Bitwise: Davlat qarzi inqirozi fonida Bitcoin narxi 224 000 dollarga yetishi mumkin

Bitwise aktivlarni boshqarish kompaniyasining yangi hisobotiga koʻra, agar investorlarning davlat qarzi bilan bogʻliq xavotirlari kuchaysa, Bitcoin (BTC) narxi sezilarli darajada oʻsishi mumkin. Global obligatsiya bozorlaridagi bosim va hukumat qarzlarining ortib borishi Bitcoinʻning makroiqtisodiy xatarlardan himoyalanish vositasi sifatidagi rolini mustahkamlamoqda. Tahliliy modellardan biriga koʻra, aktivning nazariy "adolatli qiymati" 224 000 dollarni tashkil etishi mumkin. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hisob-kitoblariga koʻra, 2026-yilda hukumatlar va kompaniyalar taxminan 29 trillion USD miqdorida qarz olishiga toʻgʻri keladi. Bu 2024-yilga nisbatan 17 foizga koʻp boʻlib, oʻn yil oldingi koʻrsatkichdan deyarli ikki baravar yuqoridir. Shunisi eʼtiborliki, OECD davlatlari qarzlarining qariyb 78 foizi faqat mavjud qarzlarni qayta moliyalashtirish (refinanslash) uchun yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Yaponiya bozori hozirda asosiy diqqat markazida boʻlib turibdi. Mamlakatning 10 yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi 2,78 foizga koʻtarildi, davlat qarzi esa YaIMning 230 foiziga yetgan. AQSHda ham 30 yillik gʻaznachilik obligatsiyalari daromadliligi 2007-yildan beri eng yuqori koʻrsatkich — 5,11 foizni qayd etdi. Bunday sharoitda suveren risk mukofotlari 2011-2012 yillardagi Yevropa qarz inqirozi davridan buyon eng yuqori darajaga koʻtarilgan.
Bitwise tahlilchilari investor Greg Foss tomonidan ishlab chiqilgan modelga tayanib, Bitcoin davlat defolti xavfidan himoyalanish vositasi sifatida kengroq qabul qilinsa, uning narxi 224 000 dollargacha chiqishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Biroq, bu koʻrsatkich aniq narx prognozi emas, balki nazariy baholashdir. Qisqa muddatli istiqbolda esa yuqori real foiz stavkalari va qatʼiy moliyaviy sharoitlar sababli Bitcoin narxi maʼlum bir diapazonda qolishi kutilmoqda.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Bitcoin real foiz stavkalari pasaygan davrda yaxshi natijalar koʻrsatadi. Fed stavkasi inflyatsiyadan past boʻlgan sharoitda naqd pul va obligatsiyalar jozibadorligini yoʻqotadi, bu esa investorlarni kripto aktivlarga koʻproq sarmoya kiritishga undaydi. Agar markaziy banklar moliya bozorlarini barqarorlashtirish uchun likvidlik kiritishga majbur boʻlsa, bu Bitcoin uchun kuchli katalizator boʻlishi mumkin.


























Izohlar 0
…