18:23 / 10.08.2020
3 899

Livandagi portlashni maxsus xizmatlar uyushtirdimi?

Livandagi portlashni maxsus xizmatlar uyushtirdimi?
Livan armiyasi rasmiylarining ta’kidlashicha, Bayrutdagi fojia yillar davomida bojxona musodara qilgan portlovchi moddalar saqlangan qismida sodir bo‘lgan. Bu portlash o‘z-o‘zidan sodir bo‘ldimi yoki terroristik hujummi, hanuzgacha noma’lum. Hozir sodir bo‘lgan voqea yuzasidan bir nechta farazlar mavjud. Portlashning uyushtirilganligiga bir necha shu soha mutaxassislari va davlat rahbarlarining taxminlari sabab bo‘ldi.

– Portlashning "tulki dumi" deb nomlanadigan qizil gumbazi nitrat kuyganda azot dioksidi ajralib chiqadi, shuning uchun qizg‘ish rang paydo bo‘ladi, – deb fikrini bildiradi harbiy ekspert va BMTning biologik va kimyoviy qurolsizlanish bo‘yicha komissiyasining sobiq a’zosi Igor Nikulin. – "Asosiy aybdor" bu selitradir. Natriy nitrat asosan o‘g‘it sifatida ishlatiladi, ammo u qora poroxning tarkibiy qismi. Biroq, u o‘z-o‘zidan, portlab ketishi mumkin emas. Ehtimol, hodisa portlash moslamasi tomonidan qo‘zg‘atilgan bo‘lishi mumkin, shundan so‘ng biz ko‘rgan barcha effektlari bo‘lgan ulkan yong‘in boshlandi.

Portlashlar sobiq bosh vazir Sa’d Haririyni yo‘q qilishga urinish bo‘lishi mumkin. Ikkinchi portlash uning uyi yaqinida yuz bergan, siyosatchining o‘zi ham jabrlanmagan. 7 avgust kuni 2000-2004 yillarda Livanning sobiq bosh vaziri bo‘lgan uning otasi Rafiq Haririyning o‘ldirilishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tishi lozim edi. Siyosatchi 2005 yilda terakt natijasida vafot etgan.

Suriyaga qarshi pozitsiyada bo‘lgan Rafiq Haririyning o‘ldirilishida darhol Suriyani ayblashdi. Livanda 90-yillargacha davom etgan fuqarolar urushi boshlanganda Damashq 1976 yilda Livanga o‘z qo‘shinlarini yuborgan edi. BMT Xavfsizlik Kengashining 1559-sonli rezolyutsiyasida Suriyaga Livandan harbiy kuchlarini olib chiqish buyurilgan, ammo Suriya bu qarorni uzoq vaqt davomida bajarishdan bosh tortgan. Haririyning o‘ldirilishi va xalqaro bosim, xususan Qo‘shma Shtatlar tomonidan Damashqni sanksiyalar bilan qo‘rqitgani Suriyani o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga majbur qilgan edi.

Yana bir taxmin. Portlashlardan so‘ng darhol «Hizbulloh»ga qarshi ayblovlar e’lon qilindi - bu Livanda Saudiya taraf siyosatini olib borgan sobiq bosh vazir Sa’d Haririyning yo‘q qilinishidan foyda olishi mumkin. Biroq, tashkilot vakillari ushbu versiyani OTV kanalida rad etishdi.

Siyosatshunos Roland Bijamov portlashlar aybni «Hizbulloh»ga ag‘darish uchun uchun ataylab sodir etilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrda. Eronparast guruhning aybdor qilishga ichki va Saudiya Arabistoni, AQSH va Isroil kabi tashqi o‘yinchilar qiziqish bildirmoqda.
O‘tgan yilning kuzida Bayrut va Tripolidagi minglab norozilik namoyishlaridan so‘ng Bosh vazir Sa’d Haririy iste’foga chiqdi va yanvar oyida parlament bu lavozimga boshqa nomzod Hasan Diabni tasdiqladi. Biroq, yangi tayinlanish norozilik kayfiyatiga barham bermadi – aprel oyining o‘rtalarida pandemiya kuchsizlangandan so‘ng, Livan Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi homiyligida o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlarga qarshi yana ko‘chalarga chiqdi.

Saudiya Arabistonining Al-Hadas telekanaliga ko‘ra, Isroil havo kuchlari Bayrut portidagi harbiy bazalarga hujum qilgan. Portdagi omborlar Eron qurollarini saqlash yoki tashish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Isroil bir necha bor Eronning Suriyadagi, shu jumladan Damashq aeroportidagi harbiy bazalariga zarba bergan.

