
Yoshlik keksalikning koʻzgusidir.
Koʻzgudagi aksdan rozi boʻlmagan kishi, koʻzgudan emas oʻzidan hisob soʻrashi lozim.
Tomdagi qorlar erib, uy ichiga tomchilab, hamma yoqni hoʻl qilgandi. Xonadonning qizi Fotima chakka oʻtayotgan yerlarga idishlarni qoʻyar, ham tinmay nolirdi.
– Toʻyib ketdim axir, toʻyib ketdim. Oyi, meni eshityapsizmi? Eringizga ayting bizni tuzukroq uyga joylashtirsin endi.
Fotima butun kin va nafrati bilan nolishda davom etardi.
– Uyimizdan uyaladigan boʻlib qolganman. Hatto oʻrtoqlarimni ham taklif etolmayman.
Ikki xonasi va zali boʻlgan masjid yotoqxonasida onasi doim shu soʻzlarni eshitardi. Jigarbandining bu gaplaridan qattiq ranjir va
– Qizim, bolajonim, shunga ham shukur qilishimiz kerak. Boshpanasiyam boʻlmaganlar bor. Dadang yaqinda kelib qoladi. Oxirgi rakatni oʻqishayotgan boʻlishsa kerak. Ovozing masjidga eshitilishi mumkin, sal sekinroq gapir, – derdi.
Fotima suv bilan toʻlgan idishlarni boʻshatar ekan, yanayam jahl bilan gapirdi:
– Har doim bitta gap. Dadang eshitadi, dadang eshitadi. Eshitsin. Kim eshitsa eshitsin. Boshqa chidolmayman. Nima dadam meni soʻrab olibdimi? Yoki siz meni soʻrab tuqqanmidingiz? Ichimdan boshqa gaplar ham kelyapti-yu, lekin... Tavba, tavba. Bunday hayotga boshqa bardosh berolmayman deb necha marotaba aytdim. Bardosh berolmayman. Bu dunyoga kelayotganimda mendan hech kim soʻramagandi.
– Qizim sen aqlingni yeb qoʻyibsan. Alloh oʻz asarini yaratarkan, nega sendan soʻrasin. Sen manavi gullarni boqqa ekishingdan avval, ulardan soʻraganmisan, balki ular ham bu dunyoda yashashni xohlashmas. Manavi kursini u joydan bu joyga olayotganingda kursidan soʻraganmisan? Balki u ham u yerni xohlamas. Sen uchun boqqa ekkan guling qanday boʻlsa, Alloh uchun sen ham shundaysan.
Mushtipar ona hoʻl boʻlib ketgan polni latta bilan artib, suvini chelakka siqarkan, qiziga dedi:
– Qizim, sendan qanday qilib soʻrardik, dunyoga kelishdan oldin yoʻq eding-ku.
Fotima oʻylab ham koʻrmasdi. Hayot charxpalagi butun Fotimalarni isyon ettirish uchun aylanardi goʻyo.
– Bir kun dadamga... uy ichida u soʻzini tugatmay u yoqdan bu yoqqa yurar, tez-tez masjid eshigiga qarab qoʻyardi.
Soʻngra yana toʻxtamay gapirishda davom etardi.
– Tabriklayman, bitta shom namozini rosa choʻzdirdilar-da. Oʻsha oʻlik yuvadigan eringiz kelib ahvolimizni koʻrib qoʻyishini xohlayman. Ishimni shuncha choʻzib qilsam ham kelmayapti.
Fotimaning onasi Gul xonim qizini ilk marotaba koʻrayotganday angrayar, tiliga soʻz kelmasdi. Bolasiga gʻamgin holda boshdan oyoq razm solgach, dedi:
– Aslo! Dadangning oldida bunday deya koʻrma! Bechora yurak xurujidan tamom boʻladi–ya.
– Menga nima! Nima otamni pulga sotib olibmanmi? – javob berdi Fotima asabiylashib.
Gul xonimning qattiq ranjiganini shvabraga bor gavdasini tashlab, behol turganidan ham bilsa boʻlardi.
– Bu nima deganing? Pulga sotib olganingda otang qadrliroq boʻlarmidi sen uchun? Oʻshanda hurmat qilarmiding otangni?
