O‘yin!
O‘yin deganda ko‘z oldimizga kishilar o‘ynaydigan qandaydir bir ermak gavdalanadi. Masalan, sport o‘yinlari, qarta o‘yini, qimor, bolalar o‘yini va hokazo. Biror o‘yin o‘ynaladigan bo‘lsa, unga albatta qandaydir sovrin tikiladi. U pul, qimmatbaho buyum bo‘lishi mumkin. Bugungi maqolamizda biz sizlarga shunday bir o‘yin haqida ma’lumot bermoqchimizki, unga butun boshli millatlar, xalqlar taqdiri tikilgan. Uning nomi «Katta o‘yin»!
XIX asrning boshida Markaziy Osiyoda boshlangan bu o‘yin bugun Yaqin Sharq mintaqasida davom etmoqda. Shu davr mobaynida o‘yinchilar o‘zgargan bo‘lsa-da, o‘yindan ko‘zlangan maqsad o‘zgarmagan.
Xo‘sh, bu qanday boshlangan edi, qay yo‘sinda davom etdi, kimlar yutdi-yu, kimlar yutqazdi? Bu savollarda quyida javob topishga harakat qilamiz.
Avvalo, «Katta o‘yin» o‘zi nima, uni kimlar o‘ynagan, qachon o‘ynagan degan savollarga aniqlik kiritib olaylik. «Katta o‘yin» («The Great Game») deb XIX asrda Rossiya imperiyasi hamda Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kolonial urushlardagi raqobatga aytiladi. Bu birikma dastlab 1857 yilda Hindistondagi Britaniya armiyasi ofitserlaridan biri Jon Uilyam Kayning «Afg‘onistondagi urush tarixi» («History of War in Afghanistan») asarida uchraydi. Keyinchalik bu birikma Redyard Kiplingning 1901 yilda chop etilgan «Kim» romani orqali mashhur bo‘lib ketdi.
Rossiya podshohi Pyotr I 1717 yili o‘zining azaliy orzusi bo‘lmish Hind okeani qirg‘oqlariga chiqish uchun ilk qadamini tashlaydi. Bu yo‘lda uning oldidagi to‘siqlar esa Markaziy Osiyo xonliklari, Afg‘oniston va Eron edi. Aynan 1717 yilda Pyotr I Xiva xonligiga ilk ekspeditsiyani yuboradi. Kuchli qurollangan ushbu ekspeditsiyaga knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchilik qiladi. Qo‘shin ulkan sahrodan juda katta qiyinchilik bilan o‘tadi, ko‘pchilik suvsizlikdan qirilib ketadi. Ammo shunga qaramay Bekovich-Cherkasskiy Xivaga yetib keladi. Xiva xoni u va sheriklarini iliq kutib oladi, ammo shaharga kiritmaydi va shahar kiraverishidagi xonadonlarga joylaydi. Bu xonning hiylasi edi. Tunda ekspeditsiya a’zolari qirib tashlanadi. Bor-yo‘g‘i bir necha qirq kishigina qochib qutuladi. Shunday qilib Xiva o‘z mustaqilligini yana bir yarim asrga saqlab qoladi va ruslarning Markaziy Osiyoga bo‘lgan ilk bosqinchilik siyosati muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.
Markaziy Osiyodagi urinishlar besamar ketgach, ruslar endi boshqa yo‘nalishda harakat qila boshlaydilar. Bular Qora dengiz bo‘ylari va Kavkaz yerlari edi. Bu hududlarda ularning asosiy raqiblari Usmonli imperiyasi hamda Fors podshohligi edi. Turli yillarda olib borilgan urushlar natijasida (masalan, 1774 yilgi Kichik Kaynarja, 1794 yilgi Yassi, 1812 yilgi Buxarest, 1829 yilgi Adrianopol va 1832 yilgi Konstantinopol (Istanbul) bitimlari; 1804 — 1813-yillardagi Eron-Rossiya urushlari) ruslarning qo‘li baland keldi. Shu bilan bir paytda ruslar Sibir orqali Tinch okeani hamda Markaziy Osiyo tomon ilgarilay boshladilar. Ushbu g‘alabalar, Bolqondagi nasroniy xalqlarning Usmonli imperiyasi «zulmi»dan ozod etilishi, ruslarning Qora dengiz orqali O‘rta dengizga qarab yaqinlashishi, shubhasiz, o‘sha paytda dunyoning eng kuchli dengiz flotiga ega va Usmonli imperiyasining ittifoqchisi bo‘lgan Britaniya imperiyasi uchun tahdid edi.
