Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish qaroridan voz kechganini ma’lum qildi

Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha avval e’lon qilingan ochilish qaroridan voz kechganini ma’lum qildi. Bu haqdagi axborot Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi tomonidan tasdiqlanib, “Fars” agentligi orqali tarqatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qarorga AQSh tomonidan Eron portlariga nisbatan davom etayotgan bosim va blokada choralari sabab bo‘lgan.
Eron parlamenti raisi Muhammad Boqir Qolibof avvalroq ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida, agar portlar atrofidagi qamov siyosati to‘xtatilmasa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.
Shu bilan birga, avvalroq “Tasnim” agentligi Eron ma’lum shartlar asosida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu suv yo‘lini ochgani haqida xabar bergan edi.
Hozirgi qaror esa mintaqadagi keskinlik fonida bo‘g‘oz atrofidagi vaziyat yana murakkablashganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!