Isroil harbiy eksperti Yakov Kedmi Isroilning Bayrut portiga raketa hujumini uyushtirishiga hech qanday asos yo‘qligini aytdi: “buning uchun aniq sabablar bo‘lishi lozim va tinch savdo portini portlatish hech qanday foyda keltirmaydi”, degan mutaxassis.

– Yuqori darajadagi ehtimollik bilan, bu Livanning ichki janjallari, ular Isroil uchun qiziq emas. Bayrut portidagi omborlar, agar ular Erondan qurol-aslaha yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lsa, xavfli bo‘lishi mumkin. Ammo bu holda ham, hech kim ularni yo‘q qilish uchun bunday usullarga murojaat qilmaydi, – deya ta’kidlagan ekspert.

Biroq ekspertning fikri Isroil davlat boshliqlarining qarori bilan mos kelmasligi mumkin va portdagi portlashda yahudiylarning ham qo‘li bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Chunki Livan va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi bir oy ichida ancha taranglashdi. Iyul oxirida «Hizbulloh» SAXAL (Isroil mudofaa kuchlari) jipini portlatishga uringan edi. Bundan sal oldinroq Isroil razvedka xizmatlari «Hizbulloh» xodimiga hujum qilgan edi.

“Al-Manar” telekanali efirida “Hizbulloh” tashkiloti rahbari Hasan Nasrulloh Bayrut portidagi portlashni "katta fojia" deb atagan va “Hizbulloh” o‘z qurollarini Bayrut portida saqlamaganini aytgan.

– Biz “Hizbulloh Bayrut portini boshqaradi”, degan mish-mishlarni rad etamiz. Biz Xayfa portini bundan ko‘ra ancha yaxshi bilamiz, – degan edi Nasrulloh.

Sharqshunos Kseniya Svetlova o‘z telegram kanalida port «Hizbulloh» qurollari ombori bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Bir yil oldin, ekspertning so‘zlariga ko‘ra, guruh Bayrut aeroporti hududida o‘z qurol omborini yaratishga harakat qilgan.

Livan prezidenti Mishel Naim Aun Bayrut portida seshanba kuni sodir bo‘lgan kuchli portlash sababi hali aniqlanmaganligini aytdi.
"Tashqi kuchlarning ishtiroki, raketa yoki bomba ishlatilishi ham istisno qilinmaydi", degan Livan prezidenti.

Livan hukumati "tashqi hujum uyushtirilganmi yoki portda yong‘in bo‘lganmi" yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda. Bungacha fojia ortida maxsus xizmatlar turgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumot Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan edi. Oq uydagi brifingda AQSHning taniqli prezidenti quyidagilarni aytdi:

– Men bizning generallarimiz bilan uchrashdim. Ular bu hujum deb o‘ylashyapti. Ha, bu qandaydir sanoat portlashi emas, qandaydir bomba edi, – dedi Tramp.
Harbiy ekspert Aleksey Leonkov, mineral o‘g‘it sifatida ma’lum bo‘lgan ammiak selitrasi, agar u buning uchun tayyorlansagina, portlatuvchi moslamaga aylanishini aytadi.

– Bunday aralashma, masalan, porox kabi ma’lum portlovchi moddada bo‘ladi. Ammo, albatta, bu holda ma’lum ishlov berish orqali amalga oshiriladi. Oddiy ammiak selitrasini portlovchi holga keltirish uchun bir qator harakatlar qilish kerak, kimyoviy katalizator va detonator kerak, deydi mutaxassis. "Ammiakli selitraning o‘zi xavfli emas", – deya qo‘shimcha qildi Leonkov. – Ammo bilimdon odamlarning mahoratli qo‘llarida bu o‘ta xavfli moddaga aylanadi. Maxsus xizmat vakillari va ba’zi terroristik tashkilotlar vakillari buni juda yaxshi bilishadi.

Biroq, hamma mutaxassislar ham ammiak selitrasi portladi degan fikrga qo‘shilmaydilar. Xususan, AQSH hukumatining alkogol, tamaki, o‘qotar qurol va portlovchi moddalar (ATG‘) agentligining iste’fodagi tadqiqotchisi Entoni Mayning fikricha, portlashdan keyin paydo bo‘lgan bulut rangi boshqa birikmalarga ishora qiladi. Yaqin Sharqda katta tajribaga ega bo‘lgan Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti Robert Bar "bu to‘q sariq (olov) shar potensial harbiy darajadagi portlovchi moddalarni ko‘rsatadi" degan.

Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Livandagi portlashni maxsus xizmatlar uyushtirdimi?