Bu paytga kelib Hindistonda imperiya o‘rnatgan (1858-1947) britaniyaliklar mintaqadagi manfaatlarini o‘z hududlarini kengaytirishga va Hind okeaniga qarab intilayotgan ruslardan himoya qilishga bel bog‘ladilar. Shunday qilib dunyoga yakka hukmronlik qilish uchun «o‘yin» boshlandi. Bu «o‘yin» 1813 yildan, ya’ni butun dunyoni titratgan Napoleon tahdidi deyarli barham topgan paytdan boshlanib 1907 yilgacha, ya’ni Uchlar ittifoqi(Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya)ga qarshi Antanta ittifoqi (Angliya, Fransiya va Rossiya imperiyasi) tuzilgunga qadar davom etdi. Yillar davomida ikki davlat chegaralari Pomirga qadar yaqinlashib keldi. Ruslar Markaziy Osiyoga yurish qilayotgan vaqtda inglizlar Hindistonning shimolidagi yerlarga qarab kela boshlashdi va natijada ikki davlat o‘z chegaralarini aniqlashtirib olishga majbur bo‘ldi. Afg‘onistonda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Britaniya imperiyasi o‘z da’vosidan voz kechdi va 1879 yilda Afg‘oniston hududida mustaqil, demilitarizatsiyalashgan, bufer davlat tashkil etildi. Bu «o‘yin»dagi qiziq jihat shundaki, ikkala davlat ham shu davr mobaynida biror marta yuzma-yuz to‘qnash kelmagan. Faqatgina Qirim urushidan tashqari. Aslida «Katta o‘yin» shu bilan barham topishi kerakday tuyuladi. Ammo insoniyat tarixidagi eng xavfli «o‘yin»lar hali oldinda edi.
Kengroq ma’noda oladigan bo‘lsak, ushbu «o‘yin» butun dunyoni qamrab oldi. Xitoyning vaqtinchalik kuchsizlanishi va ichki muammolar girdobiga tushib qolganidan G‘arb foydalanmoqchi bo‘ldi va bundagi eng katta yutuq Tibetning mustaqillikka erishishi bo‘ldi. Tibet 1904 yilda Britaniya tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olindi va yarim asrgina umr kechirdi. Keyinchalik Xitoy katta kuch bilan Tibetni qaytadan bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu paytda Uzoq Sharqda yana bir kuch yuzaga kela boshladi. Bu Yaponiya edi. 1905 yilgi rus-yapon urushida Britaniya Yaponiyani qo‘lladi va Rossiya mag‘lub bo‘ldi. Bu Rossiya imperiyasining kuni bitayotganidan darak edi. 1914 yilda dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun boshlangan va ko‘pchilik insonlarning umriga zomin bo‘lgan Birinchi jahon urushida ham ruslar bardosh bera olmadi. Natijada 1917 yil fevral oyida Rossiyada inqilob yuz berib, imperiya tugatildi. Boshqaruv Muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi va u urushda qatnashishni davom ettirdi. Bu urushda eng og‘ir yuk Rossiya tomonidan bosib olingan xalqlar ustiga tushdi. Jumladan, 1916 yilda podshohning mardikorlikka olish to‘g‘risidagi farmoni Turkistonda keng ko‘lamli qo‘zg‘olonlarni keltirib chiqardi. Biroq armiya qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlik bilan bostirdi. 8 oy boshqaruvda bo‘lgan Muvaqqat hukumat shu yilning oktyabr oyida bolsheviklar uyushtirgan davlat to‘ntarishi natijasida tugatildi. Hukumat bolsheviklar qo‘liga o‘tdi. Germaniya sharqiy frontda tinchlikka erishish maqsadida to‘ntarish rahnamosi bo‘lgan Leninni qo‘llab-quvvatladi va 1918 yilda imzolangan Brest sulhiga muvofiq Rossiya urushdan chiqdi.
