Tramp Grenlandiyani egallash uchun variantlar: bosim, kelishuv, hatto kuch

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt 7 yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Grenlandiya ustidan nazoratni kuchaytirish (yoki umuman o‘z ta’siriga olish) bo‘yicha turli variantlarni muhokama qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala «AQSH milliy xavfsizligi uchun ustuvor» hisoblanadi va Arktikadagi raqiblarni jilovlash nuqtayi nazaridan muhim. Eng ko‘p muhokama uyg‘otgan jihat — variantlar ichida harbiy kuchdan foydalanish ham “istisno qilinmagani”.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy “diapazon” kengligini yashirmayapti: Tramp va uning maslahatchilari orasida Grenlandiyani sotib olish yoki hudud bilan “erkin assotsiatsiya”ga o‘xshash formatda kelishuv tuzish ham muhokama qilinmoqda. Bunday kelishuv Grenlandiyani rasman AQSHga qo‘shib yubormaydi, ammo Vashingtonga strategik ishtirokni kuchaytirish imkonini berishi mumkin.
Shu bilan birga, bunday bahslar fonida Grenlandiya tomoni va Yevropa yetakchilarining pozitsiyasi keskin: orol “sotilmaydi” degan signallar avval ham aytilgan, endi esa bir qator davlatlar Grenlandiya “o‘z xalqiniki” ekanini ochiq ta’kidlamoqda. Tahlilchilar esa agar kuch ishlatish ssenariysi ro‘y bersa, bu NATO ichida katta silkinish va ittifoq uchun og‘ir inqirozga aylanishini qayd etadi.
Britaniyaning The Times nashri ham aynan shu holatni — real tasdiqlangan “reja”dan ko‘ra, Arktikaga geosiyosiy qiziqish o‘sib borayotganini ko‘rsatuvchi spekulyativ ssenariylar sifatida talqin qiladi. Eng keskin variant — bosqin: AQSH harbiy jihatdan bunday operatsiyani qila olishi mumkin, lekin masofa, qattiq iqlim, logistika va, eng muhimi, ittifoqchi hududi bilan bog‘liq siyosiy oqibatlar bu yo‘lni o‘ta xavfli qiladi.
Ikkinchi, nisbatan “yumshoqroq” ssenariy — iqtisodiy bosim va investitsiyalar orqali majburlash. Grenlandiyaning iqtisodiyotida Daniya subsidiyalari muhim o‘rin tutadi, shu bois Vashingtonning yirik sarmoyalari ayrim doiralar uchun jozibador ko‘rinishi mumkin. Biroq Kopenhagen bu mavzudagi har qanday “ta’sir o‘tkazish” urinishlariga juda hassos qaraydi.
Yana bir ehtimoliy variant — “erkin assotsiatsiya”ga o‘xshash format: rasman suverenitet saqlanadi, ammo AQSHning harbiy-strategik ishtirokini kengaytirishga yo‘l ochilishi mumkin. Reuters bu variant ichki muhokamalarda tilga olinayotganini yozdi.
Eng real ko‘rinayotgan yo‘l esa — status-kvoni buzmasdan, bazalar, investitsiyalar va strategik hamkorlikni bosqichma-bosqich kuchaytirish. Ya’ni “rasmiy xarita” o‘zgarmaydi, ammo ta’sir zonalari kengayadi. Arktikada bunday o‘yinlar oddiy: kim infratuzilmaga pul tikib, xavfsizlikni “qoplab” bersa, o‘sha tarafning so‘zi og‘irroq eshitiladi.
Nega Grenlandiya bu qadar muhokama markazida? Reuters va boshqa manbalar qayd etganidek, orol Arktikada strategik joylashuvga ega, AQSHning u yerda harbiy ishtiroki allaqachon mavjud, shuningdek, yuqori texnologiya va mudofaa sanoati uchun muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan mineral zaxiralari haqida ham gaplar ko‘p. Muzliklar erishi bilan resurslar va dengiz yo‘llari masalasi yanada “isib” boradi — geosiyosatda ham, haqiqiy ma’noda ham.
Xulosa oddiy: Vashington “variantlar” deganda, faqat bir yo‘lni emas, bosimdan tortib kelishuvgacha bo‘lgan keng spektrni ko‘zda tutyapti. Ammo har bir qattiq bayonot Arktikadagi o‘yinni tezlatadi — va bu o‘yinda ertaga kimning qo‘li kuchli bo‘lishi, bugungi diplomatiya qanchalik oqilona yuritilishiga bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!