Eron Fors ko‘rfazida ulkan yangi shahar quradi

Eron janubidagi Hurmuzgon provinsiyasida Fors ko‘rfazi qirg‘og‘ida 150 mingdan ortiq aholiga mo‘ljallangan yangi yirik shahar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur loyiha “Markaziy Makran (Makran-ye Markazi)” deb nomlangan bo‘lib, u yangi avlod shahri sifatida tasvirlanmoqda.
Eron davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, mamlakat Oliy shaharsozlik va arxitektura kengashi ushbu shahar bosh rejasining texnik-iqtisodiy asoslari, joylashuv hududi hamda umumiy qurilish tamoyillarini tasdiqlagan.
Rejaga muvofiq, yangi shahar Abkuhi va Kalirak aholi punktlari yaqinida quriladi. U dengiz iqtisodiyoti, energiya ishlab chiqarish va sanoat infratuzilmasiga yo‘naltirilgan markazga aylanishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida shahar maydoni 3200–3500 gektarni tashkil etishi, aholisi esa bosqichma-bosqich 150 mingdan 175 ming nafargacha yetishi rejalashtirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, qurilish jarayonida ekologik muvozanatni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, xususiy sektorni jalb qilish hamda mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mutaxassislar bu loyihani Eronning Fors ko‘rfazi bo‘yidagi strategik urban rivojlanish rejalaridan biri sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!