Birinchi jahon urushi 1918 yili Antanta g‘alabasi bilan yakunlandi. Mag‘lubiyatga uchragan davlatlar hududlari bo‘lib olindi. 1920 yil 10 avgust kuni Sevr shartnomasi imzolandi, unga muvofiq 1299 yildan buyon Yaqin sharqda hukmronlik qilgan ulkan Usmonli imperiyasi parchalanib ketdi. Egey dengizi bo‘ylari Gretsiyaga, arablar yerlari esa Fransiya hamda Britaniya nazoratiga o‘tdi. 1920 — 1923-yillarda boy berilgan hududlarni qaytarib olish uchun Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida olib borilgan urush natijasida 1923 yil 24 iyulda Lozanna shartnomasi imzolandi va bu Sevr shartnomasini bekor qildi. Shartnomaga muvofiq butun Anatoliya va Sharqiy Frakiya Turkiyaga qaytarildi, Turkiyada qolayotgan 1,6 million grek Gretsiyada yashayotgan 385 ming musulmon turklarga almashtirildi, Istanbuldan tashqari hududlarda yashayotgan armanlar chiqazib yuborildi. 1923 yil 29 oktyabr kuni Turkiya respublika deb e’lon qilindi. Antanta tomonida turib urushgan Turkiya g‘oliblar ichida mag‘lub davlat sifatida urushni yakunladi.
Mag‘lubiyatga uchragan Germaniya imperiyasi ham o‘z hududlaridan ayrildi. Jumladan Fransiya-Prussiya urushi davrida qo‘lga kiritgan Elzas va Lotaringiya Fransiyaga qaytarib berildi. Avstriya-Vengriya imperiyasi esa Avstriya va Vengriya davlatlariga bo‘linib ketdi. Aynan mana shu urush davomida dunyoga hukmronlikni da’vo qiladigan yana bir kuch yetishib chiqa boshladi. Urush boshida betaraf qolib, keyinchalik g‘alaba qozonayotgan tomonni qo‘llab-quvvatlagan bu davlat urushdagi eng katta g‘alabani qo‘lga kiritdi. Qurol-yarog‘ savdosidan ulkan daromad ko‘rgan bu davlat keyinchalik Germaniyaning tiklanishi va fashistlarning hokimiyat tepasiga kelishiga zamin hozirladi. XX asrning o‘zidayoq dunyoning eng kuchli davlatiga aylandi. Gap aynan siz bilgan Amerika Qo‘shma Shtatlari haqida ketmoqda. Ma’lumki, futbol o‘yinida charchagan o‘yinchilar kuchga to‘la, baquvvat o‘yinchilar bilan almashtiriladi. AQSh «o‘yin»ga mana shunday o‘yinchi sifatida kirib keldi va «o‘yin»ni kuchaytirib yubordi. 1929 — 1932-yillardagi inqirozdan bir amallab chiqib olgan amerikaliklar Yevropada o‘yinga qizg‘in tus berishga qodir bo‘lgan yangi kuchlarni tayyorlay boshlashdi. Bu Hitler boshchiligidagi fashistlar Germaniyasi edi. Bundan buyog‘iga «o‘yin» qizigandan qizidi. 1939 yildan boshlangan Ikkinchi jahon urushida Germaniya birin-ketin g‘alabalarga erisha boshladi va Yevropani deyarli egallab oldi. Endi hitlerchilarning e’tibori Sharqiy Yevropada kuchayib borayotgan yangi kuchga qaratildi. Bu Sovet ittifoqi edi. 1941 yilning 22 iyun kuni «Barbarossa» rejasi asosida Sovet ittifoqiga urush ochildi. Urushning dastlabki bosqichida qizil armiyaning urushga mutlaqo tayyor emasligi sezilib qoldi va fashistlar Moskvagacha yetib kelishdi. Sovet ittifoqida bu urushga Ulug‘ vatan urushi deya nom berildi va hamma urushga jalb etildi. Bu safar ham ruslarga ittifoqchi rolini Fransiya va Buyuk Britaniya o‘ynadi. Aslida o‘sha paytda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan Uinston Cherchill kommunizmning ashaddiy dushmani edi, ammo fashizm kommunizmdan ko‘ra xavfliroq bo‘lib chiqdi va bu narsa uni kommunistlar bilan birlashishga majbur etdi. Sovet ittifoqining ishtiroki urushning yakuniga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. 1941 yil 7 dekabr kuni AQShning Havayi orollaridagi harbiy bazasi Perl-Xarbor Germaniyaning ittifoqchisi bo‘lgan Yaponiya tomonidan bombardimon qilindi va AQSh ham bu urushga qo‘shildi. Uzoq Sharqda ham front ochildi. 1945 yilgacha davom etgan urush bu safar ham Germaniya va ittifoqchilarining mag‘lubiyati bilan tugadi. Urushda 50 milliondan ortiq odam halok bo‘ldi, millionlab kishilar nogiron bo‘lib qoldi, qanchadan-qancha shaharlar vayronaga aylandi. Bu safar ham AQSh urushdan boyigan holda chiqdi. Dunyo oltin zaxirasining yarmini o‘ziniki qilib olgan AQSh yakka hukmronga aylangandi go‘yo. Go‘yo hammasi tugagandek, boshqa o‘yin bo‘lmaydigandek edi. Ammo bu bilan ham bu «o‘yin» nihoyasiga yetmadi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo endi «sovuq urush»ga yuz tutdi!
