date

Oq uyda Tramp va Zelenskiy Ukraina urushini muhokama qildi

Oq uyda Tramp va Zelenskiy Ukraina urushini muhokama qildi

Vashingtondagi Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida asosiy e’tibor Ukrainadagi urush, qurol-yarog‘ masalasi va ikki davlat hamkorligining yangi yo‘nalishlariga qaratildi.

Tramp matbuot oldidagi chiqishida Ukrainaga Tomahawk qanotli raketalarini berish masalasiga to‘xtalar ekan, bunday kuchli qurollardan foydalanish ehtiyoji bo‘lmasligidan umidvorligini bildirdi. “Biz jarayonni soddalashtirishga harakat qilyapmiz. Gap juda katta hajmdagi kuchli qurollar haqida ketmoqda. Umid qilamanki, ularni ishlatishga hojat qolmaydi. Tomahawksiz ham urushni tugatish mumkin,” — dedi AQSh prezidenti.

Zelenskiy esa javoban zamonaviy urushni “texnologik mojaro” deb atadi va mamlakatga ko‘proq dronlar kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozir nafaqat qurol-yarog‘ga, balki yangi texnologiyalarga ham muhtoj. “Bizda turli qurollar ko‘p, lekin dronlar asosiy ustunlikni beradi. Shu bois AQSh bilan birgalikda dron ishlab chiqarishni taklif qilaman,” — dedi Zelenskiy.

Tramp bu taklifni ijobiy qabul qildi va AQShning ham dron texnologiyalariga qiziqishi yuqori ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu hamkorlik ikki davlat uchun manfaatli bo‘lishi mumkin. “Biz Ukrainaga Tomahawk emas, balki dronlar berishni afzal ko‘ramiz. Ular urushni tugatishda tez va aniq vosita bo‘ladi,” — dedi u.

Prezident Trampning ta’kidlashicha, Rossiya rahbari Vladimir Putin ham urush tugashini xohlamoqda va “endi bu jarayonni amalga oshirish kerak”. Shuningdek, u Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan Putin bilan uchrashuvi katta ehtimol bilan Zelenskiysiz o‘tishini ham aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp avvalroq agar Rossiya bilan muzokaralar natija bermasa, Ukrainaga raketalar yetkazilishi mumkinligini bildirgan edi.

Moskva esa Ukrainaga Tomahawk raketalarining berilishiga keskin qarshi chiqmoqda. Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu qurollar jang maydonidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi, ammo AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Uchrashuvdan so‘ng ikki davlat delegatsiyalari ikki tomonlama hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oq uyda Tramp va Zelenskiy Ukraina urushini muhokama qildi