Tramp Venesuela neftiga kirish ehtimolini tilga oldi

Dushanba kuni AQSHning yirik neft kompaniyalari aksiyalari ko‘tarildi. Bunga prezident Donald Trampning Venesuela neft zaxiralariga kirish imkoniyati yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi bayonotlari fon bo‘ldi, deb yozadi Reuters. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Trampning aytishicha, Venesuela rahbari qo‘lga olinganidan keyin AQSH mamlakatdagi neft obyektlari ustidan nazorat o‘rnatishi ehtimoli bor. U amerikalik kompaniyalar mablag‘ kiritib, infratuzilmani tiklashi va keyinchalik bundan daromad olishi mumkinligini ta’kidladi.
Venesuela dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega. Biroq so‘nggi yillarda noto‘g‘ri boshqaruv, investitsiyalar tanqisligi va sanksiyalar oqibatida qazib olish keskin kamaygan.
Premarket savdolarida Venesuelada faoliyat yuritayotgan yagona yirik AQSH kompaniyasi — Chevron aksiyalari 7% ga oshdi. Phillips 66, Marathon Petroleum, Valero Energy va PBF Energy qimmatli qog‘ozlari esa 5–16% oralig‘ida yuqoriladi.
Shu bilan birga, umumiy hisobda neft narxlari deyarli o‘zgarmadi: jahon bozorida taklif yuqoriligicha qolayotgani buni jilovlamoqda. Venesueladan yetkazib berish masalasida esa noaniqlik saqlanib turibdi.
Venesuela nefti og‘ir va oltingugurt miqdori yuqori bo‘lgani sababli dizel hamda boshqa og‘ir mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay hisoblanadi. Bunday xomashyo AQSHning Meksika qo‘ltig‘i hududidagi, aynan shu turdagi neftni qayta ishlashga moslashtirilgan zavodlarida nisbatan oson qayta ishlanadi.
Reuters qayd etishicha, ehtimoliy siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y bersa, bundan birinchi bo‘lib Chevron yutishi mumkin. AQSH neftni qayta ishlash korxonalari esa uyga yaqin manbadan ko‘proq og‘ir neft olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!