
Filippin poytaxti Manila shahrida bo‘lib o‘tgan “Dunyo go‘zali 2025” tanlovida Chexiya vakili Natali Pushkinova mutlaq g‘olib deb topildi, deb xabar berdi Critical Beauty Philippines.
21 yoshli Pushkinova Praga yaqinida yashaydi va Karl universitetida “Marketing kommunikatsiyalari va ommaviy aloqalar” yo‘nalishida tahsil oladi. U bir necha yildan beri model sifatida faoliyat yuritib keladi.
Tanlov finalida 79 davlat go‘zallari ishtirok etdi. “Havo malikasi” unvonini islandiyalik Sollis Vala Ivarsdottir, “Suv malikasi” nomini vetnamlik Chin Mi An, “Olov malikasi” unvonini esa tailandlik Vari Ngamkham qo‘lga kiritdi. Eng yaxshi ko‘rinish uchun sovrin Kolumbiyaga, kechki libos namoyishi uchun esa Kuba vakilasiga berildi.
Pushkinova intervyusida ilgari anoreksiyadan aziyat chekkanini va model agentligi uni sog‘lig‘iga xavf soladigan darajada vazn yo‘qotishga majburlaganini aytgan. U shuni ortidan o‘z hayotida yangi sahifa ochganini ta’kidlagan.
Qiziq jihati shundaki, Natali Pushkinova rus shoiri Aleksandr Pushkin bilan uzoq qarindosh bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmaydi.
Ma’lumot uchun, “Dunyo go‘zali” tanlovi 2001 yildan beri o‘tkaziladi va “Miss Universe”, “Miss World” hamda “Miss International” bilan teng darajadagi yirik go‘zallik musobaqasi hisoblanadi. Tanlovning asosiy maqsadi — go‘zallik orqali ekologiya va atrof-muhit muhofazasi haqidagi ongni oshirishdir.
G‘oliblar keyinchalik turli mamlakatlarda atrof-muhitni himoya qilish bo‘yicha elchi sifatida faoliyat yuritadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!