date
views 5 114

Xitoy: Lagerlarda musulmonlarni nimalar qilishgan?

Xitoy: Lagerlarda musulmonlarni nimalar qilishgan?
"Qo‘l-oyog‘imga kishan urishdi. O‘zimni temir kursiga o‘tqazib qo‘yishdi".
"Ayollarning boshlari ochiq, sochlari kesib tashlangan".

"Namoz o‘qishga ruxsat yo‘q. Boshimga ko‘rpamni yopib namoz o‘qisam, jazolashardi".
"Peshob qilish uchun 2 daqiqa, hojat uchun 5 daqiqa. Ulgurmasang, elektr kaltak bilan urishadi".

Xitoy lagerlarida bo‘lib qaytgan musulmonlar ichkaridagi ahvolni xuddi shunday tasvirlashadi.
Bu insonlarning Qozog‘istonda qarindoshlari yoki yashash huquqlari bo‘lgan. Shu bois xalqaro talab va bosimlar ortidan ozod qilinganlar.

Ammo baribir, bir necha oylab musulmonlar uchun tashkil etilgan lagerlarda qolishgan.
Xitoy bu maskanlar lagerlar emas, balki ixtiyoriy kasb-hunar markazlari, deb aytadi.

Biroq u yerlarda bo‘lganlar nima deyishadi?

Erg‘ali
"Men Xitoyda noib imom edim. Cho‘ponlik ham qilganman"
"Meni dindorligim uchun lagerga tashlashdi".

Erg‘ali hozir Taldiqo‘rg‘onda istiqomat qiladi. Bugun uysiz, ishsiz qolgan.
Ammo Qozog‘istonda o‘zini xavfsiz his qiladi.

Sababi - Erg‘ali Xitoyga ko‘chib o‘tadi va 2017 yili Xitoyga savdo uchun o‘tadi.
Ammo Xorgos chegara maskanida uni hibsga olishadi.

"Mening telefonimni tekshirib, ayolimning rasmini ko‘rib qolishdi. U hijobda edi. Sen ham terrorchilarga aloqang bormi, deb ushlashdi" - eslaydi Erg‘ali.
Erg‘alini lagerga olib borishadi.

"U yer oldin haydovchilik maktabi edi. Endi katta lager qilishibdi".
"Ichkarida har-xil musulmonlar - uyg‘urlar, qozoqlar, o‘zbeklar va dunganlar bor edi".

"Hovliga chiqqanda, ayollarni ham ko‘rardik. Ularning sochlari kesib tashlangan, boshlari ochiq edi" - eslaydi yosh imom.
Biz dindorlarni bir xonaga qamashdi. Ko‘pi uyg‘urlar edi. Ammo xonadoshlar o‘zaro suhbatlashishimizga ham ruxsat berishmasdi".

"Namoz o‘qiy olmasdik" - eslaydi Erg‘ali - "Boshimga ko‘rpani yopib, namoz o‘qishga intilardim. Ammo kuzatuv kamerasidan ko‘rib qolishsa, seni jazo xonasiga yuborishardi".
Uning aytishicha, jazo xonasi sovuq. Odamlar ovqatsiz va suvsiz 12 soatlab temir kursida o‘tirishga majburlangan.

"Peshob qilish uchun 2 daqiqa berishardi. Ulgurmay qolsak, elektr kaltak bilan urishardi".
"Oh, elektr kaltak juda yomon. Sakrab ketasan. Hushingdan ayrilasan".

Gulzira
Gulzira ham eri va kichik qizi bilan Olma-Ota yaqiniga ko‘chib kelgan.
Keyin 2017 yili Xitoyda qolgan otasini ko‘rgani boradi.

Uni chegarada ushlashadi va sababini Qozog‘istonga sayohat qilgani bilan izohlashadi.
"Ular menga 26ta musulmon davlati qora ro‘yxatga kiritilganini aytishdi" - deydi Gulzira.

"Turkiya, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlar qatorida Qozog‘iston ham bor ekan".
Gulzirani bir-ikki hafta o‘qiysan, deb maxsus maktabga olib borishadi.

