17:53 / 02.06.2018
4 337

Charxpalak dunyo...

Charxpalak dunyo...
Bu safargi suhbatdoshim imom bo‘lib, shunday hikoya qiladi...

Maktabning boshlang‘ich sinflarda o‘qib yurgan vaqtlarimda bir o‘qituvchimiz bo‘lar edi. Unga nima yomonlik qilganimni hech eslolmayman, ammo negadir meni ko‘rsa teppa sochi tik bo‘lib, og‘zidan tupuk sochib o‘z-o‘zidan so‘kib ketardi. O‘rta sinflarga o‘tganimizda bu odam bizga dars bera boshladi. Men a’lochi o‘quvchilar sirasiga kirsam-da, bu telbanamo o‘qituvchining darsidan faqat “3” olardim. Meni qiynagan narsa, bu ahvolning sababini bilmasligim edi. Sekin-sekin hunarini ko‘rsata boshladi. Kunlardan bir kun menga odaticha o‘shqirib:

– Hey, sen! Tur o‘rningdan! – dedi. Turdim. – Sening eskicha dining kuchlimi yo mening fizika, ximiya fanlarimmi? – deb, tomdan tarasha tushganday savol berdi. Nima deb javob berishni bilmasdim.

– Ayt! Ayt! – deb baqirardi…

Kundan-kun menga nisbatan vajohati kuchaya boshladi. Hatto aqlsiz telbalarday doim takrorlaydigan savoli hech qulog‘im ostidan ketmaydi:

– Men senga zamonaviy texnikamdan, pushkalarimdan bomba otsam, sen Xudoinga iltijo qilib yig‘lasang seni qutqararmikan-a!? – deb masxara qilishi tez-tez takrorlanib turardi.

Haqoratlarining orasida “sen Sovet maktabida o‘qishga, oramizda yashashga haqqing yo‘q” degan so‘zlari mulzam qilardi…

Bularni aytayotganimning sababi sizga tushunarsiz bo‘layotgandir, “nega endi yigirma, o‘ttiz yillar avvalgi voqealarni aytib berayotibdi?” deyotgandirsiz. Sababini keyinroq aytay, bir oz sabr qilasiz.

O‘qituvchining zug‘umi borgan sari kuchayib bordi. Men kun ora yig‘lamsirab volidamga arz qilardim. Onam esa, “o‘g‘lim, inshaalloh shunday kunlar keladiki, seni “sakkiz qavat ko‘rpachada o‘ltiradigan domla” deyotgan o‘sha odam, sening poyingda o‘ltiradi” deb ovuntirardilar…

Vaqt o‘tdi, maktabdagi o‘qishlar bitdi, institutga kirdim, dinga bo‘lgan e’tibor mamlakatimizda o‘zgardi, erkinlik bo‘ldi, bu institutimni tamomlab Islom institutiga imtihon topshirdim, zolim o‘qituvchi yodimdan ham chiqib ketdi…

Sinfdoshlarimiz bilan ora-orada ko‘rishib turdik, bolaligimizni esga olardik, shunda yuragimni hijil qilib bir-bir “zolim” esimga kelardi. O‘n yil ham zuv etib shamolday o‘tdi-ketdi. Hujjatlarimiz qo‘llarimizga topshirildi. Avvaliga bir jome’ masjidida xatib bo‘lib ishladim. Keyin shahar bosh imom-xatibi bo‘ldim. Majlislardan biriga meni taklif qilishdi, bordim, kun tartibidagi masalalardan birida, farzandiga tarbiya beraolmagan ota-onalar bilan suhbat edi. Nutq navbati menga berilganda minbarga chiqdim. Zalda mening qarshimga farzandi bir necha og‘ir jinoyatlarni sodir etib, mahalladagilarga aziyat bergan, qo‘shnilari u odamning ko‘chib ketishini talab qilingan odam o‘tirardi. Yoshi anchaginaga borib qolgan, sochlari oppoq, yuzlariga ajin tushgan kishi yerga qarab turardi. Tanidim, o‘sha “Zolim esdalik”. Alloh rahmatiga noil bo‘lgur volidamning boshimni silab taskin berganlari yarq etib yodimga tushdi. Qo‘shnilari “ko‘chib ket, mahallamizda yashashga haqqing yo‘q” deb talanayotgan tanishim najot izlagancha menga mo‘ltirab:

– Assalomu alaykum, domla, – deb yig‘lardi...
Salim AYYuBIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Charxpalak dunyo...