Polshada qidirilayotgan sobiq vazir AQSHga qochib ketdi...

Polshada bir qator jinoiy ayblovlar bo‘yicha qidiruvga berilgan sobiq adliya vaziri Zbignev Zyobro Vengriyani tark etib, AQSHga yo‘l olganini ma’lum qildi. Bu haqda 10 may kuni Polshaning huquq-konservativ yo‘nalishdagi Republika telekanali xabar berdi.
Telekanal efirida namoyish etilgan lavhada Zyobro 9 may kuni AQSHga yetib kelganini aytgan. Shuningdek, Polshaning TVN24 telekanali ham siyosatchi Nyuark Liberti aeroportida ko‘ringanini ma’lum qildi. Kanal boshqa yo‘lovchi tomonidan olingani aytilgan aeroportdagi suratni ham e’lon qilgan.
Polsha Bosh prokuraturasi Zyobroning Shengen hududini tark etgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirayotganini bildirdi. Idoraga ko‘ra, sobiq vazirning Polsha pasporti avvalroq olib qo‘yilgan. Shu sabab u qanday hujjat asosida Vengriyadan chiqib, AQSHga yetib borgani Varshava uchun jiddiy savolga aylangan.
Ommaviy axborot vositalarida Zyobro hamda uning qidiruvdagi sobiq o‘rinbosari Marchin Romanovskiy Vengriyada “Jeneva pasporti”, ya’ni qochqinlar uchun beriladigan safar hujjatini olgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.
Polshaning Onet portali ma’lumotiga ko‘ra, Zyobro AQSHga Republika telekanali jurnalisti sifatida ish vizasi bilan kirgan. Telekanal bu ma’lumotni bilvosita tasdiqlab, qochqin siyosatchini AQSHga o‘zining “siyosiy sharhlovchisi” sifatida taklif qilganini bildirgan.
Gazeta Wyborcza gazetasi esa Zyobro va uning rafiqasiga viza berishni shaxsan Donald Tramp ma’qullaganini yozdi. Nashrga ko‘ra, Zyobro a’zo bo‘lgan “Huquq va adolat” partiyasi Trampning MAGA harakati bilan yaqin aloqalarga ega.
Polsha adliya vaziri Valdemar Jurek Varshava AQSH va Vengriyadan Zyobro qanday qilib amal qiluvchi hujjatlarsiz ikki davlat chegarasini kesib o‘tgani bo‘yicha tushuntirish so‘rashini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Polsha qochqin sobiq vazirni mamlakat adliyasi oldida javobgar qilish harakatlarini to‘xtatmaydi.
Zyobro esa Republika telekanaliga bergan intervyusida o‘zini xotirjam tutishga urindi.
“Agar ular ekstraditsiya jarayonini boshlamoqchi bo‘lsa — marhamat”, — dedi u.
Siyosatchi AQSH sudlari orqali ekstraditsiya jarayoni oson kechmasligini, bu “murakkab protsedura” ekanini ham ta’kidladi.
Zbignev Zyobro Vengriyada boshpana topgan yevropalik siyosatchilardan biri hisoblanadi. Polsha hukumati uni korrupsiya, davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va lavozim vakolatini suiiste’mol qilishda ayblamoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Zyobro jinoyat qurbonlari uchun mo‘ljallangan maxsus fond mablag‘laridan foydalanib, Isroilning Pegasus josuslik dasturini sotib olgan. Tergovchilar fikricha, ushbu dastur 2015–2023 yillarda Polshada hokimiyatda bo‘lgan “Huquq va adolat” partiyasi raqiblarini kuzatish uchun ishlatilgan.
2024 yilda Vengriya Zyobroning o‘rinbosari Marchin Romanovskiyga boshpana bergan. Oradan qariyb bir yil o‘tib, sobiq adliya vaziri Zyobroning ham Vengriyada yashiringani ma’lum bo‘lgan.
O‘sha vaqtda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va uning hukumati ushbu amaldorlarga nisbatan Polshada olib borilayotgan ta’qiblarni “siyosiy sababli” deb baholagan edi. Biroq Polshadagi yangi siyosiy vaziyat va Vengriyadagi ichki raqobat bu masalani yanada keskinlashtirmoqda.
2026 yil yanvar oyida Zyobro Vengriyadan boshpana olgani ma’lum bo‘lganida, Orbanning asosiy raqibi Peter Madyar mamlakat “xorijiy jinoyatchilar uchun panohgohga aylanmasligi” uchun kurashishini aytgan edi.
Aprel oyida parlament saylovida g‘alaba qozonganidan keyin Madyar Polshaga qochqin amaldorlarni qaytarish yo‘lini topishini yana bir bor ta’kidladi. Shu bilan birga, u ular allaqachon Vengriyadan chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmagan.
Endi Zyobroning AQSHga yetib borgani ushbu siyosiy va huquqiy mojaroni yanada chigallashtirdi. Polsha uni sud oldiga olib kelishga intilmoqda, Zyobro esa ekstraditsiya jarayoni uzoq va murakkab bo‘lishini ochiq aytmoqda. Qisqasi, bu ish endi faqat Polsha ichki siyosati emas, balki Varshava, Budapesht va Vashington o‘rtasidagi nozik diplomatik masalaga ham aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!