00:30 / 03.08.2021
3 207

Afg‘oniston: toliblar bostirib kelmoqda, prezident G‘ani Vashingtonni aybladi


«Hozirgi vaziyatning sababi shuki, qaror [amerikalik harbiylar olib ketilishi bo‘yicha qaror] keskin va kutilmaganda bo‘ldi», degan u dushanba kuni afg‘on parlamentida va Vashingtonni oqibatlar haqida ogohlantirgan.

«Tolibon» harakati jangarilari may oyi boshida hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli yurishlar boshladi va mamlakatning yarmini egallab olishdi, toliblarning o‘zlari esa 80 foiz hududga egalik qilinayotganini iddao etishadi. Ularning maqsadi - Afg‘onistonda amerikaliklar kelguniga qadar 1996-2001 yillarda hukm surgan islom amirligini tiklash hisoblanadi.

Hozirda uchta viloyat markazi uchun qaqshatqich janglar davom etmoqda: Hirot, Qandahor va Lashkargoh.
Ashraf G‘ani uning boshqaruvidagi hukumatga barchasini o‘z joyiga qo‘yish uchun yarim yil vaqt kerakligini bildirgan.

Navbatdan tashqari sessiya uchun yig‘ilgan parlament deputatlari Afg‘oniston Respublikasi va uning konstitutsiyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlovchi bayonot qabul qilishdi.

Janglar, gumanitar inqiroz va opium
Afg‘oniston janubi va g‘arbida hukumat kuchlari hamda «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasida intensiv janglar davom etmoqda. Toliblar Lashkargoh, Qandahor va Hirot kabi muhim shaharlarni egallashga harakat qilmoqda.

Janubiy viloyatlardan biri Hilmand markazi Lashkargohda, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat kuchlari faqat ikki tumanni o‘z qo‘lida tutib turibdi, ko‘cha janglari davom etmoqda.

Amerikaning CNN telekompaniyasi mahalliy jurnalistlarga tayanib xabar berishicha, toliblar Hilmand viloyati markazi bo‘lmish Lashkargoh shahridagi bir necha tumanlarni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan. Lashkargoh orqali bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar o‘tadi, xususan, Qandahor, Hirot hamda mamlakat janubidagi iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan bir necha qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarni o‘zaro bog‘lovchi yo‘l ham.

Lashkargoh hukumat kuchlari toliblarga topshiradigan ilk viloyat markazi bo‘lishi mumkin - shu vaqtgacha Kobuldagi hukumat barcha 34 viloyat markazini o‘z qo‘lida saqlab qolmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, toliblar allaqachon shaharning katta qismini qo‘lga kiritib bo‘lgan. Hukumat binolaridan bir necha yuz metr masofada janglar davom etmoqda.

Toliblar Tinchlik chorrahasi nomi bilan ham ma’lum bo‘lgan shahar markaziy maydoniga yetib kelishgani aks etgan videolarni tarqatishgan.

Lashkargohda yashovchilardan biri Badshoh Xon telefon orqali «Frans press» agentligi jurnalisti bilan suhbatda har bir ko‘cha va har bir uy uchun jang ketayotganini aytib o‘tgan. «Ko‘chalarda jasadlar yotibdi, asosiy maydonda ham», degan bu odam. U toliblar politsiya shtab-kvartirasini va gubernator ofisini qurshovga olganini qo‘shimcha qilgan.

Hukumat yuqori toifali yuzlab jangchilardan tashkil topgan maxsus bo‘linmalarni Lashkargohga yo‘llagan.
Hukumat Afg‘onistonning ikkinchi yirik shahri, mamlakat g‘arbida joylashgan Hirotda ham shiddatli janglar kechayotganini ma’lum qilgan.

Zarba ostida qolayotgan hududlardan minglab qochqinlar Kobul sari yo‘lga chiqqan.
«Jang ketmoqda, elektr yo‘q, aloqa ishdan chiqqan, dorixonalar yopiq», deya Lashkargohdagi vaziyatni tasvirlaydi mahalliy aholi vakillaridan biri Xava Malalay.

Hilmand viloyati hukumat uchun muhim hudud. Bu yerda ko‘knor yetishtiriladigan ulkan dala maydonlari joylashgan. Amerikaliklar va britaniyaliklar yillar mobaynida bu maydonlarni yakson qilishga urinib kelgan, toliblar esa - bunday dalalarni egallab olib, uni asosiy daromad manbayiga aylantirmoqda.

Lashkargohning boy berilishi Kobuldagi hukumat uchun harbiy jihatdan ham, ruhiy jihatdan ham og‘ir mag‘lubiyat bo‘ladi. Hukumat shu vaqtgacha faqat qishloq va tumanlarni egallayotgan toliblarning muvaffaqiyati ahamiyatini pasaytirib kelgan va har qanday holatda ham yirik shaharlarni topshirmaslikka va’da bergan.

Qandahor shahri atrofida ham janglar davom etmoqda, toliblar bu shaharni vaqtincha poytaxt qilishni ko‘zlagan.
Yakshanba kuni ular mahalliy aeroportning uchish yo‘laklarini raketalar bilan o‘qqa tutishdi va aeroportni bir necha soatga ishdan chiqarishdi.

