
Foto: EPA/Vostock-photo
Bugun epidemiya bizdan daromadlar taqsimoti, global iqlim o‘zgarishi, cho‘llashish, sifatsiz ta’lim, ijtimoiy tahdidlar, atrof-muhit ifloslanishi, migratsiya, proteksionizm, irqchilik, terrorizm kabi muammolarni qaytadan ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Inqirozlarning eng dahshatlisi
Bio-iqtisodiy inqirozlarning asosiy xususiyati shundaki, ular o‘tmishdagi qarama-qarshiliklarni, kishilik jamiyatining zaif tomonlarini, kuchlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal etishi, yangi tartib-nizomlar o‘rnatilishini ta’minlashi mumkin. Shuningdek, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq iqtisodiy inqirozlar kechagi kun muammolari qay darajada chuqur ildiz otganini ham ko‘rsatib beradi.
Xitoyning Uhan shahrida aniqlangan yangi turdagi koronavirus epidemiyasi dunyo iqtisodiyotiga ulkan tahdid solmoqda. Avtomobilsozlik, aviakompaniyalar, turizm, energetika sanoati jiddiy zarar ko‘rdi. Jahon iqtisodiyoti o‘sish prognozlari 2,5 foizdan 1,3 foizga tushdi. Inqiroz tufayli dunyodagi ish joylarining deyarli 80 foizi yopildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, global miqyosdagi ishsizlik darajasi 25 foizga chiqishi, dunyo savdo hajmi esa 35 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Ayni paytda dunyoda qashshoqlik darajasi 50 foizga oshish ehtimoli ham mavjud. Ta’kidlash joizki, ko‘lami va hajmi nuqtayi nazarida olib qaraganda, Covid-19 epidemiyasi natijasida yuzaga kelgan ushbu bio-iqtisodiy inqiroz avvalgi inqirozlarning eng dahshatlisidir.
«Yotib qolguncha otib qol» trendga chiqishi mumkin
Aytish lozimki, epidemiyaning bu qadar jiddiy inqirozni keltirib chiqarishi, unga qarshi himoya mexanizmlari yetarli emasligi o‘tgan davrning iqtisodiy «fantastika»sidan kelib chiqdi. Shu bois, odamlar o‘rtasida birdamlikka raxna soluvchi, kuchlilar tomonidan kuchsizlar ezilishiga yo‘l beruvchi, boy va kambag‘al o‘rtasidagi jarlikni yanada kengaytiruvchi iqtisodiy tizimning tanazzuli haqidagi bahs-munozaralar kelajakda yanada yashovchan, barqaror dunyo yaratish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda.
Albatta, bundan keyin «yotib qolguncha otib qol» qabilidagi ishlar trendga chiqishi mumkin. Ya’ni boshqaruvchi elitalar o‘zlarining imtiyozlarini himoya qilishga harakat qilishadi.
Afsuski, bugun epidemiya keltirib chiqargan salbiy oqibatlarga o‘tmishni so‘roq qilish, ijtimoiy va siyosiy mexanizmlarni tanqidiy baholash nuqtayi nazaridan boqilmayapti. Avvallari global tartib o‘zgarishi tarafdorlarining fikr asosini qayta tiklanadigan energiya, barqaror iqtisodiy o‘sish, ish joylari yaratish, umumiy ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, daromadlarni adolatli taqsimlash kabi tushunchalar tashkil etardi. To‘g‘ri, bu boradagi g‘oyalarni ishlab chiqish va muqobil modellarni taklif qilish muhim ahamiyatga ega, ammo bugungi murakkab vaziyatni o‘nglash uchun bu «ro‘yxat» hali yetarli degani emas.
Kimlar geosiyosatning hal qiluvchi kuchiga aylanadi?
Covid-19 pandemiyasi kundalik hayotimizga onlayn tizimlar, virtual razvedka, robototexnika, 5G texnologiyalar, ulkan ma’lumotlar (Big Data) va 4-sanoat inqilobini olib kirdi. Bu vositalarni ishlab chiqarganlar, ishlab chiqarish zanjiriga qo‘sha bilganlar, biznes yuritish madaniyatiga moslashtira olganlar g‘olib sifatida global geosiyosatning hal qiluvchi kuchlariga aylanadi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘tmishning g‘oliblari – hokimiyat elitalari, oligarxlar imtiyozli neoliberal iqtisodiy tartibni saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi. Hech bo‘lmaganda, ular Covid-19 sabab yuzaga kelgan raqamli texnologik o‘zgarishlarni o‘z xizmatlariga joriy qilish orqali global ekspluatatsiya mexanizmlarini davom ettirishga urinadi. Albatta, globallashuv va moliyaviylashtirish masalasida mag‘lub bo‘ganlar uchun bu yaxshi yangilik emas.
«Yangi dunyo tartibi» qanday asoslarga quriladi?
Bugungi tang vaziyat islohotchilar o‘zlarining kelajak bilan bog‘liq rejalarini va ularni amalga oshirish mexanizmlarini formulaga sola olmaganliklarini, tuzib chiqqan chala-chulpa formulalarini esa sog‘lom shaklda bo‘lishmaganliklarini ko‘rsatib turibdi. Afsuski, barqaror kelajak haqidagi tasavvurni haqiqiy hayotga qovushtiruvchi iroda hali-hanuz yaratilmagani bugun yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Shuning uchun ham mafkuraviy va konseptual chalkashliklar dunyo muammolariga real yechim topilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Sir emaski, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Jahon savdo tashkiloti (JST), Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar epidemiyaga qarshi kurashda ojiz qoldi. Ularning yetarli darajada kuch sohibi emasligi, muvofiqlashtirishdagi nomuvofiqliklar, juda kech va kam miqdorda berilgan yordam to‘plamlari ushbu muassasalarni zamonaviy global muammolarga to‘liq javob bera oladigan shaklda qaytadan tashkil etish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Shubha yo‘qki, xalqaro institutlarni isloh qilish yoki yangi institutlar rolini oshirish «yangi dunyo tartibi»ni joriy etish uchun harakat qiladigan kuchlarlarning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. Ungacha esa ular eski muassasalar va eski amaliyotlar bilan o‘zlarini isbotlashga urinib ko‘radilar.
Davr bizdan nimani talab qilmoqda?
Yangi bosqichda milliy modelga urg‘u berish, qaror qabul qilish mexanizmlarini milliy ma’lumotlar va ijtimoiy, tarixiy-madaniy asosda shakllantirish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Endilikda 5G texnologiyasidan foydalanuvchi, shu bilan birga, o‘tmishdagi inqirozlarni yengib o‘tishga qodir ishchi kuchiga ega bo‘lish davlat imkoniyatlarini belgilaydigan asosiy elementga aylanishi aniq. Ya’ni yangi ishbilarmonlik ko‘nikmasiga erishmay turib, global davlatlar iyerarxiyasida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishning imkoni yo‘q. Masalan, Xitoyning o‘z aholisi ustidan o‘rnatgan nazorat va baholash tizimlari ushbu sohani kuchaytirishga qaratilgan harakatlardir. Biroq mazkur amaliyot global raqobatda yuqori o‘rinni egallashni kafolatlaydigan dastur emas.
Albatta, bugungi kamtarona munosabatlar, tibbiy yordam da’vatlari, oldinga egilgan boshlar bizni chalg‘itmasligi kerak. Zotan, davr bizdan mudofaa mexanizmlarini, muqobil sanoatni, qishloq xo‘jaligi strategiyalari va yangi biznes amaliyotini global geosiyosatga muvofiq amalga oshirishni talab qilmoqda.
EpidemiyaBio-iqtisodiy InqirozGlobal IqtisodiyotIshsizlik DarajasiYangi Dunyo TartibiGeosiyosat Kuchlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing