BMT ogohlantirdi: Markaziy Osiyoda kuchli yomg‘irlar kutilmoqda

BMTning meteorologiya bo‘yicha agentligi yaqin oylarda dunyo miqyosida ob-havo keskin o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Mutaxassislar fikricha, kuchayib borayotgan El-Nino hodisasi bir qator mintaqalarda haroratning oshishi, kuchli yog‘ingarchiliklar va qurg‘oqchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Markaziy Osiyo ham ushbu jarayonlar ta’siridan chetda qolmaydi.
Ma’lum qilinishicha, El-Nino Tinch okeanidagi doimiy shamollar kuchsizlanishi natijasida shakllanadi. Bu esa okeanning markaziy va sharqiy qismlarida issiq suv qatlamlarining to‘planishiga olib keladi. Natijada atmosferada namlik va havo oqimlari o‘zgarib, sayyoraning turli nuqtalarida ob-havo muvozanati izdan chiqadi.
Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, okean suvlarining isishi allaqachon El-Ninoning faollashishiga turtki bermoqda. Tashkilot prognozlariga qaraganda, iyun-avgust oylarida ko‘plab hududlarda havo harorati me’yoriy ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘ladi. Tabiiy hodisa yil oxirigacha saqlanib qolishi ehtimol qilinmoqda.
JMT bosh kotibi Seleste Sauloning ta’kidlashicha, mamlakatlar ehtimoliy xavflarga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi lozim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, El-Nino qurg‘oqchiliklar va kuchli yog‘ingarchiliklarni yanada kuchaytirishi, shuningdek, quruqlik va okeanlarda anomal issiqlik to‘lqinlari xavfini oshirishi mumkin.
Mutaxassislar Markaziy Osiyo, AQSHning janubiy hududlari, Janubiy Amerikaning ayrim qismlari hamda Afrika burnida yog‘ingarchiliklar ko‘payishini kutmoqda. Shu bilan birga, Avstraliya, Indoneziya, Markaziy Amerika va Janubiy Osiyoning ba’zi hududlarida qurg‘oqchilik xavfi kuchayishi mumkin.
Qayd etilishicha, 2024 yilda kuzatilgan El-Nino yer yuzida rekord darajadagi issiqlik kuzatilishiga ta’sir qilgan asosiy omillardan biri bo‘lgan. Ayni paytda Tinch okeanining ekvatorial qismida suv haroratining tez sur’atlarda oshib borayotgani qayd etilmoqda. Ba’zi hududlarda bu ko‘rsatkich me’yordan 6 darajagacha yuqori ekani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!