"Ammo borsak, u yer maktab emas, turma ekan" - eslaydi Gulzira.
"Eshik oldi o‘ralgan, soqchilar turarkan. Ular menga kiyimngni yech, deb qizil-qora forma berishdi".

"Qizimni sog‘inib, ko‘p yig‘ladim. Muallimlar esa yig‘layversang, ketmaysan, kulib yurishing kerak. Chunki kameradan kuzatishadi, deb aytishdi".
Gulzira yig‘lashga ham qo‘rqib qoladi.

Lagerda ular Xitoy tili va kommunistik partiya mafkurasini o‘rganishadi.
Keyin uni sartaroshga olib borishadi.

"Ko‘p yalindim, sochimni kesmanglar deb, baribir, kesib tashlashdi".
"Bilmayman, cho‘chqa go‘shti berishdimi... Nima bersa ham yerdik. Qandaydir ukollar qilishdi. Olmasang, ketmaysan, deyishdi. Biz shikoyat qilolmasdik".

"Shikoyat qilgan va tortishgan ayollarni jazolashardi. Meni ham yig‘laganim uchun jazo xonasiga qamab qo‘yishgan".
"Bizni kaltak bilan haydab hojatxonaga olib borishardi" - Gulzira shu yerda bir muddat gapirolmay qoladi.

"Bizga 2 daqiqa vaqt berishardi. Ey, Olloh, shular hech bo‘lmasa 5 daqiqa berishsin, deb ichimizda o‘tinardik".
"Ayol kishini ham shunday xo‘rlashadimi...?"

Olloh yo kompartiya
Erg‘ali ham, Gulzira ham bugun Qozog‘istonda.
Ular oilasi Qozog‘istonda bo‘lgani uchun va qisman, xalqaro bosimlar ostida ozod qilinganlarini aytishadi.

Ammo Shinjonda yuz minglab uyg‘urlar va qozoqlar lagerlarda qolayotgani ishoniladi.
Xitoy rasmiylari bu insonlar markazlarda ta’lim olishganini aytib, ularning barchasi ozod qilinganini ta’kidlamoqda.

Lekin faollarning bildirishcha, hozir lagerlardan chiqarilgan ko‘plab dindorlar uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilmoqda.

Butun Shinjon kuzatuvdami?
"Bu insonlar tashqariga chiqqach ham, qattiq nazorat ostida qolishadi" - deydi Qozog‘istonda yashovchi jurnalist va yozuvchi Joanna Lillis.

"Xitoy o‘z fuqarolari Ollohga emas, balki Shi Jinping kabi qahramonlar va rahbarlarga itoat qilishini istaydi" - Joanna Lillis nega musulmonlar lagerlarga tashlanganini tushuntiradi - "Islom va musulmonlarni esa bunday qolipga tushirib, nazorat qilolmaydi".

Erg‘ali ham, Gulzira ham boshqa qator musulmonlar kabi lagerdan chiqqandan keyin Xitoyda o‘zi tug‘ilib o‘sgan o‘z qishlog‘i yo shahrida bir necha oy tutib turilgan.

Ular uyda ham erkin bo‘lishdan qo‘rqishganini aytadilar.
"Uyda ham kamera. Kelinim va otam ovqatdan oldin hatto Bismilloh deyishdan qo‘rqib qolishgan ekan" - deydi Gulzira.

"Ko‘p masjidlar yopilib, imomlar qamalgan" - deydi noib imom Erg‘ali.
"Ochiq masjidlarga ham odamlar borishdan qo‘rqadi".

"Hozir musulmonlar qamalishdan qo‘rqib, ishdan keyin Xitoycha o‘rganishmoqda".
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Shinjondagi har o‘ninchi musulmon lagerga tashlangan bo‘lishi mumkin.

Xitoy har doim lagerlarni maxsus o‘quv markazlari deb atagan.
Xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar borganida esa doimo shodon, raqs tushayotgan yoki kuylayotgan, kasb-hunar o‘rganayotgan uyg‘urlar va qozoqlar ko‘rsatilgan.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy: Lagerlarda musulmonlarni nimalar qilishgan?