz flotining beshta “Avenger” samolyoti mashg‘ulot parvoziga chiqqan, ularning barchasi havoda g‘oyib bo‘lgan. Har birida tajribali uchuvchilar bo‘lganiga qaramasdan, hech biri bazaga qaytmagan.

Kompaslar ishlamagan, havo keskin yomonlashgan va ular yo‘nalishni yo‘qotgan. Taylor boshchiligidagi guruhning so‘nggi xabaridan keyin ular bilan aloqa uzilgan. Shundan keyin qidiruvga chiqqan “Martin Mariner” qutqaruv samolyoti ham portlab yo‘qolgan.
Hech qanday iz qolmagan. Dengiz floti buni “uchuvchi xatosi” deb baholagan, ammo keyinroq sabab “noma’lum” deb o‘zgartirilgan.
Bermud uchburchagining boshqa sirli yo‘qolishlari

— “Ellen Ostin” (1881): tashlandiq kemaga borgan dengizchilar bir necha daqiqada izsiz yo‘qolgan.
— “Siklop” (1918): 309 kishilik yoqilg‘i kemasi Karib dengizida hech qanday signalsiz g‘oyib bo‘lgan.
— “Proteus” va “Nereus” (1941): bir oy ichida ikki kema bir yo‘nalishda g‘oyib bo‘lgan.
— DC-3 samolyoti (1948): Mayamiga yaqinlashganida radiodan “qo‘nishga tayyorlanyapmiz” degan xabar kelgan, so‘ng uzilgan.
Afsonami yoki tabiiy hodisami?
Hozirgi kunda olimlar Bermud uchburchagini sirli joy emas, balki kuchli tabiiy oqimlar va meteorologik o‘zgarishlar markazi deb hisoblaydi. Bu hududda Gulf Stream oqimi juda faol — u suvdagi barcha izlarni, hatto samolyot yoki kema qoldiqlarini ham bir necha soat ichida yo‘q qilish qudratiga ega.
Bundan tashqari, tropik bo‘ronlar, magnit og‘ishlar va inson xatolari ham ko‘plab halokatlarga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Olimlar fikricha, bu hududda halokatlar boshqa okean qismiga nisbatan ko‘p emas — faqat shov-shuvli tarixlar uni “afsonalar markazi”ga aylantirgan.
Shunday bo‘lsa-da, Bermud uchburchagi hanuz insonni o‘ziga rom etadi — u sirli va beqaror tabiatning inson oldidagi ojizligini eslatib turadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!