date

Germaniyada 300 ming yil avvalgi inson izlari topildi

Germaniyada 300 ming yil avvalgi inson izlari topildi

Germaniya hududida tarixiy ahamiyatga ega, inson evolyutsiyasi haqida yangi ma’lumot beruvchi ulkan kashfiyot amalga oshirildi. Tyubingen universiteti boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi Quyi Saksoniya yerida 300 ming yil oldin yashagan qadimgi insonlarga tegishli toshga aylangan oyoq izlarini topishdi. Bu haqida Popular Mechanics jurnali ma’lum qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, topilgan izlar inson evolyutsiyasining muhim bosqichlaridan biri sanalgan Homo heidelbergensis turiga tegishli. Bu tur, olimlar ta’kidlashicha, taxminan 700 ming yildan 200 ming yil oldin Yevropada va Afrikada yashagan hamda neandertallar avlodining ajdodi hisoblangan.

Izlar qadimgi ko‘l yonida, qayin va qarag‘ay o‘rmonlari orasida aniqlangan. Olimlar kattalar bilan bir qatorda bolalar ham bu hududda yashagan, degan xulosaga kelishgan. Chunki kichik o‘lchamdagi izlar ham topilgan.

Mutaxassislar fikricha, izlar butun oila tarkibidagi insonlar birgalikda suv manbai atrofida hayot kechirganini anglatadi. Bu esa yo‘qolib ketgan inson turining ijtimoiy tuzilishi va kundalik turmush tarzini chuqurroq anglashga yordam berishi mumkin.

Qizig‘i shundaki, inson izlari bilan bir qatorda ulkan hayvonlarning izlari ham saqlanib qolgan. Ular orasida og‘irligi 13 tonnaga yetgan qadimiy fillar – Palaeoloxodon antiquus, shuningdek, pleystotsen davriga xos karkidonlar ham bor.

Olimlar ta’kidlashicha, bu topilma insonlar va hayvonlar o‘sha davrda tabiat boyliklarini baham ko‘rib, bir hududda yashaganini ko‘rsatishi mumkin. Bunday kashfiyotlar insoniyat tarixi va uning evolyutsiyasi haqidagi bilimlarimizni yanada to‘ldirib, yangi savollar qo‘yishi bilan ahamiyatlidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada 300 ming yil avvalgi inson izlari topildi