Jiddada Barselona shousi Atletik Bilbao yirik hisobda taslim bo‘ldi

Ispaniya Superkubogi yarim finalida “Barselona” “Atletik” Bilbaoni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Kataloniyaliklar uchrashuv taqdirini tanaffusgacha amalda hal qilib qo‘ydi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
O‘yin boshida “Barselona” yuqori pressingni yo‘lga qo‘yib, hujumlarni tezlashtirdi. Hisobni o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pdan keyin Ferran Torres ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Fermin Lopes uzoq burchakka aniq zarba yo‘llab, farqni ikkitaga yetkazdi.
Shundan keyin Bilbao jamoasi himoyadagi ixchamlikni yo‘qotib, bosim ostida tez-tez xatoga yo‘l qo‘ya boshladi. Uchinchi gol epizodida darvozabon Unai Simon ham muvaffaqiyatsiz harakat qildi va vaziyatdan Runi Bardji foydalanib, o‘ng tomondan aniq zarba bilan gol urdi.
Keyin Rafinya kuchli zarba bilan to‘pni to‘sin ostiga joylab, hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi. Tanaffusga qadar intriga deyarli qolmadi.
Ikkinchi bo‘limda “Barselona” tempni biroz pasaytirgan bo‘lsa-da, to‘p nazoratini saqlab qoldi. “Atletik” bir necha imkoniyatlar yaratdi, biroq yakunlovchi zarbalarda aniqlik yetishmadi. Yakunda Rafinya yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, dubl qayd etdi va hisob 5:0 bo‘ldi. Shundan so‘ng kataloniyaliklar murabbiylar shtabi qator almashtirishlarni amalga oshirdi, uchrashuv esa yirik g‘alaba bilan yakunlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!