
Yaqin Sharqda siyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Istanbul bosh prokuraturasi tomonidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va bir qator yuqori martabali amaldorlarni hibsga olish haqida chiqarilgan orderni qattiq tanqid qildi.
Saar o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida bu harakatni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning navbatdagi «piar spektakli» deb atadi. Unga ko‘ra, bu qaror siyosiy asosga ega bo‘lib, adolat bilan mutlaqo bog‘liq emas.
Isroil vaziri ta’kidlashicha, Turkiya sud tizimi so‘nggi yillarda siyosiy raqiblarni jismonan ham, huquqiy jihatdan ham bosim ostiga olish vositasiga aylangan. «Erdo‘g‘anning hukmronligi ostida sudlar erkinlik emas, balki tiyish va jazolash quroliga aylandi. U jurnalistlar, merlar va sudyalarning fikr bildirish huquqini cheklab qo‘ygan», — deya qo‘shimcha qildi Saar.
U Istanbul merining yaqinda faqat prezidentga qarshi chiqqani uchun hibsga olinganini ham eslatdi va bu holatni Turkiyadagi siyosiy tizimning xolis emasligini isbotlovchi dalil sifatida keltirdi.
7-noyabr kuni Istanbul bosh prokuraturasi 37 nafar isroillik amaldorni, jumladan Binyamin Netanyahu, mudofaa vaziri Israel Kas, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir hamda armiya bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamirni hibsga olish bo‘yicha order bergani ma’lum qilingandi.
Turkiya tomoni ularni G‘azo sektoridagi harakatlar orqali «genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar» sodir etganlikda ayblamoqda. Shuningdek, ularning ayrimlariga Falastin hududidagi Sumud flotiliyasi kemalariga nisbatan qilingan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik yuklanmoqda.
Bundan tashqari, Netanyahuga nisbatan Xalqaro jinoiy sud (HJS) tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderi ham hanuz kuchda. Sud qarorlarida Isroil bosh vaziri 2023-yil 8-oktyabrdan 2024-yil 20-maygacha bo‘lgan davrda «insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy huquqbuzarliklarda» gumon qilinayotgani qayd etilgan.
Tel-Aviv esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etib, XJSning pozitsiyasini «siyosiylashgan va antisemitizm ta’siridagi qaror» deb atadi. Isroil rasmiylarining fikricha, bu urinishlar mamlakatni siyosiy jihatdan izolyatsiya qilishga qaratilgan.
Hozircha Anqara tomoni bu tanqidlarga javob bermadi. Ammo kuzatuvchilar bu voqea Turkiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni yanada sovutishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!