Qandahor aeroporti mamlakat janubidagi barcha hukumat harbiylari ta’minoti va havo orqali qo‘llab-quvvatlashda muhim rolni o‘ynaydi.
«Bu uch viloyat uchun tahdid juda yuqori, ammo biz hujumlarni mardonavor qaytarishda davom etamiz», degan yakshanba kuni afg‘on armiyasi vakili Umar Shinvariy. U vaziyat favqulodda murakkablashib borayotganini ham tan olgan.

Afg‘on ayollari huquqi uchun kurashuvchi faol Vajma Frok tvitterdagi sahifasida hissiyotlarga boy postlar qoldirdi, u toliblarni ayollar va qizlarning taomini kuch bilan tortib olishda, ba’zida shunchaki o‘ldirib yuborishda, o‘z saflariga 11 yoshli bolalarni safarbar qilishda, osish yoki darra urish orqali omma oldida qatl o‘tkazishda ayblagan.

U xalqaro axborot agentliklaridan vatanida sodir bo‘layotgan voqealarga yanada kattaroq e’tibor qaratishni so‘ragan.

«Strategik xato»
«Agar afg‘on shaharlari boy berilsa, harbiylarni olib chiqish qarori AQSH tashqi siyosatidagi eng jiddiy xatolardan biri bo‘lib chiqadi», degan «Frans press» agentligi bilan suhbatda Afg‘oniston masalasi bo‘yicha ekspert, ayni vaqtda Avstraliyada yashovchi Nishon Motvaniy.

«Vashington amerikaparast hukumatni taqdir hukmiga va Afg‘onistonda so‘nggi yigirma yilda erishilgan hech bir yutuqni qoldirmaydigan radikal kuchlar qarshisiga tashlab ketdi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Birdamlikka va qarshilik ko‘rsatishga chaqiriq
Parlamentda chiqish qilgan Ashraf G‘ani xalqni va siyosatchilarni jipslashuvga chorladi.
«Har bir deputat va senator minglab odamlarga aloqador. Afg‘oniston dushmanlariga munosib javob qaytarish uchun umummilliy safarlik uchun bor imkoniyatlarni ishga soling», degan u.

Prezident «Tolibon» endi tarqoq va tajribasiz emasligi, aksincha yaxshi tashkillashtirilgan va boshqarilayotgan tuzilmaga aylanganini tan olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqib 20 yil oldingiga qaraganda beshafqatroq va islomdan uzoqroq.
«Biz barqaror va mustahkam tinchlikka erishmoqchi edik va bunga intilishda davom etamiz. Ammo bizni urushga majburlashdi», degan u.

G‘ani toliblarni 2020 yil fevralida Dohada Qo‘shma Shtatlar bilan tuzilgan tinchlik kelishuvi bo‘yicha xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha va’dani bajarmaganlikda aybladi.

U toliblarning qatag‘oni qurbonlari birinchi navbatda afg‘on ayollari hamda OAV vakillari bo‘lishini qayd etib o‘tgan.
Prezidentning chiqishi davlat televideniyesi orqali translyatsiya qilingan.

Moskva, Toshkent va Dushanbe vaziyat murakkablashishiga tayyorlanmoqda
Dushanba kuni Termizda, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasi yaqinida 1500 nafar harbiy xizmatchi ishtirokida «Janub-2021» nomi ostida o‘zbek va rus harbiylarining qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi, mashg‘ulotlar 5 kun davom etadi.

1979-1989 yillarda sovetlarning Afg‘onistondagi «cheklangan kontingenti» uchun ta’minot aynan Termiz orqali amalga oshirilgan, urushdan keyin sovet harbiylari Amudaryo ustidagi ko‘prik orqali qaytishgan.

5-10 avgust kunlari esa Tojikiston hududida yanada yirikroq yig‘in, Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya qo‘shinlari ishtirokida uch tomonlama mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Unda 2500 nafar askar va zobitlar (1800 nafari rossiyalik) ishtirok etadi.

Mashg‘ulotning asosiy bosqichida uch davlat harbiy xizmatchilari davlat chegarasini kesib o‘tgan noqonuniy qurolli guruhni yo‘q qilish bo‘yicha taktik harakatlarni ishlab chiqadi. RF Mudofaa vazirligi so‘nggi lahzalarda mashg‘ulotlarda ishtirok etadigan rossiyaliklar soni 1000 nafardan 1800 nafarga oshirilgani, shuningdek, harbiy texnikalar soni dastlab mo‘ljallanganidan ikki barobar oshirilib, 420taga yetkazilgani haqida xabar bergan.

Kuzatuvchilarning fikricha, bu Moskva va Markaziy Osiyo davlatlari toliblarning Afg‘onistondagi g‘alabasi keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga qanchalik jiddiy yondashayotganini anglatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston: toliblar bostirib kelmoqda, prezident G‘ani Vashingtonni aybladi