Fotima oʻzining nolishlariga turli yoʻllar bilan sabab qidirarkan, lattani siqib, saqichini chapillatgancha dedi:
– Davlat otamni allaqachon sotib ham olgan. Yana shunaqangi arzonga olganki.Uch-besh soʻm uchun hamma davlat odamlari haftada 48 soat ishlasa, eringiz esa 320 yoki 350 soat ishlaydi.
Fotima koʻp kitob oʻqigan zehnli qiz. Butun Qurʼonni yod olgan. Baʼzan oʻylamay gapirardi. Gul xonim siqilganidanmi, har nechuk uning gapiga tushunmay soʻradi:
– Shuncha soatni qayerdan olding? – deya soʻradi.
Onasiga oʻqrayib qarab qoʻygach, u javob berdi.
– Ha nima, yolgʻonmi? Masjiddan beri kelolmaydi-ku. Kechayu kunduz shu yerda boʻlsa. Birorta qoni buzuq gilamni oʻgʻirlab ketmasin deb, poyloqchilik qilib oʻtiradi. Sassiq oʻliklarni yuvib, suvini toʻkmaydimi? Topganida baraka yoʻq. Tortayotgan azoblarimizga qarang. Eringizning soyasida it chekmaydigan azoblar boshimizga tushyapti.
Gul xonimning koʻngli juda ogʻrigan, gaplarini ichiga yutardi. U koʻp oʻylab, kam gapiradiganlardan edi. Oʻqimagandi, lekin “manaman” degan oʻqiganlarni hayratda qoldirardi.
– Qizim, otang oddiygina imom. Imomlik esa ixlos bilan qilingandagina yuqori maqom hisoblanadi. Uni yerga urma. Aks holda Alloh janozangni oʻqishga imom buyurmay qoʻyadi. Shahid ham boʻlmaysanki, janozangni farishtalar oʻqisa.
– Ha, men oʻtib ketganimdan keyin oʻqilishini bilaman. Shundogʻam oʻqiganimiz faqat diniy kitob boʻldi.
– Mayli sen shunday deb oʻylayqol, bolam. Bir kuni ilmga ahamiyat berganingda, nimalarni oʻrganganingni anglab yetasan.
Fotima yana masjid eshigiga qarab qoʻydi.
Masjid eshiklari uning koʻziga judayam sovuq koʻrinar edi. Bu sovuq munosabatni u sakkiz yoshidan beri his qiladi. Oʻshanda Fotima masjid eshigi yonida oʻynayotgan edi, ikki kishining gaplari qulogʻiga behos chalinib qolgan. Qoʻlida sumka ushlab olgani imomlardan qattiq nafratlanishini aytgan edi oʻshanda. Shu shu Fotima otasiga past nazar bilan qaray boshladi. Obroʻli odam imomlikni yerga urganidan kelib chiqadiki, imomlik zamonaviy kasblardan emas ekan. Keyinchalik ham u otasi shu kasbi tufayli ogʻir kunlarni boshidan kechirganining guvohi boʻlgandi. Surgun yillari, sud... Bundan tashqari jamoatda biror kishi u bu narsani koʻngli xushlamadimi, darrov borib shikoyat qilardi. Imomning qizi deb uni xoʻrlaganlari kamlik qilayotganday, endi tomdan oqayotgan suvlar bilan ovora...
Xayoli parishon boʻlib, u yana eshikka qaradi. Bugun namoz vaqti choʻzildimi yoki unga shunday tuyulyaptimikan? Derazaning oynasi singan boʻlgani uchun dadasi u yerga bez boʻlagini bogʻlab qoʻygan, derazaning faqat bir tarafidan tashqari koʻrinardi.
Fotima ishini bexafsala qilar edi. Uning niyati chekayotgan qiyinchiligini dadasiga koʻrsatish edi. Baʼzi ishchilar singari oʻzini ish qilayotganday koʻrsatib, bir yerda turmasdi.
Soʻngra orqasiga oʻgirilib kutubxonasiga qaradi. Hammayoq hoʻl boʻlgandi. E-e, baribir ularning keragi yoʻq edi, – deb oʻyladi. Shu-u-uncha kitob oʻqib biror foydasini koʻribdimi?! Biroq u oʻqiganlari yillar oʻtib foydasi tegishini bilmas edi.
Nogoh uning koʻzlari roʻparadagi yogʻoch uy derazasidan unga qarab turgan oyogʻi nogiron yigitchaga tushdi. Yigit Fotima uni koʻrinishi uchun anchagina chirangan. Fotima esa yigitni koʻrgan zahoti onasiga oʻgirildi:
– Oyi!
– Labbay qizim.
– Oyi, anavi choʻloqning onasiga aytib qoʻying. Bolasiga tarbiya berib qoʻysin, mening asabimni buzmasin. Choʻloqligiga qaramay, boshimni aylantirmoqchi boʻladi. Men kimman, u kim? Unga nazar tashlarmidim? Nima oʻzining nogiron ekanligini bilmaydimi, nega buni tushunib yetmaydi?
Gul xonim ham joyida javob berdi.
– Sening ham aqling noqis, oʻzing bilmaysan. U boladan nimang ustun ekan.
Fotima yubkasini tizzasigacha koʻtarib koʻrsatdi.
– Qarang, manekenlarnikiday oyoqlarim bor. Uning oyogʻi esa yurishga ham ojiz.
Onasi ishdan chalgʻimay javob berdi:
– Xoʻsh, qanday foydasi bor ularning. Eng chiroyli maneken oyoqlari ham otlarning oyogʻiga oʻxshaydi. Qancha koʻp yugursa, foydasi shuncha koʻp birovlarga tegadi. Oyoq egalari esa vaqtichogʻlik qilish bilan band boʻladilar. Oʻsha sen yoqtirmagan yigitcha sendaylarning yuztasiga arziydi. Hech boʻlmaganda uning burni osmondamas. Odamiylik chegarasini biladi.
Fotima onasiga oʻshshaydi:
– Ammo uning mendan koʻz uzmasligi koʻngli osmondaligidan darak emasmi? U yana birdan asabiylashib: – Ee, u bilan mening nima ishim bor, aslida gapirishga ham arzimaydi u.
Otasining kelayotganini sezib, Fotima polni artishga tushdi.
Yoqub imom zinadan xuddi yelkasiga togʻ opichlab olganday zoʻrgʻa qiynalib chiqardi.
– Allohim, menga koʻtarolmaydigan yukni bermagin!
U ichkariga kirib, qizining pol artayotganini koʻrdi–yu, koʻzi bilan izlandi:
– Qayerdasan, azizam?
Gul xonim shvabrasini koʻtargancha shoshilib chiqdi:
– Labbay, shu yerdaman.
Yoqub imom qoʻllari bilan eshikka suyanganicha ayolidan soʻradi:
– Nega bu yerlarni Fotimaga tozalatyapsan? Namozdan keyin oʻzim tozalar edim.
– Ham qor erib, ham yomgʻir yoqqani uyning ichini koʻlga aylantirib yubordi.
Yoqub imom Fotimaga; – Mayli, qoʻyaver, qizimni ranjitgandan koʻra oʻzim ertalabgacha ishlaganim yaxshi.
Gul xonimning koʻngli ogʻridi.
– Oʻzi uni erkalatvorgan sizsiz. Mening dadam ham imom edilar, lekin ota ekanliklari bilinardi. Bu hatti-harakatingiz bilan qizingiz...
Yoqub imom ayolidan koʻzlarini uzmagan holicha paltosini yechdi. Aytmoqchi boʻlganlarini ichiga yutdi. Ayoliga yuzlanib, gʻamgingina:
– Insoniylikning yoʻrigʻi goʻzallik hisoblanadi! – dedi.
Fotima zalni artib boʻlib, onasining oldiga keldi va sekingina mingʻirladi:
– Eringizga ayting, menga bunaqa muomala qilmasin. Battar jahlimni chiqaryapti.
Yoqub imom oʻzini eshitmaganlikka olsa ham, barini eshitayotgandi. Fotima esa gapida davom etardi:
– Manavi odamga ayting, menga bunaqa chiroyli muomalasini qilmasin. Uning bu harakatidan battar tutoqyapman.
Gul xonim ham shivirlab gapirardi:
– Nima u faqatgina senga yaxshi muomala qilarmidi? U musulmon boʻlgani uchun hammaga birday goʻzal muomalada boʻladi. Toʻgʻri, senga nisbatan oshirib yuboradi–yu, nima ham qilardik. Xoʻsh, seni deb, qoʻpol muomala qilishi kerakmi?
Yoqub imom qizi chakka artib toʻldirgan chelakni qoʻliga oldi. – Rosa charchagandirsan? – deb soʻradi.
