
Microsoft asoschisi, jamoat arbobi Bill Geyts 2015 yil mart oyida TED konferensiyasida nutq so‘zlagan edi. U o‘z nutqida o‘sha yilning esda qolarli voqealaridan biri – G‘arbiy Afrikadagi ebola epidemiyasidan to‘g‘ri xulosa chiqarish muhimligini aytib, endilikda jahon urushlari qurolli emas, virus shaklida bo‘ladi, degan fikrni ilgari surgandi.
Bugungi koronavirus pandemiyasi vaqtida mavzu yana dolzarblashganidan kelib chiqib, insoniyat kelajakdagi ehtimoliy epidemiyalarga qarshi qanday choralar ko‘rishi kerakligi haqida Bill Geyts besh yil avval bildirgan mulohazalarni eslab o‘tamiz.
«Bolaligimda odamlar yadro urushidan qo‘rqishardi. Yerto‘lada suv va konserva zaxirasi saqlanadigan bochka bo‘lardi. Urush bo‘lib qolsa, yerto‘laga yashirinish va shu zaxira bilan kun ko‘rish nazarda tutilardi.
Bugun esa eng qo‘rqinchli katastrofa urush emas. Katastrofaning ko‘rinishi o‘zgardi. Bu – virus. Yaqin o‘n yillikda biron ofat millionlab odamlarni qirib yubora olsa, bu urush emas, virus bo‘ladi. Raketalar o‘rnini mikroblar egallaydi. Chunki yadro qurollanish uchun juda ko‘p pul sarflayapmiz. Epidemiyalar bilan kurashish uchun esa hech qancha. Insoniyat navbatdagi epidemiyaga tayyor emas.
Misol uchun, ebola. Bu haqida barchangiz eshitgansiz. Muammo juda murakkab. Men kasallik ma’lumotlarini o‘rganib chiqdim. Bu vaziyatda muammo tizimning samarasizligida emas. Umuman tizimning o‘zi yo‘qligida. Eng oddiy va muhim vositalar mavjud emas.
(Ma’lumot uchun, ebola – kam uchraydigan, lekin xavfli virus bo‘lib, uning eng yirik epidemiyasi 2014 yil apreldan 2015 yil dekabrgacha G‘arbiy Afrika davlatlarida kuzatilgan. Bu davrda 27 ming nafardan ziyod afrikalik virus bilan kasallangan, vafot etganlar soni 10 mingdan oshgan).
Kasallikni o‘z joyida borib o‘rganib, uning tarqalish darajasiga baho beruvchi epidemiologlar yo‘q. Klinik hisobotlar faqatgina qog‘ozlarda mavjud. Hisobotlar kechikib, birtalay noaniqliklar bilan e’lon qilindi.
Shay holatdagi tibbiy brigada yo‘q. Mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha metodika mavjud emas. «Chegarasiz shifokorlar» ko‘ngillilar kuchidan yaxshi foydalanishdi. Shunga qaramay, yordamchi kuchlarni kasallangan hududlarga yuborish harakati kechikdi. Vaholanki, yirik epidemiya 100 minglab odam mobilizatsiyasini talab etadi.
Jabrlangan mamlakatlarda davolash jarayonini boshqaradigan shaxs yo‘q. U yerda tashxislashni hech kim nazorat qilmadi. Qanday davolash kerakligini hech kim tushunmasdi. Oddiy misol. Tuzalgan bemorning qon plazmasidan boshqa bemorlar uchun davo sifatida foydalanish mumkin edi. Ammo bu metod qo‘llanilmadi. Yo‘qotishlar katta bo‘ldi. Bu jahon masshtabidagi yo‘qotishlar edi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemiyalarni nazorat qilish vositasiga ega, ammo yuqorida aytilgan holatlar uchun emas.
Kinolarda ko‘pincha bunday holatlar boshqacha ko‘rsatiladi. Kelishgan epidemiologlar guruhi darrov yordamga boradi va qahramonlarcha hammani qutqaradi. Ammo hayot Hollivud emas. Kerakli tayyorgarlik bo‘lmasa, navbatdagi epidemiya eboladan ham ko‘proq ziyon keltirishi mumkin.
Ebolaning tarqalish marshrutini ko‘rib chiqaylik. 10 ming nafarga yaqin odam qurbon bo‘ldi. G‘arbiy Afrika davlatlarida yo‘qotish katta bo‘ldi.

Ebola keng tarqab ketmaganining sababi uchta.
Birinchi sabab – shifokorlarning fidoyiligi. Ular bemorlarni topishdi, izolyatsiya qilishdi, virus taqarilishini jilovlashdi.
