date

Yadro tahdidi ortidagi asosiy sabab — Trampning qarorlari, deb hisoblashmoqda ekspertlar

Yadro tahdidi ortidagi asosiy sabab — Trampning qarorlari, deb hisoblashmoqda ekspertlar

Amerikada so‘nggi kunlarda yadro qurollari bilan bog‘liq jiddiy muhokamalar avj oldi, deb xabar berdi Haqqin.az. Ayniqsa, Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev tomonidan yangragan keskin bayonotlar va AQSHning yadro siyosati bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar amerikalik siyosatchilar, tahlilchilar va jamoatchilik e’tiborini o‘ziga jalb etdi.

Amerika qurollarini nazorat qilish assotsiatsiyasi rahbari Deril Kimbol Medvedevning so‘zlarini “hissiy va bolalarcha” deb baholadi. Uning ta’biri bilan aytganda, bu bayonotlar go‘yo yosh bolaning qo‘rqinchli fantaziyasiga o‘xshab ketadi. Biroq amerikaliklar bu gaplarda istalmagan yadroviy taranglikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan jiddiy tahdidni ham ko‘rmoqdalar.

Ayni paytda, AQSHda ko‘plab siyosatchilar va ekspertlar yuzaga kelgan vaziyat uchun asosiy aybni Medvedev emas, balki prezident Donald Trampga yuklayapti. Atlantika institutining yadro strategiyasi mutaxassisi Elena Petrov ta’kidlashicha, bu “juda nozik palla”. Uning fikricha, yadro suv osti kemalarini qayta joylashtirish haqidagi ommaviy bayonot orqali Tramp bir vaqtning o‘zida ham tahdid darajasini oshirmoqda, ham qarama-qarshilik ehtimolini kuchaytirmoqda.

Trampning sobiq maslahatchisi Jon Bolton ham prezidentning qarorlarini keskin tanqid qildi. CNN telekanaliga bergan intervyusida u bu harakatlarni “juda xavfli biznes” deb atadi.

Kuzatuvchilar uchun yana bir e’tiborli jihat — AQSH tomonidan 2008-yildan beri ilk bor Buyuk Britaniyaga yadro qurollari topshirildi. 16 iyul kuni Amerika harbiy samolyoti Nyu-Meksiko shtatidagi Kirtlend havo kuchlari bazasidan yadro qurolini transponder bilan havoga ko‘tardi va Leykenxit (Buyuk Britaniya) aviabazasiga qo‘ndi. Bu parvoz manzili internet orqali jonli namoyish etildi.

Bloomberg nashri ta’kidlashicha, bunday ochiq yadro quroli harakati Rossiya rahbari Vladimir Putinga aniq “signal” bo‘lishi mumkin.

Yadro qurollari bilan bog‘liq jiddiy qarama-qarshiliklar va ular ortidagi siyosiy o‘yinlar jahonda barqarorlik uchun yangi xavfli palla boshlanganini ko‘rsatmoqda. Ekspertlar fikricha, bu vaziyatni to‘g‘ri va xolisona baholash, siyosiy muvozanatni saqlash eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yadro tahdidi ortidagi asosiy sabab — Trampning qarorlari, deb hisoblashmoqda ekspertlar