Guardiola Husаnov va Gexi juftligini "ajoyib" deb atadi...

«Manchester City» bosh murabbiyi Pep Guardiola jamoa himoya chizigʻidagi qiyinchiliklarga qaramay, markaziy himoyachilar Abduqodir Husаnov va Mark Gexi oʻyinini juda yuqori baholadi. Ularning maydondagi harakatlari mutaxassis tomonidan “ajoyib” deya taʼriflandi.
Murabbiyning fikricha, har ikki futbolchi joriy mavsum davomida sezilarli darajada oʻsishga erishgan. Bu esa nafaqat hozirgi natijalar, balki jamoaning kelajak rejalari uchun ham muhim omil hisoblanadi.
Ayni paytda «City» himoyasida kadrlar bilan bogʻliq muammolar saqlanib turibdi. Tajribali himoyachi Jon Stounz jarohatdan tuzalib safga qaytmoqda. Biroq Yoshko Gvardiol va Ruben Diash haligacha tiklanish jarayonini davom ettirmoqda.
Shu sababli markaziy himoyada Husаnov va Gexidan iborat juftlik deyarli barcha oʻyinlarda birga harakat qilishga majbur boʻlmoqda. Yoshko Gvardiol yanvar oyidan buyon oyoq suyagi singani tufayli maydondan chetda qolgan boʻlsa, Ruben Diash esa soʻnggi haftalarda son orqa mushak jarohati sabab oʻyinlarda ishtirok eta olmayapti.
Shunga qaramay, jamoa himoyasi barqaror oʻyin namoyon etmoqda. «Manchester City» soʻnggi toʻrt uchrashuvda atigi bitta gol oʻtkazib yuborgani aynan ushbu ikki himoyachining ishonchli va mustahkam oʻyini bilan bogʻlanmoqda.
Mark Gexi qishki transfer oynasida «Kristal Pelas»dan 20 million funt evaziga jamoaga qoʻshildi va qisqa vaqt ichida asosiy tarkibdan mustahkam oʻrin egalladi. Uning xotirjamligi va oʻyinni oʻqish qobiliyati muxlislar eʼtiborini tortmoqda.
Abduqodir Husаnov esa 2025 yil yanvar oyida «Lans»dan 33,5 million funtga transfer qilinganidan beri oʻz mahoratini yanada oshirib, murabbiy ishonchini toʻliq oqlamoqda.
Pep Guardiola taʼkidlashicha, jamoada hozir barcha jarayonlar ijobiy kechmoqda va yosh futbolchilarning oʻsishi uni alohida quvontirmoqda. Uning fikricha, Husаnov va Gexi kabi futbolchilar yana koʻp yillar davomida rivojlanib, jamoaga katta foyda keltiradi.
Shuningdek, u Natan Akening ham oʻyinini alohida tilga oldi. Xususan, Karabao kubogi finalida «Arsenal»ga qarshi bahsdagi ishtirokini yuqori baholadi. Bu holat hatto asosiy himoyachilar yetishmayotgan paytda ham jamoa himoyasi oʻz vazifasini uddalay olishini koʻrsatadi.
Gvardiolaning “kelajak yorug” degan fikri esa jamoada yozda katta oʻzgarishlar boʻlishi kutilayotgan bir davrda yanada ahamiyatli boʻlib bormoqda. Bernardu Silva ketishini maʼlum qilgan, Rodrining kelajagi esa hali noaniqligicha qolmoqda.
Biroq aynan Husаnov va Gexi kabi ishonchli himoyachilarning shakllanishi klub uchun mustahkam himoya qurishda muhim poydevor vazifasini oʻtamoqda.
Premer-ligada hal qiluvchi bosqich boshlanar ekan, har bir ochko bilan bir qatorda toʻplar nisbati ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mavsum oxirigacha har bir “quruq” oʻyin chempionlik kurashida hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Hozircha esa bu vazifani muvaffaqiyatli bajarayotgan asosiy juftlik — Abduqodir Husаnov va Mark Gexi boʻlib qolmoqda.