O‘zbekiston terma jamoasi mundial oldidan Niderlandiya bilan to‘qnashadi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati oldidan jiddiy sinovlarga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Avvalroq vakillarimiz iyun oyida mundial mezbonlaridan biri bo‘lgan Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ma’lum qilingan edi.
Endi esa terma jamoamizni yana bir katta va prinsipial bahs kutayotgani oydinlashdi. Manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi FIFA Jahon chempionati oldidan so‘nggi nazorat uchrashuvida Yevropa futboli grandi — Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu qiziqarli va katta qiziqish uyg‘otayotgan bellashuv AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan mashhur “Icahn Stadium” arenasida bo‘lib o‘tadi. Mutaxassislar fikricha, bunday kuchli raqiblarga qarshi bahslar terma jamoamiz uchun katta tajriba vazifasini o‘taydi.
Niderlandiya milliy jamoasi jahon futbolida o‘zining tezkor va kombinatsion uslubi bilan tanilgan kuchli termalardan biri hisoblanadi. Shu bois ushbu o‘yin nafaqat muxlislar, balki mutaxassislar e’tibor markazida bo‘lishi kutilmoqda.
Futbol jamoatchiligi fikricha, Kanada va Niderlandiya kabi raqiblarga qarshi bahslar O‘zbekiston termasining haqiqiy imkoniyatlarini sinab ko‘rish va katta musobaqalar oldidan kamchiliklarni bartaraf etish uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, Yevropa futboli maktabi va yuqori tezlikdagi o‘yin uslubiga qarshi harakat qilish terma jamoamiz futbolchilari uchun katta tajriba bo‘lishi mumkin.
Muxlislar esa allaqachon ushbu bahslarni katta qiziqish bilan kutishmoqda. Chunki oxirgi yillarda O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida to‘p surayotgan legionerlar va yosh iqtidorlar jamoaga bo‘lgan ishonchni yanada oshirib yuborgan.
Kuzatuvchilar fikricha, mundial oldidan bunday darajadagi raqiblarga qarshi o‘yinlar terma jamoaning psixologik va taktik tayyorgarligi uchun juda katta ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!