
Hongkongda chorshanba kungi tushdan keyin keskin boshlangan yong‘in bir necha daqiqa ichida ulkan favqulodda vaziyatga aylanib, butun shaharni hushyorlikka chorladi. Avvalo bambukdan barpo etilgan qurilish havozalari tutantirilgan, so‘ngra alanga baland qavatli binolarning tashqi qismlari orqali juda tez tarqalgani aytilmoqda. Mutaxassislar aytishicha, yong‘in kamida sakkizta imoratdan beshtasini to‘liq yoki qisman o‘z domiga olgan.

Bu majmuada taxminan 4,5–4,8 ming kishi istiqomat qilishi inobatga olinsa, hodisa ko‘lami va xavf darajasi yanada oshadi. Afsuski, halok bo‘lganlar orasida o‘z xizmat burchini ado etishga urinib, olov ichida yo‘qolib qolgan bir o‘t o‘chiruvchi ham bor. Uning jamoasi bilan aloqasi ma’lum bir vaqtda uzilgan, keyin esa og‘ir kuyish jarohatlari bilan topilgan. Qolaversa, o‘nlab fuqarolar tan jarohati olgan, ulardan 40–60 nafari og‘ir ahvolda ekani qayd etilmoqda.

Hokimiyat bu fojeaga shahardagi eng yuqori — beshinchi darajali xavf toifasini berdi. Hongkongda bunday belgi oxirgi bor 2008-yilda qo‘llangan edi. Mutasaddilar bu hodisani so‘nggi o‘n yilliklardagi eng halokatli yong‘inlardan biri sifatida tilga olishmoqda.
Rasmiy xulosa hozircha shakllanmagan. Biroq alanganing bambuk havozalari va tashqi fasad materiallari orqali g‘ayrioddiy tez sur’atda yoyilgani urg‘u bilan qayd etilayapti. Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, ayrim aholi hodisadan oldin qurilish ishchilari chekayotgani, xavfsizlik qoidalariga beparvolik munosabati haqida bir necha marta shikoyat bildirgan. Politsiya uch nafar erkakni ushbu yong‘inga aloqadorlikda gumon qilib hibsga olgan.

Hongkong aholi eng zich to‘plangan megapolislardan biri, yuzlab osmono‘par binolardan iborat. Ilgarilari halokatli yong‘inlar ko‘p uchragan bo‘lsa-da, oxirgi o‘n yilliklarda xavfsizlik normalarining kuchaytirilishi bu kabi fojialarni ancha qisqartirgan edi. Ammo bugungi voqea yana bir bor qurilish ishlaridagi nazorat, yong‘in xavfsizligi standartlari va shahar infratuzilmasidagi kamchiliklarni kun tartibiga qaytarmoqda.
Mahalliy fuqarolar va ekspertlar bu voqeadan keyin xavfsizlik tizimini yanada qat’iy isloh qilish, ayniqsa rekonstruksiya jarayonlarida bambukli havozalardan foydalanish masalasini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Shahar esa hali ham yirik yong‘inlar bilan bog‘liq xavf-xatarlardan butunlay himoyalangan emasligini yana bir bor his qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.