Yerning ichki yadrosida o‘zgarishlar aniqlandi — tadqiqot

Yerning ichki yadrosida o‘zgarishlar aniqlandi — tadqiqot

Olimlar Yerning tashqi yadrosidagi suyuq temir oqimlarida g‘ayrioddiy o‘zgarishni aniqladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Tinch okeani ostidagi ayrim oqimlar kutilmaganda o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, umumiy g‘arbiy harakatga qarshi ravishda sharqqa tomon oqa boshlagan.

“Journal of Studies of Earth” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, tashqi yadro sayyoramizning magnit maydonini shakllantiruvchi suyuq temir qatlamidan iborat. Aynan ushbu magnit maydoni Yerni kosmik radiatsiyadan muhofaza qiladi va atmosferani saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mutaxassislar 2010 yil atrofida Tinch okeani ostidagi oqimlarda g‘ayrioddiy o‘zgarishlar kuzatilganini qayd etmoqda. 2012 yildan keyin mazkur hududda kuchli sharqiy oqim shakllangan va uning faolligi 2020 yilgacha ortib borgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, bu hodisa mahalliy girdob emas, balki tashqi yadro yuzasining qariyb 5 foizini qamrab olgan yirik jarayondir. Uning kelib chiqish sabablari hozircha aniqlanmagan.

Tadqiqotchilar shu davrda Yerning ichki qatlamlarida boshqa noodatiy o‘zgarishlar ham qayd etilganini bildirmoqda. Jumladan, sutka davomiyligidagi davriy o‘zgarishlar va ichki yadro harakatida ham ayrim siljishlar kuzatilgan.

Mutaxassislar bu jarayonlar insonlar uchun bevosita xavf tug‘dirmasligini ta’kidlamoqda. Biroq Yer yadrosidagi dinamik o‘zgarishlarni o‘rganish magnit maydoni va kosmik ob-havodagi o‘zgarishlarni bashorat qilishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar