“Aksariyat odamlar omad haqida orzu qilishadi. Men esa, omadga faqatgina qaytarilayotgan omadsizlik va o‘z xatolarini taftish etish orqaligina erishish mumkin, deb hisoblayman. Omad bu ishingizning 1 foizi, qolgan 99 foizi esa, omadsizliklaringizdir!” - degandi Soichiro Xonda 1974 yili Michiganda faxriy doktorlik unvonini olganida so‘zlagan nutqida.
Soichiro Xonda 1906 yili nochor oilaning to‘ng‘ich farzandi sifatida dunyoga kelgan. Uning besh nafar uka-singillari ochlikdan vafot etishgan. Otasi velosiped ta’mirlovchi usta bo‘lib, oilasini arang tebratgan. O‘rta maktabni tugatgan yigitcha o‘n besh yoshida Tokioga avtomexanik bo‘lib ishlashga ketadi. Keyinchalik o‘qimagan ishchi kichkina qishloqchada o‘z biznesini ochishga harakat qiladi. Hamma pullarini yig‘ib, xotinining taqinchoqlarini sotib, Xonda “Toyota” avtomobillari uchun porshenli tasmalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Shu bilan bir qatorda u ixtirolar qilishga ham harakat qiladi. Hamqishloqlari esa, o‘qimagan yigit qanday qilib o‘z ishini ochganiga tushunolmay qolishadi.
Avvaliga ish omadli kechmaydi. Odamlar uning ustidan kulishadi. Aynan shu payt mo‘jiza yuz beradi. Soichiro biron bir kuch ishlatmagan holda yuradigan velosiped ixtiro qiladi. Xotinining velosipediga jajji motor o‘rnatib, ilk mopedni yaratadi, bak o‘rniga ichiga yog‘ to‘ldirilgan rezina grelka ishlatiladi. Motorli velosiped nafaqat harbiylar, balki oddiy xalq orasida ham ommalashib, savdo yurishib ketadi. Aynan omadsizlikdan buyuk “Xonda” saltanati yuzaga kelib, bugungi kunda u avtomobillar, mototsikllar hamda maishiy texnika ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonaga aylandi. Xonda o‘z texnik kashfiyotlari ustida ish olib boradi, lekin uzoq vaqt davomida bundan biron natija chiqmaydi. Shundan so‘ng u aviatsiya motori qo‘yilgan mashina yasashga kirishadi. Albatta, u ixtirosini amalda sinab ko‘rishni juda istardi.
Bu voqea 1936 yilda yuz beradi. Xonda shaxsan o‘zi poygada ishtirok etadi. U birinchi bo‘lib marraga yetib kelayotganida yo‘lini boshqa bir mashina to‘sadi. To‘qnashuv oqibatida Xondaning avtomobili osmonga chiqib, uch martta to‘ntariladi. Xonda jiddiy jarohat olib, badanida bir umrlik chandiqlar qoladi. Lekin o‘shanda mutlaq rekord o‘rtaniladi: Xondaning mashinasi tezlikni soatiga 120 kilometrga oshirishga muvaffaq bo‘lgandi. 1948 yilda Soichiro Xonda “XONDA MOTOR KO LTD” brendini ro‘yxatdan o‘tkazadi. Elliginchi yillar boshiga kelib Yaponiya bo‘ylab olti mingga yaqin filiallar ochiladi. U ko‘proq qobiliyatli yoshlarga ishongan, talantli bolalarga yordam bergan, ularni ishga jalb etgan.
U tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan inson bo‘lgan. Xonda mahsulotlari erkaklar va ayollarga mo‘ljallangan, shuningdek ilgari hech kim inobatga olmagan o‘rta sinf vakillari ham inobatga olinadi. Xondaning kuchi texnik yuksaklik, chiroyli dizayn hamda bozor talabini his etishda bo‘lgan. Unda na muhandislik tayyorgarligi, na tajriba bo‘lgan. Axir, u 8 sinfni tugallagan, xolos. Marketing, moliya, distribyuterlik haqida esa tasavvurga ham ega bo‘lmagan. Agrar Yaponiyada voyaga yetgan yigitcha katta biznes hamda xalqaro savdo haqida hech nima bilmagan. Shunga qaramay u g‘alaba qozonadi, uni yaponlarning o‘zi “Janob Momaqaldiroq” deb atashgan. U o‘z bozoriga ega nemislarni, dunyo bozorining katta qismini egallagan amerikaliklarni hayratda qoldirolgan. Xonda murakkab muammolarni oddiy yo‘llar bilan hal qilgan. Bu jihat dunyodagi boshqa innovatlorlarga ham xosdir. Yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan, texnikadagi o‘ziga xos sir-asrorlarni bilmagan Xonda xuddi Edison kabi “sinov va xatolar” yo‘lidan boradi.
Saksoninchi yillarga kelib, u Yaponiyadagi mashina ishlab chiqaruvchi 3 ta yirik ishlab chiqaruvchiga aylanishga musharraf bo‘ladi. Yil oxiriga kelib esa, dunyoda uchinchi pog‘onaga ko‘tariladi. Oltmishinchi yillardayoq u mototsikllar ishlab chiqarishda yetakchi (70 foiz) bo‘lsa, 1990 yilga kelib, uning korxonasi oyiga 3 milliondan ortiq mototsikllarni dunyo bozoriga yetkazib bergan. Atigi sakkiz yillik ma’lumotga ega bo‘lgan odam uchun bu juda katta yutuq, shunday emasmi? O‘shanda unda faqatgina orzu, yana biroz qat’iyat va ichki sezgi bo‘lgan, xolos. Jorj Gilder Xondani “Buyuk inson, avtomobil sanoatida Genri Forddan keyin turadigan eng yorqin va omadli ishbilarmon”, deb hisoblagan.
Xonda yana bir “amalga oshmas” ishni uddalaydi. Yetmishinchi yillar o‘rtalarida Xonda Ogayo shtatidagi Merisvillda zavod quradi, unda sifat jihatdan boshqalarnikidan qolishmaydigan avtomobillar ishlab chiqariladi. Aynan mana shu “Xonda Akkord” mashinalari saksoninchi yillarda Amerikada eng ko‘p sotilgan. Shundan so‘ng Xonda Amerika avtomobil sanoati shuhrat zalida nomi bitilgan birinchi yapon rahbari bo‘ladi.
Yoshi katta bo‘lishiga qaramay, yangi modellarni o‘zi sinab, rahbarlikni o‘g‘lining qo‘liga topshirmagan. Umuman olganda, u oila a’zolarining kompaniya faoliyatida ishtirok etishini yoqlamagan. Xonda 1973 yilda ishdan voz kechib, rahbarlikni bu ishga munosib odamgina olishini ta’kidlaydi. Uch nafar farzandning otasi bo‘lgan Soichiro Xonda 1991 yilda olamdan o‘tgan. U maktab tahsilini oxiriga yetkazmagani bilan ilm olishga qiziqishi baland bo‘lgan. Shuning uchun ham o‘zi mustaqil qunt bilan o‘qib mana shunday ulkan yutuqlarga erishadi. Xonda ta’kidlaganidek, unga birgina OMADning o‘zi emas, yillar davomida ilm-fanga chanqoqligi, talabchan va tirishqoqlik bilan doimiy izlanish va harakatda yurganligi sababli nomi mangulikka bitildi.
Hidoyat SADRIDDINOV tayyorladi.
Manba: erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi