Superliga 25-turidan o‘rin olgan “Andijon” — “Sho‘rtan” (4:3) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida jamoa o‘yini haqida fikr bildirdi.
Uning aytishicha, uchrashuv boshidagi tezkor gol jamoaga ta’sir qilgan va o‘yin ritmini topish qiyin kechgan:
“O‘yin haqida nima deyman? Dastlabki daqiqalardayoq gol o‘tkazib yubordik. ‘Andijon’ning eng katta kuchi — bu uning muxlislari. Biz futbolchilarga o‘yin boshidagi bosimga tayyor bo‘lishni aytib o‘tgandik, ammo afsuski, ularga yetarli darajada bardosh bera olmadik. Keyinroq vaziyatni to‘g‘rilashga urindik, bir necha xavfli hujumlar yaratdik. Lekin himoyada juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Shunga qaramay, jamoa 3 ta gol urdi. Agar himoyada ishonchliroq harakat qilganimizda, natija boshqacha bo‘lardi,” — dedi murabbiy.
Aliqulov ikkita erta amalga oshirilgan almashtirish haqida ham izoh berdi:
“Himoyachilar o‘yinga kirishib keta olmadi. Hujumda ham ishonch yetishmadi. Shu sababli erta almashtirishga majbur bo‘ldik. Bizga faqat g‘alaba kerak edi, shuning uchun xavfni ko‘zga ilmay oldingi chiziqni kuchaytirishga qaror qildik.”
Murabbiy Abror Toshqo‘ziev va Jasur Hakimovni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirish sababini shunday izohladi:
“Bu, asosan, futbolchilarning jismoniy holatiga bog‘liq edi. Abrorni qanotga, Jasurni esa hujum markaziga qo‘ydik. Ikkita hujumchi bilan qanotlar orqali faollikni oshirishni maqsad qilgandik, lekin bu o‘zgarishlar ham kutilgan samarani bermadi.”
“Sho‘rtan”ning Superligada qolish imkoniyatlari haqida so‘ralganda esa Aliqulov ochiq gapirdi:
“Hozirgi vaziyatda imkoniyatimiz juda oz. Lekin bizda tanlov yo‘q — har bir o‘yinga g‘alaba uchun tushamiz. Durang uchun emas, faqat g‘alaba uchun kurashamiz. Himoyada xatolar ko‘p, ammo hujumda kuchni oshirdik. Bu uslub biz uchun xavfli, lekin boshqa yo‘l qolmagan.”
Belgilangangan penaltilar borasida murabbiy shunday dedi:
“Hozir bu haqda hech nima deya olmayman. VAR orqali ko‘rildi, qarorni hakamlar qabul qildi. Bizda ham bahsli vaziyatlar bo‘ldi, lekin penalti berilmadi. E’tiroz yo‘q.”
Asror Aliqulovning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, “Sho‘rtan” jamoasi har qanday sharoitda ham taslim bo‘lmaydi va so‘nggi turga qadar kurashni davom ettiradi.
Bu bahsda “Andijon” muxlislari o‘z jamoasini g‘alabaga yetaklagan bo‘lsa-da, “Sho‘rtan”ning so‘nggi daqiqalargacha bo‘lgan jasorati ham alohida e’tirofga loyiq bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!