Isroil va Falastin bayrogʻi tushirilgan kipa kiygan yozuvchi hibsga olindi

Isroil va Falastin bayrogʻi tushirilgan kipa kiygan yozuvchi hibsga olindi
Qisqacha

Isroilda Isroil va Falastin bayroqlari tasvirlangan kipa kiygan yozuvchi va universitet o‘qituvchisi Aleks Sinkler politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Huquq-tartibot idoralari jamoat joyida kelib chiqqan janjal sababli uning bosh kiyimini musodara qilgan va o‘zini bo‘limga olib ketgan. Sinkler politsiya xodimlari uning kipasidagi Falastin bayrog‘ini kesib tashlaganini da’vo qilib, ushbu noqonuniy harakatlar yuzasidan rasmiy shikoyat berdi. O‘zini ham sionist, ham inson huquqlari himoyachisi deb biluvchi yozuvchi kelgusida ham har ikki bayroq tushirilgan bosh kiyimni kiyishda davom etishini ma’lum qildi.

Isroilda gʻalati va bahsli voqea yuz berdi. 20 aprel kuni Tel-Aviv yaqinida ustiga Isroil va Falastin bayroqlari tushirilgan kipa kiygan erkak politsiya tomonidan qoʻlga olindi. Bu haqda CNN xabar tarqatdi.

Maʼlum boʻlishicha, 53 yoshli yozuvchi va Quddus yahudiy universiteti oʻqituvchisi Aleks Sinkler oʻzining tugʻilib oʻsgan shahri — Modiindagi qahvaxonalardan birida ishlab oʻtirgan. Shu vaqtda uning oldiga kelgan bir dindor kishi kipasi “qonunga zid” ekanini aytib, janjal chiqargan va politsiya chaqirgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan huquq-tartibot xodimlari Sinklerga bosh kiyimini musodara qilishlarini bildirgan va uni politsiya boʻlimiga olib ketgan. Yozuvchining taʼkidlashicha, u yerda tintuv qilingan, qisqa vaqtga kameraga joylashtirilgan va bir qator cheklovlarga duch kelgan.

Isroil va Falastin bayrogʻi tushirilgan kipa kiygan yozuvchi hibsga olindi

Sinkler ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, dastlab politsiya uning kipasini qaytarib berishni istamagan. Keyinchalik esa uning bir qismi qaytarilgan, ammo bosh kiyimdagi Falastin bayrogʻi kesib tashlangan. Uning fikricha, bu harakatni politsiya xodimasi amalga oshirgan.

Amaldagi qonunlarga koʻra, Isroilda Falastin bayrogʻini omma oldida namoyish etish toʻliq taqiqlanmagan. Biroq rasmiylar bu holat jamoat tartibiga tahdid solishi mumkin deb hisoblasa, cheklov qoʻyishi mumkin. 2023 yilda milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir politsiyaga Falastin bayroqlarini olib tashlash boʻyicha koʻrsatma bergani ham maʼlum.

Politsiya Sinklerning ushlanganini tasdiqlagan boʻlsa-da, kipaning kesilgani haqidagi daʼvolarga rasmiy izoh bermadi.

Aleks Sinkler esa oʻz qarashlarini ochiq bayon qildi:
“Men oʻzimni ham sionist, ham inson huquqlari himoyachisi deb bilaman. Falastinliklar ham oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga ega”, — dedi u.

Yozuvchi bu voqeani keskin tanqid qilib, politsiya harakatlarini qattiq qoraladi. U allaqachon rasmiy shikoyat bergan va tovon puli talab qilmoqda. Shu bilan birga, u kelgusida ham ikki bayroq tushirilgan kipa kiyishda davom etishini maʼlum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar