date
views 1 711

«Begonalar» – Furgal va Rossiyadagi boshqa muxolif rahbarlar haqida

«Begonalar» – Furgal va Rossiyadagi boshqa muxolif rahbarlar haqida
Foto: Valeriy Sharifulin/TASS
So‘nggi vaqtlarda Xabarovsk Rossiyaning eng ko‘p tilga olinayotgan hududi bo‘lib turibdi. Minglab odamlar ko‘chalarni to‘ldirib, o‘zlari saylagan gubernator Sergey Furgal ozod etilishini talab qilishmoqda. Ammo bu talabning endi foydasi yo‘qdek, chunki Putin allaqachon hududga yangi rahbar tayinladi. 39 yoshli Mixail Dektyarov Xabarovskni vaqtincha boshqarib turadi. Qizig‘i, u ham Furgal kabi LDPR a’zosi.

O‘n kundan oshdiki, Uzoq Sharqdagi Xabarovsk shahrida namoyishlar tinmayapti. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 18-19 iyul kunlarida 40-50 ming nafar namoyishchi Xabarovsk ko‘chalarida chiqqan.

9 iyul kuni Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Sergey Furgal maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, Moskvaga olib ketilgandi. Furgal 2004-2005 yillarda, tadbirkorlik qilib yurgan paytida 3 nafar tadbirkorni o‘ldirishda gumon qilinyapti. U hibsga olinishi ortidan o‘lkani namoyishlar to‘lqini qamrab oldi.

Xabarovsk Foto: Reuters
Namoyishchilar Putinni oshkora haqorat qilib hayqirishmoqda va undan Furgalni darhol ozod qilishni talab etishmoqda. Namoyishchilar «Furgalni bizga qaytar», «Furgal bizning tanlovimiz bo‘lgan», «Furgaldan qo‘lingni tort» kabi shiorlar yozilgan bannerlarni ko‘tarishgan.

Xabarovsk Foto: AP/TASS

Foto: AR/TASS

Foto: Dmitriy Morgulis/TASS
Furgalning hibsga olinishi rossiyaliklar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda. Aksariyat rossiyaliklarning fikricha, Sergey Furgal muxolif qarashlari tufayli yolg‘on ayblovlar bilan hibsga olindi. Sergey Furgal Rossiya hududlaridagi muxolif partiya vakillaridan saylangan kam sonli rahbarlardan biri hisoblanardi.

Sergey Furgal qo‘lga olingach LDPR rahbari Jirinovskiy Dumada qilgan chiqishida Rossiya hukumati va prezidentini jiddiy ayblab, hukumat muxolifat vakillariga shu zaylda munosabatda bo‘laversa, amaldagi hukumatga qarshi inqilob uyushtirish bilan tahdid qildi.

Rossiyada 1 iyul kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasida o‘tkazilgan referendumda Xabarovsk o‘lkasi aholisi eng past natijalardan birini ko‘rsatgan. Shuningdek, Xabarovsk o‘lkasi dumasida 35 nafar deputatdan bor yo‘g‘i ikkitasi hukmron partiya bo‘lgan «Yedinaya Rossiya» vakili, 28 nafar deputat esa Jirinovskiy boshchiligidagi LDPR vakili hisoblanadi. Furgal ham aynan shu partiya vakili.

Bu ko‘rsatkichlardan o‘lka aholisi mamlakatdagi hukmron partiya bo‘lgan «Yedinaya Rossiya»ni va mamlakat rahbari Putinni qo‘llamasligini tushunish mumkin. Qolaversa, Sergey Furgal 2018 yil o‘tkazilgan saylovda «Yedinaya Rossiya» partiyasi vakili va o‘sha vaqtda amaldagi gubernator Vyacheslav Shportni yenggandi. Furgal va Shport o‘rtasidagi raqobat 2013 yilda Xabarovsk o‘lka gubernatorligi uchun o‘tkazilgan saylovlardan boshlangan, birinchi safar Furgal raqibiga yutqazgan edi. Oradan besh yil o‘tib, garchi Shportni mamlakat rahbari qo‘llab turgan bo‘lsa ham, Furgal yengib chiqdi va Xabarovsk o‘lkasi gubernatoriga aylandi.

Bugungi kunda Rossiyaning ma’muriy bo‘linishi shunchalik murakkabki, bu mamlakatda yashovchilarning aksariyati ham bu haqda uncha ko‘p ma’lumotga ega emas. Masalaning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, zamonaviy Rossiyaning ma’muriy bo‘linishi sobiq ittifoqdan ajralib chiqqan boshqa respublikalardagi kabi SSSR davridan uncha katta o‘zgarishlarga uchramay kelyapti. SSSR parchalanib ketgach, Rossiya mustaqil bo‘lganidan buyon uning ma’muriy bo‘linishi masalasida qisman o‘zgartirishlar qilindi. Ba’zi bir o‘lkalar oblastga aylantirildi, oblastlar esa o‘lkaga. Yoki qaysidir avtonom hudud boshqa oblast tarkibiga kiritildi. Balki kelajakda boshog‘riq bo‘lmasligi uchun shunday qilingandir. Buyog‘ini Moskvada o‘tirgan janoblar ko‘proq bilishadi.

Bugun Rossiya tarkibida:
22ta respublika;
9ta o‘lka;
46ta oblast;
3ta markazga bo‘ysunuvchi shahar;
4ta avtonom okrug;
1ta avtonom oblast bor.

Rossiya Federatsiyasida jami 85ta federal sub’ekt bor.
Quyidagi ma’lumotlar Rossiya tarkibidagi sub’ektlar emas, ularni boshqarayotgan shaxslar haqida. Aniqrog‘i, sub’ektlarni boshqarayotgan rahbarlarning siyosiy qarashlari haqida bo‘ladi.

Rossiyaning qaysi sub’ektida muxolif partiya vakillari rahbarlik qilishini ko‘rib chiqsak.

1. Kareliya respublikasi rahbari Artur Parfenchikov, KPRF (kommunistik partiya) a’zosi.
2. Mariy El respublikasi rahbari Aleksandr Yevstifeyev, partiyasiz.
3. Xakasiya respublikasi rahbari Valentin Konovalov, KPRF a’zosi.
4. Chuvashiston Respublikasi rahbari Oleg Nikolayev, «Spravedlivaya Rossiya» (sobiq gubernator Mixail Ignatev Putinni sudgan bergandi. Ko‘p o‘tmay 19 iyun kuni koronavirusdan o‘ldi).
5. Perm o‘lkasi rahbari Dmitriy Maxonin, partiyasiz.
6. Xabarovsk o‘lkasi rahbari Sergey Furgal, LDPR a’zosi (9 iyul kuni hibsga olindi).
7. Vladimir oblasti rahbari Vladimir Sipyagin, LDPR a’zosi.
8. Kurgan oblasti rahbari Vadim Shumkov, partiyasiz.
9. Omsk oblasti rahbari Aleksandr Burkov, «Spravedlivaya Rossiya» a’zosi.
10. Orlovsk oblasti rahbari Andrey Klichkov, KPRF a’zosi.
11. Smolensk oblasti rahbari Aleksey Ostrovskiy, LDPR a’zosi.
12. Tula oblasti rahbari Aleksey Dyumin, partiyasiz.

Rossiyadagi 85ta federal sube’ktdan 4tasida partiyasiz shaxslar, bor yo‘g‘i 8tasida esa muxolif partiya vakillari rahbarlik qilayapti. Qolgan barcha rahbarlar hukmron «Yedinaya Rossiya» vakili hisoblanadi. Bu faktning o‘zi ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.

Eng qizig‘i, bugun rahbarlik lavozimida o‘tirganlarning aksariyati avvalroq boshqa partiya vakili bo‘lgan va so‘nggi 4-5 yilda «Yedinnaya Rossiya»ga «transfer qilingan». Ular amalidan ajrab qolmaslik yoki yuqoriroq amalni egallash uchun partiyasini almashtirib hukmron partiya safiga o‘tgan.

Mixail Degtyarev Foto: Mixail Metsel/TASS
Xabarovskning yangi gubernatori ham LDPR partiyasidan bo‘lganini avvalo namoyishlarni tinchitish uchun qilingan ish deb tushunish mumkin. Chunki namoyishchilar orasida liberal partiyani qo‘llagani uchun Furganlni ozod qilishlarini talab qilayotganlar ham kam emas. Balki hukumat mana yangi rahbar ham sizning partiyangizdan, endi jim turing, demoqchidir.

Darvoqe, bu rahbar noodatiy chiqishlari bilan yodda qolgan. U xususan Rossiyada dollarni cheklashni va AQSHning Rossiyadagi elchixonasi manzilini Shimoliy Amerika boshi berk ko‘chasi 1-uy deb o‘zgartirishni taklif qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Begonalar» – Furgal va Rossiyadagi boshqa muxolif rahbarlar haqida