Tramp Venesuela AQSHga 30–50 mln barrel neft berishini ma’lum qildi

Venesueladagi o‘tish davridagi hokimiyat AQSHga 30–50 million barrel “yuqori sifatli, sanksiyalar ostidagi neft” yetkazib berishni rejalashtirayotgani aytilmoqda. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp 7 yanvar, chorshanba kuni Truth Social’da yozdi. E’tiborlisi, ushbu bayonot AQSH Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olish maqsadida o‘tkazgan harbiy operatsiyadan atigi bir necha kun o‘tib paydo bo‘ldi.
Tramp postida neft bozor narxida sotilishini, tushumlar esa “Venesuela xalqi hamda Qo‘shma Shtatlar manfaatiga xizmat qilishi” nazorat ostida bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSH energetika vaziri Kris Raytga “rejani darhol amalga oshirish” bo‘yicha topshiriq bergan. Rejaga binoan, Venesuela nefti kemalar-omborlar orqali olib ketilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSHdagi tushirish pirslariga yetkaziladi.
“Gap katta pullar haqida ketyapti”, deya qayd etadi dpa agentligi. Oxirgi oylarda Tramp ma’muriyati Karakasni Venesueladan AQSHga narkotrafikka ko‘maklashishda ayblab keldi va buni Qo‘shma Shtatlar hamda fuqarolarining milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rsatdi. Venesuela tomoni esa, aksincha, Vashingtonni mamlakatning tabiiy boyliklarini qo‘lga kiritish istagida ayblagani aytilmoqda.
Ma’lumki, Venesuela hududidagi neft zaxiralari dunyodagi eng yirik aniqlangan zaxiralardan biri hisoblanadi. 2005-yilgacha mamlakat AQSH uchun neft yetkazib beruvchilar orasida yetakchilardan bo‘lgan. Keyin esa manzara o‘zgardi: 2007-yilda o‘sha paytdagi rahbar Ugo Chaves sanoatni milliylashtirish yo‘liga o‘tib, jumladan, mamlakatda ishlayotgan Amerika kompaniyalariga tegishli mulklarni ham musodara qilgan.
3 yanvar kuni tungi payt Venesuelada amerikalik harbiylar ishtirokida o‘tkazilgan operatsiyadan keyin Tramp AQSH kompaniyalari “mamlakatga kelib, milliardlab dollar sarflaydi va vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklaydi”, degan mazmunda bayonot ham bergan edi.
Bu orada Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges 6 yanvar kuni televideniye orqali murojaat qilib, Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin Venesuela “tashqaridan boshqarilyapti” degan gaplarni rad etdi. U “mamlakatni Venesuela hukumati boshqaradi, xorijiy aktor yo‘q”, deya urg‘u berdi.
Rodriges shuningdek, AQSH harbiy operatsiyasi qurbonlari xotirasiga 7 kunlik motam e’lon qilinganini ma’lum qildi. Venesuela hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya vaqtida 24 nafar venesuelalik harbiy halok bo‘lgan. Ilgariroq Gavana ham Venesuelada xavfsizlik sohasida xizmat qilgan 32 nafar kubalikning o‘limi haqida xabar bergan edi.
Hozir esa asosiy savol bitta: neft bo‘yicha kelishuv haqiqatan ham “xalq manfaati”ga ishlaydimi yoki geosiyosiy tortishuvlarni yanada keskinlashtiradimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!