Oʻzbekistonda turizm sohasi yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻymoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2030 yilga kelib mamlakatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni 25 million nafarga, ichki turizm ishtirokchilari esa 50 million nafarga yetishi mumkin.
Bu natijaga erishish uchun soʻnggi yillarda mamlakatda turizm infratuzilmasi keskin yangilanmoqda. Xususan, yangi xalqaro aeroportlar qurilib, ularning umumiy soni 18 tagacha yetdi. Shu bilan birga, hozirda yana ettita xalqaro aeroport zamonaviy talablarga mos holda rekonstruksiya qilinmoqda.
Sayyohlar oqimi ortib borayotgani bois, Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi ham rejalashtirilgan. Bu loyiha sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar tavsiyalari va jamoatchilik fikrlari asosida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya va Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi Oʻzbekiston bilan doimiy aviqatnovlarni yoʻlga qoʻygan. Shu bilan birga, AQShdan 22 ta zamonaviy Boeing samolyotining xarid qilinishi mamlakatni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va Amerika qitʼasi bilan bogʻlaydigan yangi avia tarmoq yaratish imkonini bermoqda.
Transport tizimidagi modernizatsiya ham turizm rivojiga katta turtki boʻlmoqda. Mamlakat ichida yangi tezyurar elektrovozlar va elektrobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, avtobus parklari yangilanib, yoʻl boʻyi infratuzilmasi turistlar uchun qulay yoʻnalishlar boʻylab takomillashtirilmoqda.
Ekspertlar fikricha, ushbu oʻzgarishlar nafaqat turizm salohiyatini oshiradi, balki Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi eng jozibador turistik markazlardan biriga aylantirishi mumkin.
2030 yilgacha amalga oshiriladigan bu islohotlar orqali mamlakat iqtisodiyotida turizm ulushi sezilarli darajada oʻsishi kutilmoqda. Shu bilan birga, yangi ish oʻrinlari yaratiladi va mahalliy aholi uchun xizmat koʻrsatish sohasida keng imkoniyatlar ochiladi.
Oʻzbekiston bugun nafaqat boy tarixi va madaniyati, balki zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan ham xalqaro mehmonlarni jalb etishga tayyor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!