date

Anri Husanov-Xaverts vaziyatini Garsiyaning chetlatilishi bilan taqqosladi

Anri Husanov-Xaverts vaziyatini Garsiyaning chetlatilishi bilan taqqosladi

Angliya va Ispaniya maydonlaridagi bahsli vaziyatlar yana futbol muxlislari orasida katta muhokamalarga sabab boʻlmoqda. «Arsenal» va «Barselona»ning sobiq hujumchisi Tyerri Anri Sky Sports orqali chiqish qilib, ikki oʻyindagi oʻxshash epizodlar turlicha baholanganiga eʼtibor qaratdi.

Frantsiyalik mutaxassis avvalo Madridda boʻlib oʻtgan «Atletiko» — «Barselona» bahsidagi holatni esladi. Uning fikricha, Erik Garsiyaga berilgan qizil kartochka haddan tashqari ogʻir jazo boʻlgan.

Anri shunday dedi: kecha Madriddagi oʻyinda minimal kontakt uchun «Barselona» himoyachisi chetlatilganini koʻrdim va bu qaror meni hayratda qoldirdi. Bu darajadagi jazo oʻsha epizod uchun juda qattiq boʻldi. Bunday qarorlar oʻyinning butun ssenariysini oʻzgartirib yuboradi.

Shundan soʻng u Angliyadagi «Manchester City» — «Arsenal» uchrashuvida Abduqodir Husanov ishtirok etgan epizodga toʻxtaldi. Anrining taʼkidlashicha, bu vaziyat deyarli oʻxshash boʻlsa-da, hakam hech qanday jazo qoʻllamagan.

U bu haqda quyidagicha fikr bildirdi: keyin «City» — «Arsenal» oʻyinida Husanov bilan boʻlgan holatni koʻrdim. Juda oʻxshash epizod, ammo bu yerda hech qanday qaror chiqarilmadi — na jarima, na kartochka. Oʻyin shunchaki davom etdi.

Anri bu holatdan soʻng savol qoʻydi: shunday vaziyatlarda biz nimaga qarab qaror chiqarayapmiz? Agar futbol qoidalarini tushunsak, nega turli maydonlarda bir xil epizodlar boshqacha baholanadi?

Uning fikricha, agar Madriddagi holat qoidabuzarlik deb topilgan boʻlsa, Angliyada ham xuddi shunday baholanishi kerak edi. Yoki aksincha — agar Husanov ishtirok etgan vaziyatda hech qanday qoidabuzarlik yoʻq deb topilgan boʻlsa, Ispaniyadagi epizod ham jazosiz qolishi lozim edi.

Anri buni oddiy qilib izohladi: bir xil qoidalarni turli oʻyinlarda, jamoa yoki holatga qarab boshqacha talqin qilish mumkin emas. Bu futbol mantigʻiga zid.

Frantsiyalik afsona Husanov epizodi haqida ham oʻz pozitsiyasini aniq bildirdi: men uchun bu vaziyatda qoidabuzarlik yoʻq. Futbol — kontaktli sport, kurash tabiiy holat. Bunday toʻqnashuvlar boʻlib turadi. Ammo aynan shu nuqtada «Barselona» nohaq jabr koʻrganini aytmoqchiman.

U yana qoʻshimcha qildi: agar bu yerda qizil kartochka berilmasa, u holda u yerda ham berilmasligi kerak edi. Qoidalar bir kechada oʻzgarib qolgani yoʻq, deb oʻylayman.

Anrining xulosasiga koʻra, «Barselona» «Atletiko»ga qarshi oʻyinda bunday qarorga loyiq emas edi va bunday xatolar, ayniqsa yuqori darajadagi bahslarda, juda katta ahamiyatga ega boʻladi.

Maʼlumot uchun, «Manchester City» ushbu turda «Arsenal»ni mag'lub etib, turnir jadvalidagi farqni 3 ochkoga yetkazdi. Agar Gvardiola shogirdlari zaxira uchrashuvida ham gʻalaba qozonsa, peshqadamga tenglashish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Anri Husanov-Xaverts vaziyatini Garsiyaning chetlatilishi bilan taqqosladi