Al-Ittihod murabbiyi Benzema atrofidagi gaplarga munosabat bildirdi

Karim Benzema payshanba kuni «Al-Ittihod»ning navbatdagi uchrashuvini o‘tkazib yubordi. Ayrim manbalarga ko‘ra, fransuz hujumchi klubning shartnomani uzaytirish bo‘yicha taklifidan norozi bo‘lib, undagi moliyaviy shartlar past deb hisoblagani uchun o‘ynashdan bosh tortgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
38 yoshli futbolchining yo‘qligi yuzasidan «Al-Ittihod» bosh murabbiyi Serjiu Konseysau fikr bildirdi. Mutaxassis bu mavzu bo‘yicha savollarni klub rahbariyatiga yo‘naltirish kerakligini aytdi.
«Benzema haqida klubdan so‘rang. Men bu yerda jamoani mashg‘ulotlarga tayyorlash, o‘yinlarga hozirlash va sovrinlar yutish uchunman. Qolgan masalalar mening vazifam doirasidan tashqarida. Shuni ayta olaman: Karim — zo‘r professional va fantastik futbolchi. Uni mashq qildirishdan faxrlanaman», — deya Konseysauning so‘zlarini ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Fabritsio Romano keltirdi.
Hozirda «Al-Ittihod» Saudiya Pro-ligasi turnir jadvalida 6-o‘rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!