23:36 / 08.01.2020
4 671

“Dunyo halokat sari ketmoqda”

“Dunyo halokat sari ketmoqda”
2016 yil. Eronning yadrosi haqidagi fikrlar

Yevronyus:
- Yadro xavfi haqida gaplashadigan bo‘lsak, yaqinda Eron dasturi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Dunyoning bir oz xavfsiz tus olganligi sizga umid uchqunlarini ko‘rsatyaptimi?
Noam Xomskiy:
- Men Eron bilan muzokaralarni qo‘llab-quvvatlayman, ammo aslini olganda bunda qattiq xatolik bor. Yaqin Sharqda muntazam agressiya, zo‘ravonlik, terror uyushtiruvchi va qonunga chap beruvchi ikki bebosh davlat bor. Ikkalovining ham yirik yadroviy arsenali bor. Ammo ularning yadro qurollari ko‘rib chiqilmayapti.

Yevronyus:
- Aynan kimlarni nazarda tutyapsiz?
Noam Xomskiy:
- AQSH va Isroil. Ikki asosiy yadroviy davlat. Aynan shuning uchun AQSH sotsiologik xizmatlari o‘tkazgan so‘rovlarda aholisining aksar ko‘pchiligi qo‘shma shtatlarni jahon tinchligiga tahdid, deb hisoblashlarini bildirishadi. Bu jihatdan dunyodagi hech qaysi mamlakat AQSHchalik xavfli hisoblanmaydi. Qizig‘i shundaki, AQSH OAVlari bu ma’lumotlarni e’lon qilishmadi, ammo ular bor.

Yevronyus:
- Siz AQSH prezidenti Obamani unchalik hurmat qilmaysiz. Biroq xavfsizlik shartnomasidan so‘ng u haqda fikringiz yaxshi tomonga o‘zgarmadimi? Axir u yadro urushi xavfini kamaytirishga urinmoqda.
Noam Xomskiy:
- Aslida bunday emas. AQSH yadro quroli tizimini trillion dollar sarflab takomillashtirish dasturining tashabbuskori uning o‘zi-ku. Bu yadro quroli tizimi kengayishini anglatadi, yadroshunos olimlar jurnali istilohga kiritgan qiyomat qoyim soatini yaqinlashtiradi. Bir necha hafta ilgari bu soat yana 2 daqiqa oldinga surilib tun yarmiga yaqinlashmoqda. Tun yarmi bu - intiho degani. Hozir tun yarmigacha 3 daqiqa qoldi. Oxirgi 30 yil ichida – katta urush xavfi mavjud Reygan zamonida ham vaziyat bunchalik emas edi.

Yevronyus:
- Siz Eron masalasida so‘z ochganda AQSH va Isroilni esladingiz. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni istamasligi bugun ro‘y-rost ko‘rinib turibdi.
Noam Xomskiy:
- Bu qiziq. Biz undan negaligini so‘rashimiz kerak.

Yevronyus:
- Nega?
Noam Xomskiy:
- Negaligini biz bilamiz. AQSH ni bir chetga qo‘ying, hatto mintaqa miqyosida olganda ham Eronning harbiy sarf-xarajatlari boshqalarnikiga nisbatan nihoyatda kam. Eronning strategik doktrinasi mudofaa yo‘nalishida. Unda diplomatlar sulh tuzishlari uchun hujumni uzoq muddat qaytarib turish ko‘zda tutilgan. Ikki muttaham - AQSH va Isroil esa bu omilni tan olishni istashmaydi. Aql-hushi joyida strategik tahlilchi, Eron yadro qurolini ishga soladi, degan fikrga hech qachon bormaydi. Agar bunga qodir bo‘lganda Eron yer yuzidan shu zahoti o‘chib ketgan bo‘lardi. Boshqaruvdagi ruhoniylar xonumonlarini kuydirishmoqchi emas, buning biror alomati ko‘rinmaydi.

Noam Xomskiy kim?
Jahonning yirik intellektuallaridan biri hisoblanadi. 88 yoshida ham u sermahsul publitsist, faylasuf va anarxistligicha qolmoqda. G‘arbning adolatsizligiga qarshi tinimsiz noroziligini izhor etib keladi.
Noam Xomskiy (yoki Chomskiy) 1928 yilning 7 dekabrida Filadelfiyada (AQSH) tug‘ilgan.
1955 yildan Massachusets texnologiya institutida ish boshlagan.
Mashhur tilshunos, faylasuf va siyosiy faol.
Tilshunoslik sohasida uning ishlari burilish yasagan. Zamonaviy tilshunoslikning otasi hisoblanadi.
AQSHning Vetnamga agressiyasini tanqid qilgani unga mashhurlik keltirdi.
Boshqaruvchi elitaga qarshilik ko‘rsatib keladi, AQSH va G‘arbning tashqi siyosatini qattiq tanqid ostiga oladi.
Yuzlab asarlar muallifi.

O‘zbek diplomati va siyosatshunosi Alisher Fayzullayev (taxallusi Alisher Fayz) bir necha yil muqaddam Noam Xomskiyning ma’ruzasini Taft universitetida tinglagan. Taassurotlarini o‘z blogiga yozar ekan, AQSH siyosatini tinimsiz tanqid qilayotgan mutafakkirga hukumat bosim ko‘rsatishi mumkin yoki yo‘qligi to‘g‘risida mahalliy hamkasblaridan surishtiradi. “Nimalar deyapsiz?”-ajablanadi amerikalik professorlar va AQSH hukumati uni behad izzat qilishini hamda oliy unvonlar bilan taqdirlaganini so‘zlab berishadi.

Shukurjon Islomov tarjimasi

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Dunyo halokat sari ketmoqda”