Fotima jahlini yashirib oʻtirmadi:
– Har doimgi ahvol. Oʻrganib ham qoldik oʻzi bu sharmandagarchilikka. Boshqa joylarda ham ahvolimiz yaxshiroqmidi, nima?
Yoqub imom chelakni boʻshatar ekan, vazmingina dedi:
– Chekayotgan dardu alaming koʻpayayotgan boʻlsa, demak savobing ham ortyapti.
Fotima otasiga yuz oʻgirgan kuyi:
– Azoblanishdan savob olishni niyat qiladiganlar boʻlmasa-ku...– dedi kesatib:
– Hech kim oʻziga oʻzi qiyinchiliklarni soʻrab olmaydi, qizim. Qiyinchiliklar keladi, lekin sen ulardan Allohga shak keltirmay, nolimay...
Fotima oʻqraygancha otasining gaplarini boʻldi:
– Bilaman, nolimasdan, oʻsha qiyinchiliklarga sabr qilsang, savob olasan demoqchisiz yana.
– Yoʻq unday demoqchimasman. Nolimasdan oʻsha qiyinchiliklardan qutulishning yoʻlini qidirish kerak. Biror chorasi topilsa ham, topilmasa ham savobini olasan, demoqchi edim.
Fotima esa “menga savobning keragi yoʻq” demoqchi boʻldi-yu, oʻzini zoʻrgʻa tutdi. Dadasi Alloh, oxirat yoki ibodatdan soʻz ochganda uning yuragi siqiladi. Yoqub imom ham buni yaxshi biladi. Shuning uchun bu mavzularda kamdan kam ogʻiz ochadi.
Uyni tozalab boʻlishdi hamki, Fotimaning yuzi yorishay demasdi. Yoqub imom stolga bagʻrini bergan kuyi oʻzi muhim sanagan voqealarni qogʻozga tushirib oʻtirar edi.
Uning ichi toʻla dard–u, yoriladigan kimsasi yoʻq. Biroz oʻtgach ayolidan shirinsoʻzlik bilan ayron soʻradi.
Gul xonim erining oldiga kelib,
Nega bunday qilasiz? Biror marotaba qizingizdan ham soʻrasangiz nima qiladi? – dedi:
Yoqub imom boshini changallagancha chuqur xoʻrsindi.
– Undan soʻrolmayman. Keyin rafiqasining qulogʻiga shivirlab davom etdi. – Bilaman, u suyunib bermaydi. Oʻsha ayronni ham zarda bilan beradi. Oʻsha ayron ham zahar boʻlib kiradi ichimga. Sen aytsang-ku unchalik ogʻir botmaydi. Lekin oʻz farzandimdan u gapni eshitish ichimni yondiradi, u yongʻin esa sen bilgan yongʻinlardan emas.
* * *
Fotima bemahal boʻlganiga qaramay xonasidan chiqdi–yu, onasiga yuzlandi:
– Men Betush xolamlarnikiga ketyapman, sal turib kelaman.
Gul xonim gʻazabi qaynab zina tomon yugurib keldi:
– Bu nima, ruxsat soʻrashmi yoki buyruqmi? Nima deganing bu?
Fotima zinadan pastga tushayotib, jahl bilan javob berdi:
– Uff. Yetar endi. Hamma narsaga aralashavermang! Ona boʻlsangiz, sal-pal kinolardagi onalardan oʻrnak oling. Biroz zamonaviyroq boʻling endi. Betush xolanikida ozgina televizor koʻrib qaytaman.
Gul xonim zinaning boshiga kelib qizining ortidan dedi:
– Hoy qayt, dadangning jahli chiqadi. Qaytaqolgin endi...
Fotimaning ham javobi tayyor edi:
– Jahli chiqsa, uyga televizor olsin. Manavi uygayam sal havo kirsin.
U bu gaplarini dadasi eshitayotganini juda yaxshi bilardi.
Masjidning tashqi eshigidan chiqayotib, nogironlar aravachasida ayvonga chiqishga urinayotgan oʻsha yigitchaga koʻzi tushdi. “Sovuq yemasmikan”, – deya yigitchaga biroz achinsa–da, dilidagi adovati ustun chiqdi. Qor va loy aralash koʻchadan yurib borarkan, nogiron yigitchaning yonidan oʻtayotgandi, “buni adabini hozir bermasammi” – deb oʻyladi. Uning dodini shunaqangi berib qoʻysinki, ikkinchi marotaba unga qayrilib ham qaramaydigan boʻlsin. U bir–ikki qadam tashlab toʻxtadi. Nima desa ekan-a!? Bir umr yodidan chiqmaydigan saboq berib qoʻyishi kerak edi. Lekin u tomon yaqinlashar ekan, “nega unga shunchalik ahamiyat beryapman?” – deya xayolidan oʻtkazdi.