Bu xuddi XIX asr o‘rtasidagi Rossiya-Britaniya qarama-qarshiligiga o‘xshab ketardi. Yaqindagina fashizmga qarshi birlashgan SSSR va AQSh boshchiligidagi G‘arb yana dushmanga aylandi. SSSR va uning ittifoqchilari hamda G‘arbdagi liberallar o‘rtasida harbiy inshootlar qurish, yangi qurollar ixtiro qilish, yadroviy kallaklar yaratish bo‘yicha raqobat qizg‘in davom etdi. Bunda ikki taraf o‘zaro to‘qnashmagan bo‘lsa-da, boshqa hududlarda urush olib borib o‘z kuchlarini ko‘z-ko‘z qilishar edi. Masalan, Vetnam, Afg‘onistondagi urushlar shular jumlasidandir. Bu urush 1991 yilda SSSR tarqalib ketguncha davom etdi. SSSR hududida 15 ta mustaqil davlat tashkil topdi. Ularning ayrimlarida grajdanlar urushi (Tojikiston), etnik nizolar (Tog‘li Qorabog‘, Qirg‘iziston) avj oldi. Shunday pallalarda «o‘yin» qaytadan jonlanib ketdi. Tarqalib ketgan Sovet ittifoqi o‘rnida mustaqil davlatlardan tashkil topgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi tashkiloti tuzildi. Yugoslaviya 1991 — 2001-yillardagi urushlar natijasida bir nechta mustaqil davlatga bo‘linib ketdi. 2006 yilgi gurji-rus inqirozi, 2008 yildagi Osetiya urushi, Qirim inqirozi, Ukrainadagi voqealar yangi davrdagi «o‘yin»ning natijalaridir. 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi xalqaro savdo uyida uyushtirilgan terroristik harakatlar yangi qarama-qarshiliklarning debochasi bo‘ldi. Ushbu voqealardan bir necha kun o‘tiboq o‘sha paytdagi AQSh prezidenti kichik Jorj Bush Afg‘onistonda harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Bunga sabab esa Nyu-York teraktiga aloqadorlikda gumon qilingan «al-Qoida» guruhining Afg‘onistonda qo‘nim topgani edi. Bir paytlar afg‘on urushida toliblarni qo‘llab-quvvatlagan AQShga oradan shuncha vaqt o‘tgandan keyin Afg‘onistonga kirish uchun bir bahona kerak edi xolos. Qadim zamonda Troyani bosib olish uchun ukasining xotinini qurbonlik qilgan Minelayga o‘xshab, Bush hukumati Afg‘oniston uchun egizak binolarini qurbon qilishiga to‘g‘ri keldi. Endi dunyo terrorizm bilan kurash ostonasida turardi. Bunda Rossiya va AQSh birlashishi mumkin edi, ammo 2003 yili Bushning buyrug‘i bilan AQSh harbiylari Iroqqa bostirib kirdi. Bu esa Rossiyani tashvishga sola boshladi va xalqaro maydonda Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirgan Shanxay hamkorlik tashkiloti yuzaga keldi. Bu tashkilot harbiy maqsadlarni ko‘zda tutmasa-da, «o‘yin»da Rossiyaga ittifoqchilar taqdim etardi. Shundan so‘ng bu «o‘yin»ning qaynoq nuqtasi Yaqin Sharq bo‘lib qoldi. 2011 yilda boshlangan «Arab bahori» natijasida bir nechta mamlakatda uzoq yillardan buyon davlatni boshqarib kelayotgan prezidentlar olib tashlandi (Misrda Husni Muborak, Liviyada Muammar Qazzofiy). Dastlab Shimoliy Afrikada boshlagan bu «bahor» keyinchalik Yaqin sharqqa ko‘chdi va Suriyada hali ham davom etmoqda. Bu urushda qanchadan-qancha begunoh insonlar halok bo‘lmoqda, millionlab insonlar boshpanasidan, vatanidan ayrilib, begona yurtlarda sarson bo‘lishmoqda.
Jahon ayvonida kechayotgan bu jarayonlar bizni yanada hushyor bo‘lishga undaydi.
Jahongir Ostonov
Manba: xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi