Halima Ibragimovaning opasi singlisidan qolgan meros va erining uylanishi haqida gapirdi

2024 yilning 7 dekabr sanasida taniqli komik aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida hayotdan ko‘z yumgan edi. San’atkorning vafotiga qariyb bir yarim yil bo‘lgan bir paytda marhumaning opasi Umida Hojimuhammedova bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida u kuyovining keyingi hayoti, Halimadan qolgan meros, ijtimoiy tarmoqlardagi turli gap-so‘zlar va singlisining vafotidan keyin yuz bergan mo‘jizali voqea haqida fikr bildirdi.
“Halimaning vafotidan keyin mo‘jiza bo‘ldi”

Suhbat vaqtida Umida Hojimuhammedova singlisi bilan bog‘liq mo‘jizali voqeani ham esladi.
— Halima Umraga borishni juda xohlardi. “Tezroq pasport olinglar, to‘rt opa-singil birga ibodat qilib kelamiz”, derdi. Ammo bu nasib qilmadi. Vafotidan keyin esa jiyanim taksiga chiqqan ekan. Haydovchi uni tanimasdan “Halimaxon ham o‘tibdi”, deb gap ochibdi. Keyin onasi Makkada ekanini, u yerda Halimani Ka’ba yonida ko‘rganini aytgan. Buni eshitib, biz juda ta’sirlandik. Balki Alloh unga umra badal nasib qilgandir, — deya xotirladi u.
“Halimadan qolgan boylik — bolalariniki”

Suhbat davomida marhumaning tillalari bo‘lib olingani haqidagi mish-mishlarga ham oydinlik kiritildi.
— Odamlar “tillasini bo‘lishib olibsizlar” deb yozishdi. Lekin biz hech narsasiga tegmadik. Halima tirikligidayoq taqinchoqlarini farzandlariga atab qo‘ygan ekan. Hammasi kuyovimizda turibdi. Hatto esdalik uchun kichkina ziragini ham olmadik, — dedi Umida Hojimuhammedova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kuyovlari Halimaning ishlariga ham yaqindan yordam bergan.
— U Halimaning administratori edi, reklama va ishlarini o‘zi yuritardi. Bundan tashqari tuxum biznesi ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar yoziladi. Biz ota hovliga borsak ham gap, bormasak ham gap. Ammo u yerga borganda ham kuyovimizga og‘irligimiz tushmasligiga harakat qilamiz, — deydi u.
“Kuyovimiz uylanishi mumkin, lekin ota hovlida emas”

Umidaning aytishcha, Halima oilasi bilan ota hovlisida yashagan va bu uy endi farzandlariga meros bo‘lib qolgan.
—Endi o‘sha hovlida o‘g‘li uylanadi. Kuyovimiz ham shu yerda yashab turibdi, hech kim uni uydan chiqargani yo‘q. Uning uylanishiga kelsak, biz qarshi emasmiz, aksincha, xohlaymiz ham. Faqat boshqa joyda yashasa dedik. Ammo Jalol “Hali bunga tayyor emasman. Avvalo bolalarimni o‘qitib, joyli qilishim kerak. Keyin o‘z hayotim haqida o‘ylayman”, dedi, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, farzandlar uchun ona o‘rnini hech kim bosa olmaydi. Bolalar ham ulg‘ayib qolgani uchun yangi insonni qabul qilishi oson bo‘lmasligi mumkin.
— Halimaning qizi Gulnoza onasi tirikligidayoq ro‘zg‘or ishlariga yordam berardi. 8 yoshida ovqat qilishni, uy yig‘ishtirishni bilardi. Halima rahmatli farzandlarini hayotga erta tayyorladi, — deydi opasi.
San’atkor do‘stlari bilan munosabatlar o‘zgarganmi?

Marhumaning opasi aytishicha, Halima tirik vaqtida san’atkorlar bilan ko‘proq bordi-keldi bo‘lgan.
— Hozir ham davralarda ko‘rishib qolsak, salomimiz, hurmatimiz joyida. Hayot davom etaveradi, har kim o‘z yo‘li bilan yashaydi, — dedi u.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!