– Hoy sen, menga qara!
Yigitcha unga qarab, dedi:
– Kimga gapiryapsiz?
– Senga gapiryapman. Agar menga yana bir marta qaraydigan boʻlsang, onangdan tugʻilganingga pushaymon qildiraman.
Yigitning jahli chiqib ketgandi:
– Yoʻgʻ-ye. Seni shunaqa hunarlaring ham bormi hali?
– Yana shunday qiladigan boʻlsang, kuningni koʻrasan.
– Meni balkonga chiqishim bilan seni nima ishing bor?
– Buni qara-ya. Sizlayotgan eding-ku, darrov sen boʻlib qoldimmi?
– Nogiron boʻlsam ham izzat koʻrsatmaganlarga izzat koʻrsatmayman.
– Menga qanday muomalada boʻlayotganing parvoyimga ham kelgani yoʻq. Yaxshisi sen asabimni buzadigan hatti-harakatlaringni bas qil. Bundan keyin imomning qizi Fotimaga qarama.
Yigitcha bu gaplarni eshitishni ham istamas edi. Fotimaga jahl bilan javob berdi:
– Oʻzingni bosib ol. Men senga qarab, oʻzimni yerga urmayman.
– Voy yolgʻonchi–yey. Unda Allohning bergan kuni kimga qaraysan?
– Men qalbimdagi Fotimaga qarayman. Sen kimsanki, qarasam. Seni tanimayman ham.
Fotima asabiylashganidan oʻzini tutolmasdi. Zoʻrgʻa:
– Yolgʻonchi! – dedi.
Yigitcha gʻamgin holda javob berdi:
– Musulmon qizga bu muomala–yu harakatlar yarashadimi?
Fotima oldinga bir qadam tashlab, dedi:
– Kim meni musulmon dedi? Men musulmon emasman!
Yigitcha oʻylab ham oʻtirmay:
– Boʻlolmaysan ham, – dedi.
Fotima chidolmasdan soʻradi:
– Nimaga?
– Sen kabilar musulmon boʻlolmaydi. Haqiqiy musulmon boʻlish uchun yurak kerak... Senga oʻxshash burni osmonda boʻlganlar qayoqda-yu, musulmonlik qayoqda?
Fotima bu yigitchani koʻpdan bilar edi. U otasining oldiga kelib Qurʼon oʻrgangan paytlarni Fotima juda yaxshi eslaydi. Bir kuni bu yigit “Haqiqiy ishq bu – odamning yor vasliga bir umr intilib yashashidir” – degan edi. Endi esa u “seni tanimayman” deyapti. Ajab, bu nima degani ekan. Fotima oʻzi istar istamas xayolidan oʻtkazdi: “Yoki mening judayam oʻzgarganimni nazarda tutyaptimikan?” Nima boʻlganida ham yerga urishlarini istamas edi. Bir qarashda, Fotima madaniyatli qiz edi. Roʻmol oʻrashga ruxsat berishmaganlari uchun, otasi uni maktabga yubormadi. Aslida uning bilim olishini imom ham istagan. Haftasiga ikki–uchta kitob olib berardi. Fotima kitob oʻqishni sevardi-ku, lekin uning nazarida kitoblarning unga hech bir foydasi yoʻqday edi.
Yoqub imom qizining bu fikrlarini koʻrib, bilib turar edi. Otasi Fotimaga nasihat qilish niyatida boʻlsa-da, koʻproq dilidagini xotiniga yorardi. Aslida Yoqub imom gaplarini ayoliga aytayotgan boʻlsa ham qiziga eshittirib qoʻyish niyatida boʻlar edi.
– Islomiy kitob oʻqiganlar, agar rostdan ham aqidaga oid kitoblarni oʻqishgan boʻlsa, birkunmas bir kuni albatta ularning foydasini koʻrishadi. Oʻqish dunyoqarashni kengaytiradi. Baʼzilar oʻqiganlarini hayot davomida qachonlardir boʻlsa ham anglab yetadi, olgan ilming zoye ketmaydi.
Davomi bor...
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar