14:16 / 31.07.2020
1 583

Turkiyaning ijtimoiy media to‘g‘risidagi qonuni: yangi tartib qanday bo‘ladi?

Turkiyaning ijtimoiy media to‘g‘risidagi qonuni: yangi tartib qanday bo‘ladi?
Foto: Getty Images
Twitter va Facebook singari millionlab foydalanuvchilarga ega bo‘lgan ijtimoiy media kompaniyalari uchun bir qator majburiyatlar va sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonun Turkiya Buyuk Milliy Majlisi (TBMM) bosh assambleyasida ba’zi moddalarning amal qilish muddatini kechiktirish va jarimalar miqdorini kamaytirish kabi ayrim o‘zgartirishlar bilan qabul qilindi.

Qanday o‘zgarishlar kiritildi?
Jamoatchilikda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan 9 moddadan iborat ijtimoiy medianing yangi tartibi Turkiya parlamentining uzoq muzokaralaridan so‘ng qabul qilindi. Shundan so‘ng parlament 1 oktabrga qadar ta’tilga chiqdi.

Ijtimoiy tarmoq provayderlarining o‘z vakilliklarini ta’minlash majburiyati va bu bilan bog‘liq sanksiyalarning amal qilish muddati 3 oyga kechiktirildi.

Ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan postlarni o‘chirish va blokirovkalash yuzasidan qilingan foydalanuvchilarning murojaatlari bilan bog‘liq ilk hisobotni Turkiya Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari ma’muriyati (BTK)ga taqdim etish majburiyati 2021 yilning yanvaridan 2021 yilning iyuniga qoldirildi.

Qabul qilingan yana bir taklif bilan tomonlarning IP-manzili, taqdim etilgan xizmatning boshlanish va yakunlanish vaqti, foydalanilgan xizmat turi, uzatilgan ma’lumotlar miqdori va abonentning shaxsiy ma’lumotlari (agar mavjud bo‘lsa)ni qamrab oluvchi «trafik ma’lumotlari»ga «port ma’lumoti» ham qo‘shildi.

Bir xil IP-manzil ayni vaqtning o‘zida turli foydalanuvchilarga ajratilgani sababli foydalanuvchilarni bir-biridan farqlab olish va shu yo‘l bilan ehtimoliy jabrlanishlarning oldini olish ushbu taklifning sababi sifatida ko‘rsatilmoqda.

Yangi tartibdan ko‘zlangan maqsadi nima?
Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining (AKP) ta’kidlashicha, huquqiy tartibga solishning asosiy zarurati internet foydalanuvchilarining shaxsiy murojaatlari yoki davlat muassasalarining bildirishnomalarida uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun ijtimoiy tarmoq provayderlari bilan aloqa o‘rnatishdan iborat.

Muxolifat partiyalar esa ushbu yangi tartibga ijtimoiy media va fikr erkinligini bo‘g‘ish, deb baho bermoqda.

Ijtimoiy tarmoq nima, u kimlarni qamrab oladi?
«Internetda e’lon qilingan postlar va ular orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi va unga «ijtimoiy tarmoq provayderi» nomi ostida yangi band qo‘shildi.

Unga ko‘ra, foydalanuvchilarning internet muhitida ijtimoiy aloqa maqsadida matn, rasm, ovoz tarkibli postlarni yaratishlariga va e’lon qilishlariga imkon beruvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar ijtimoiy tarmoq provayderlari deb belgilandi.

Ushbu doiraga kundalik hayotda «ijtimoiy media» deb nomlanadigan Twitter, Facebook, Instagram, Tiktok, YouTube va WhatsApp kabi ijtimoiy media tashkilotlari kiradi.

Bildirishnomalar qayerga beriladi?
Ma’muriy jarimalar agar qabul qiluvchi chet elda bo‘lsa, BTK tomonidan qabul qiluvchiga, internet sahifalaridagi aloqa vositalari, IP-adres va shunga o‘xshash manbalar ko‘rsatilgan holda elektron pochta yoki boshqa aloqa vositalari yordamida bildiriladi.

Qaysi hollarda postni olib tashlash va blokirovka amalga oshiriladi?
Foydalanuvchilar o‘z shaxsiy hayot sirlariga daxl qilinishi, haqorat, nafrat, tuhmat kabi shaxsiy huquqqa tajovuzlar bo‘lgani yuzasidan provayderlarga murojaat qilishlari, jabr ko‘rilishining oldini olish maqsadida postni olib tashlash yoki unga kirishni blokirovka qilish istagini bildirishlari mumkin.

Ijtimoiy tarmoq provayderi ushbu murojaatlarga 48 soat ichida ijobiy yoki salbiy javob qaytarishi lozim. Agar salbiy javob qaytarilsa, uning asoslari ko‘rsatilishi shart.

«Unutilish huquqi» nimani anglatadi?
Yangi qonuniy tartibga ko‘ra, «unutish huquqi» shaxsiy huquqlarga tajovuz qilish, tuhmat, haqorat kabi sabablarga ko‘ra tarkibni blokirovka qilish yoki olib tashlash bilan bir qatorda qo‘llanishi mumkin.

Bunday holda ismlar keltirilgan va «shaxsiy huquqlarga tajovuz» deb ta’riflangan postlar Google kabi qidiruv tizimlarida ko‘rinmaydi, ya’ni ular butunlay o‘chirib tashlanadi.

Vakilga ega bo‘lish majburiyati qachondan boshlanadi?
Turkiyada har kuni milliondan ortiq foydalanuvchi kiradigan Facebook, Twitter va Instagram kabi xorijiy manbalarga asoslangan ijtimoiy tarmoq provayderlari eng kamida bir kishini o‘z vakili sifatida ko‘rsatishi kerak.

Ushbu shaxsning aloqa ma’lumotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoniyati saqlangan holda veb-saytga joylashtiriladi.
Ijtimoiy tarmoq provayderi ushbu shaxsning shaxsini tasdiqlovchi va aloqa ma’lumotlarini BTKga taqdim etadi.

Agar vakil jismoniy shaxs bo‘lsa, u Turkiya Respublikasining fuqarosi bo‘lishi shart. Ushbu modda, ya’ni o‘z vakiliga ega bo‘lish majburiyati 1 oktabrdan e’tiboran kuchga kiradi.

Vakili yo‘qlarga nisbatan qanday choralar ko‘riladi?
Vakilligini tegishli tartibda ko‘rsatmagan ijtimoiy tarmoqlarga jarimalar, shuningdek, reklama taqiqlaridan tortib, internet tezligini 90 foizga tushirish kabi orqali «de-fakto» blokirovka qilishgacha bo‘lgan tadrijiy sanksiyalar qo‘llanadi.

Uunga ko‘ra, vakilini ko‘rsatmagan va hisobot berish majburiyatini bajarmagan ijtimoiy tarmoq provayderiga BTK tomonidan bildirishnoma beriladi. Agar ushbu bildirishdan so‘ng 30 kun ichida tegishli talab bajarilmasa, ijtimoiy tarmoq provayderi 10 million lira miqdorida ma’muriy jarimaga tortiladi.

Agar ma’muriy jarima haqida xabar berilgan kundan keyingi 30 kun ichida ham majburiyat bajarilmasa, yana qo‘shimcha 30 million liralik ma’muriy jarima solinadi.

Ikkinchi marta berilgan ma’muriy jarimalardan keyin ham 30 kun ichida ushbu majburiyat bajarilmasa, Turkiyadagi jismoniy va yuridik shaxslarning ijtimoiy tarmoq provayderlariga reklama berishi taqiqlab qo‘yiladi.

Internet tezligini kamaytirish qarori qanday qabul qilinadi?
Reklama berish taqiqi haqidagi qarordan e’tiboran 3 oy ichida majburiyat bajarilmagan holda esa BTK ijtimoiy tarmoq provayderining internet-trafik o‘tkazish qobiliyatini 50 foizga tushirib qo‘yadi. Boshqacha aytganda, internet tezligini pasaytiradi. Ammo agar yana 30 kun ichida vakil tayinlanmasa, BTK internet tezligini 90 foizga kamaytirishni talab qilib, sudga murojaat etadi.

Ushbu arizaga binoan, sudya internet tezligini 50 foizdan kam va 90 foizdan ko‘p bo‘lmagan shaklda kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Qaror ijrosi 4 soat ichida ta’minlanishi shart bo‘ladi.

Jarimalar qanday olib tashlanadi?
Vakillik ko‘rsatish va hisobot berish majburiyati bajarilgan taqdirda ma’muriy jarimaning to‘rtdan bir qismi olib tashlanadi, reklama taqiqi esa bekor qilinadi va sud qarorlari avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotadi.

Provayderlarga BTK tomonidan internet-trafik o‘tkazish qobiliyatiga xalaqit berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi xabar beriladi.
Qonundagi ushbu majburiyatlar 1 oktabrdan kuchga kiradi.

Ma’lumotlarning Turkiyada saqlanishi majburiymi?
Qonunning ko‘p muhokama qilinayotgan moddalaridan yana biri shuki, «Turkiyada kuniga 1 milliondan ortiq foydalanuvchi kiradigan xorijiy manbali ijtimoiy tarmoq provayderi Turkiyadagi foydalanuvchilarga oid ma’lumotlarni Turkiyada saqlashga oid zaruriy choralarni ko‘radi». Biroq bu choralar aynan nimalardan iborat ekani qonunda aniq ko‘rsatilmagan va ma’lumotlar olib kelinmagan hollarda hech qanday sanksiya ko‘zda tutilmagan.

Ijtimoiy tarmoq provayderlarining hisobot berish majburiyati qanday, birinchi hisobot qachon beriladi?
Ijtimoiy tarmoq provayderlari har 6 oyda bir marta BTKga hisobot berib boradi va bu hisobotlarni o‘z saytida elon qiladi. Mazkur hosobotlarda nomaqbul kontentni olib tashlash yoki unga kirishning oldini olish, shu jumladan, maxfiylikni buzish to‘g‘risidagi arizalar bo‘yicha statistik va kategoriyali ma’lumotlar o‘z aksini topadi.

Qonunga ko‘ra, tarmoq provayderlari ilk hisobotni BTKga 2021 yil iyun oyida berishlari kerak bo‘ladi.

Jarima kim tomonidan qanday qo‘llanadi?
Amaldagi qonunda provayderlar uchun jarimalar oshirildi. Joylashishni ta’minlovchi ijtimoiy media institutlari, joylashuv to‘g‘risidagi xabarni taqdim etmasa, BTK prezidenti tomonidan 100 mingdan 1 million liragacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortiladi.

Tarkibning nashr etilishiga, kirishning bloklanishiga, shaxsiy hayotning buzilishga oid BTK prezidenti tomonidan bildirilgan so‘rovga ijtimoiy tarmoqlar 48 soat ichida javob bermasa, 5 million lira; postni olib tashlash va unga kirishni taqiqlash qarori bajarilmagan taqdirda esa 10 million lira miqdorida ma’muriy jarimaga tortiladi.

Ma’muriy jazo ko‘zda tutilgan qoidabuzarliklar bir yil ichida har takrorlanishda bir baravar oshiriladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyaning ijtimoiy media to‘g‘risidagi qonuni: yangi tartib qanday bo‘ladi?