17:30 / 12.11.2018
1 977

“Facebook”dan ma’lumotlari o‘g‘irlangan 81 000 ta akkauntning narxi: “Har bir akkaunt – 10 sent”

“Facebook”dan ma’lumotlari o‘g‘irlangan 81 000 ta akkauntning narxi: “Har bir akkaunt – 10 sent”
Bundan o‘n kun muqaddam xakerlar kamida 81 000 nafar “Facebook” foydalanuvchisi profilini buzib kirib, ularning shaxsiy xabarlarini chop etgandi. “BBC” xakerlar bilan bog‘lanib, voqeaning yangi tafsilotlarini aniqladi.

Jinoyatchilar “BBC”ning rus xizmatiga bergan xabariga ko‘ra, ularda jami 120 mln foydalanuvchining ma’lumotlari mavjud bo‘lib, xakerlar ushbu ma’lumotlarni sotishni rejalashtirmoqda. Lekin raqamlarga shubha bilan qarashga yetarlicha asoslar mavjud.

Kompaniya vakillari “Facebook”ning xavfsizlik xizmati hozircha zararlanmagani, ma’lumotlar esa zararli brauzer kengaytmalari orqali o‘zlashtirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun zarur ishlar amalga oshirilayotganini bayon qilishdi.

Ma’lumotlari oshkor bo‘lgan foydalanuvchilarning asosiy qismi Rossiya va Ukraina hududida istiqomat qilishi aniqlandi. Jabrlanuvchilar orasida, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSh, Braziliya va boshqa mamlakat foydalanuvchilari ham uchramoqda.

Xakerlar har bir profil ma’lumoti uchun 10 sent narx taklif qilgan. Biroq ularning reklamasi offlayn rejimga o‘tkazildi.

“Biz ma’lum bo‘lgan zararli kengaytmalarni ulardan yuklab olishga imkon qoldirmaslik maqsadida, mashhur brauzerlar bilan bog‘landik va ularga vaziyatni tushuntirdik, – deb xabar beradi “Facebook” ish boshqaruvchisi Guy Rosen. – Shu bilan birga, biz huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilib, mahalliy hokimiyat idoralari bilan birgalikda “Facebook” foydalanuvchilarining ma’lumotlarini o‘zida yoritgan saytni o‘chirtirishga muvaffaq bo‘ldik”.

“Facebook” foydalanuvchilarining ma’lumotini sotish haqidagi dastlabki xabar sentyabr oyida, ingliz tilidagi internet-forumda FBSaler laqabli foydalanuvchi tomonidan yozilgan postda aks ettirilgan edi: “Biz “Facebook” foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini sotamiz, bazamizda 120 mln profilning ma’lumotlari mavjud”, – deb yozadi muallif.

“Digital Shadows” kiberxavfsizlik kompaniyasi “BBC” nomidan da’voni tekshirib ko‘rdi va haqiqatan ham 81 000 dan ortiq profil onlayn rejimda shaxsiy xabarlarning namunasini joylashtirganini tasdiqladi.

Bundan tashqari, 176 mingdan ortiq profillarning ma’lumotlari ham onlayn mavjud edi, biroq ma’lumotlarning ayrimlari, shu jumladan, elektron pochta manzili va telefon raqamlari ushbu ma’lumotlarni profiliga ko‘rinarli qilib joylashtirgan foydalanuvchilardan olingan bo‘lishi mumkin.

Xakerlar chop etgan xabarlar orasida foydalanuvchining so‘nggi bayramdagi fotosuratlari, yaqinda bo‘lib o‘tgan “Depeche Mode” konserti haqida suhbat, kuyovidan norozi bo‘lib yozilgan maktublar, shuningdek, sevishganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ishqiy yozishmalar ham bor.

Odamlarning e’tiborini jalb qilish uchun chop etilgan ma’lumotlar yuklangan saytlardan biri Sankt-Peterburg shahrida joylashgani aniqlandi.

Kiberjinoyatlar bilan ishlash xizmati tomonidan saytning IP-manzili ham fosh etildi. Unga ko‘ra, manzil LokiBot troyan viruslarini tarqatish uchun ishlatilgan, bu esa tajovuzkorlarga foydalanuvchi parollarini qo‘lga kiritish imkonini bergan.

Hozirgi kunda shaxsiy xarid yordamchilari, xatcho‘p ilovalari va hatto kichik boshqotirma o‘yinlar “Chrome”, “Opera” va “Firefox” kabi turli xil brauzerlardan kengaytma sifatida taqdim etiladi.

Kichkina piktogramma sizning url-manzil chizig‘ingizda sabr-toqat bilan uni bosishingizni kutib turadi.

“Facebook” rasmiylarining fikriga ko‘ra, shunday kengaytmalardan biri jabrdiydalarning platformadagi faoliyati ustidan jimgina kuzatuv olib borib, xakerlarga shaxsiy ma’lumotlar va suhbatlarni jo‘natgan.

“Facebook” hozircha aynan qaysi kengaytma bu ishlar uchun aybdor ekanligini oshkor qilmayapti.

Mustaqil kiber-ekspertlar “BBC” bilan suhbatda aytishicha, agar kengaytmalar rostdan aybdor bo‘lsa, brauzer ishlab chiqaruvchilari ham javobgarlikka tortilishi kerak.

“Facebook”ka xakerlarning bemalol buzib kirishi esa juda yomon yangilik sifatida baholanmoqda.

“BBC” Rossiya xizmati o‘zini xaridor qilib ko‘rsatib, xakerlar taqdim etgan elektron manzilga xabar yuborgan va ikki mln foydalanuvchining ma’lumotlarini sotib olish istagini bildirgan. Biroz vaqt o‘tgach, o‘zini Jon Smit deb atagan kishidan javob maktubi qabul qilingan. Unga ko‘ra, Jon Smitning xakerlar jamoasi jami 120 mln, jumladan, 2,7 mln “Facebook” foydalanuvchisining shaxsiy ma’lumotlarini sotishi mumkin.

Ammo “Digital Shadows” xizmati bu da’vo shubhali ekanligini e’tirof etmoqda, chunki “Facebook” bu qadar katta buzg‘unchilikni payqamasdan qolishi mumkin emasdi.

Jon Smit nima uchun sotuvni yanada kengroq reklama qilmaganini izohlamadi. Undan bu ishlar Rossiya davlatiga yoki Kreml bilan bog‘liq xakerlar guruhi – Internet tadqiqotlar agentligiga aloqasi borligi haqida so‘ralganda, Jon oddiygina qilib "yo‘q" javobini berdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Facebook”dan ma’lumotlari o‘g‘irlangan 81 000 ta akkauntning narxi: “Har bir akkaunt – 10 sent”