AQSH Grenlandiyani olish masalasini kun tartibiga chiqargani ma’lum bo‘ldi

Grenlandiya Daniyadan AQSh tomonidan sotib olinishi ehtimoli muhokama qilinmoqda. The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu boradagi rejalar haqida Kongress a’zolariga yopiq brifingda ma’lumot bergan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Bu xabar Donald Trampning Grenlandiyani AQSh tarkibiga qo‘shish haqidagi bayonotlari yana yangragan pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitning aytishicha, prezident va uning jamoasi ushbu “muhim tashqi siyosiy maqsad”ga erishishning turli yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda, zarurat tug‘ilsa, AQSh qurolli kuchlaridan foydalanish varianti ham istisno qilinmaydi.
Tramp birinchi prezidentlik davridayoq Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini tilga olgan edi. Hozir u bu hudud AQSh tarkibiga kirishi kerakligini qat’iyroq ta’kidlamoqda. Trampga yaqin senator Lindsi Grem esa ma’muriyatning Grenlandiya bo‘yicha harakatlari asosan muzokaralarga borib taqalishini bildirgan.
Shu bilan birga, so‘rovlar Grenlandiya aholisining aksariyati AQShga qo‘shilish g‘oyasiga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda. NATOdagi ayrim davlatlar esa ogohlantirish bermoqda: agar AQSh bu masalada kuch ishlatishga urinadigan bo‘lsa, bu Yevropa va Amerika o‘rtasidagi ko‘p yillik ittifoqqa jiddiy zarba berishi mumkin.
Tarixan AQSh Shimoliy Amerika va Karib havzasida turli hududlarni Fransiya, Rossiya va Daniyadan sotib olgan. Xususan, Kopengagen 1917 yilda Vashingtonga Virjin orollarini 25 million dollarga sotgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!