date

Nigeriyadagi hujumda 300 o‘quvchi qiz o‘g‘irlab ketildi

Nigeriyadagi hujumda 300 o‘quvchi qiz o‘g‘irlab ketildi

Nigeriya yana daxshatli odam o‘g‘irlash voqeasi bilan larzaga keldi. Xristianlar assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi katolik maktab-internatiga qilingan uzil-kesil hujum vaqtida 303 nafar o‘quvchi qiz va 12 nafar o‘qituvchi zo‘rlik bilan olib qochildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, fojea 21-noyabrga o‘tar kechasi Niger shtati Papiri qishlog‘ida yuz bergan. Qo‘llarida qurol bo‘lgan bir guruh noma’lum shaxslar maktab hududiga bosqin qilib kirib, qo‘riqchini otib tashlagan va binodagilarni majburan olib ketgan. Ayni paytda xavfsizlik kuchlari yuzlab o‘quvchi qizni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.

Voqeadan keyin mamlakatdagi ko‘plab ta’lim muassasalari xavfsizlik nuqtayi nazaridan yopilgan. Prezident Bola Tinubu esa yuzaga kelgan holat sabab Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahridagi G20 sammitida ishtirokini bekor qildi.

Nigeriyada odam o‘g‘irlash muammosi yillar davomida keskin tus olgan. Bir necha kun oldingina Kebbi shtatidan 25 nafar o‘quvchi qiz internatdan o‘g‘irlab ketilgan, Kvara shtatida esa cherkovga hujum qilinib, 38 kishi garovga olingan. O‘g‘riguruhlar so‘nngi kunlarda har bir shaxs uchun 100 million nayra miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

Afsuski, mamlakatning shimoli-g‘arbi va markaziy hududlarida faoliyat yurituvchi qurolli guruhlar minglab odamlarni o‘g‘irlab, keng o‘rmonli hududlarda yashirinib yuradi. Eng yodda qolgan voqealardan biri 2014-yilda sodir bo‘lgan — “Boko Haram” guruhi Chibok shahridagi litseydan 276 nafar qizni olib qochgan edi. Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 82 nafari hozirgacha topilmagan.

Oxirgi haftalarda vaziyat yana keskinlashdi. AQSH prezidenti Donald Tramp Nigeriyada nasroniylar o‘ldirilishiga nisbatan hukumatning yetarli chora ko‘rmayotganini aytgan va hatto harbiy yuborish bilan tahdid qilgan. Prezident Tinubu esa bu ayblovlarni rad etib, mamlakatdagi vaziyatni o‘zi nazorat qilayotganini bildirgan.

Nigeriyadagi bu fojea yana bir bor mamlakatning xavfsizlik tizimi qay darajada jiddiy sinov ostida ekanini ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Nigeriyadagi hujumda 300 o‘quvchi qiz o‘g‘irlab ketildi