Ikkinchidan, ebola havo-tomchi yo‘li orqali yuqmaydi. Virusni yuqtirgan bemorning ahvoli keskin yomonlashadi, turishga ham holi qolmagani uchun kasallik tashuvchisi bo‘lib qolmaydi.
Uchinchidan, kasallik shahar hududiga yetib bormadi. Ebola shaharlarga kirib borganida, bemorlar soni ham ko‘p bo‘lardi.
Bu – shunchaki omad. Keyingi gal omad bizga kulib boqmasligi mumkin. Virusni yuqtirganlar bemalol do‘konlarda yurishi, samolyotlarda sayohat qilib, uni tarqatib yurishi mumkin. Virus nafaqat ebola singari tabiiy infeksiya, balki bioterrorizm quroli bo‘lishi ham mumkin. Vaziyatni murakkablashtiruvchi omillar ko‘p.
Virusning havo-tomchi yo‘li bilan tarqalishini ko‘rib chiqaylik. 1918 yilda ispanka grippi havo-tomchi yo‘li bilan tarqagan, infeksiya butun Yer sayyorasini egallagan edi. Ispankadan 30 mln.dan ortiq odam vafot etdi.
Bu jiddiy muammoga panja ortidan qarab bo‘lmaydi. Biz samarali ta’sir choralari tizimini ishlab chiqishimiz mumkin. Buning uchun ilmiy va texnik yutuqlar bor. Mobil telefonlarni olaylik. U orqali axborotni olish va tarqatish imkoniyati bor. Aholining harakatlanishini kuzatish uchun sputnik xaritalar mavjud. Biologik tadqiqotlar rivojlanyapti. Bu virusni tez aniqlash, unga qarshi dori va vaksina ishlab chiqish imkonini beradi.
Ya’ni biz vositalarga egamiz. Faqat ularni global sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish kerak.
Urushga tayyorgarlik jarayonidan o‘rnak olaylik. Askarlar doimo harbiy shaylik holatida bo‘ladi. Armiyani kengaytirish imkonini beruvchi harbiy zaxiralar bor. NATO tez harakatlanuvchi mobil bo‘linmalarga ega. Harbiy tayyorgarlik uchun mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Yonuvchi kimyoviy moddalar bilan tanishtiriladi. Epidemiyalarga qarshi kurashda nega bunday yo‘l tutmaslik kerak?
Eng muhim vazifalar nimadan iborat?
1. Qashshoq mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimini kuchaytirish lozim. Xavfsiz tug‘ruq uchun, chaqaloqlarni emlash uchun sharoit bo‘lishi kerak. Bu mamlakatlar epidemiya to‘lqiniga birinchi ro‘para bo‘ladi.
2. Tibbiy bilimga ega, maxsus tayyorlangan, zarurat bo‘lganda epidemiya o‘chog‘iga borib ishlay oladigan tibbiy brigada kerak.
3. Tibbiyot kuchlarini harbiy tajriba asosida tayyorlash zarur. Operativlik, logistika, xavfsiz hudud tashkil etish kabilarni o‘zlashtirishlari kerak.
4. Harbiy emas, bakteriologik tadqiqotlar olib borish, nozik nuqtalarni aniqlash kerak. AQSHda oxirgi bor 2001 yilda bakteriologik taqiqot o‘tkazilgan. Natijalar qoniqarli emasdi.
Hozircha virus 1:0 hisobda insoniyatdan oldinda. Tashxislash va vaksinatsiya borasida bizga ilg‘or ishlanmalar kerak. Bu borada yetarlicha yutuqlarimiz ham bor.
Bu ishlarning hammasiga qancha mablag‘ ketishini aniq bilmayman. Ammo epidemiya keltiradigan muammolarni hisoblab chiqqanda, bu ishlarga ketadigan xarajatlar hech qancha bo‘lmay qoladi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, grippning global epidemiyasi jahon barqarorligiga 3 trln dollar zarar keltiradi. Yana millionlab hayotlarni ham olib ketadi.
Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish faqatgina epidemiya bilan kurash zarurati emas. Rivojlangan tez tibbiy yordam, ilmiy ishlanmalar xavfsiz va adolatli hamjamiyat uchun muhim.
Diqqat qaratish kerak bo‘lgan birlamchi masala shu. Vahima qilish kerak emas. Makaron g‘amlab, yerto‘lada yashiringan bilan ish bitmaydi. Harakatni hozir boshlamasak, vaqtni boy beramiz.
Ebola insoniyatga yaxshigina dars berdi. U biz uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak. Bugun harakat qilsak, ertaga yutamiz.
Rahmat».
Ma’lumot uchun, TED – AQSHning xususiy notijorat fondi tomonidan har yili o‘tkaziladigan konferensiya bo‘lib, unda siyosat, biznes, madaniyat, fanga oid turli mavzularda ma’ruzalar taqdim etiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar