08:57 / 18.11.2021
4 787

«Yaramas kelgindilar, yo‘qolinglar bu yerdan» yoxud shvedlarga ham yoqmagan «odatlarimiz»

«Yaramas kelgindilar, yo‘qolinglar bu yerdan» yoxud shvedlarga ham yoqmagan «odatlarimiz»
Urf, urf, urf... Bu so‘zni takroran yozganimizning sababi biror amalni urfga aylantirib olsak, uni to‘la-to‘kis, ortig‘i bilan bajarishga odatlanganmiz. Kimgadir foydamiz tegsa, bundan o‘zimiz ham mamnun bo‘lamiz va bu kabi amallarni qayta-qayta bajarishga harakat qilamiz.

Orzu-havas deb turli urf-odatlarni o‘ylab topamiz. Afsuski, ularning hammasi ham insoniylikka, odob-axloqqa, ba’zilari esa umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Avvalgi maqolalarimizning birida ham o‘zbek to‘ylaridagi «non sindirish»dan tortib «quda chaqiriq»qacha bo‘lgan bir qator odatlar haqida yozgan edik.

Bugun esa feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbek kuyovnavkarlarining Shvetsiyada «qovun tushirgani» va mahalliy aholining g‘azabiga uchragani haqidagi post diqqatimizni tortdi.

O‘n yildan beri Shvetsiyada istiqomat qilishini aytgan muallif Alisher Mahmud ushbu holatning bevosita ishtirokchisi sifatida qattiq ranjiganini ma’lum qilgan. Endi esa vaziyatni qisqacha bayon etsak.

Aytilishicha, Stokgolmdagi o‘zbeklar to‘ylarni milliy urf-odatlarimizga binoan o‘tkazishga harakat qilishadi. Postda keltirilgan voqeada ham «kuyovnavkar» uchun borgan mehmonlar kelinning qo‘shnilaridan biriga noqulaylik tug‘dirgan. Bizda ZAGS va kuyovnavkar vaqtida mashinalarning qatorlashib yurishi odat tusiga aylangan. Katta yo‘llarda uzundan-uzoq karvon hosil qilib yurish ham mayli, lekin ularni to‘yxona atrofiga joylashtirish, ya’ni «parkovka» madaniyati ham unchalik shakllanmagan.

Shvetsiyada esa bunga «san’at» darajasida qaralar ekan. Buni bilmagan yoki bilsa ham «zarari yo‘q» deb hisoblagan voqea qahramonlari aslida kirish mumkin bo‘lmagan, faqatgina favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan hududga kirgani yetmaganidek, mashinalarni ko‘p qavatli uy oldida qoldirib, o‘zlari to‘yni nishonlashga kirib ketishgan. Bu orada esa shu uyda yashovchi imkoniyati cheklangan bir fuqaro taksida o‘z uyiga qaytgan. Biroq favqulodda holat uchun ajratilgan hudud ham mashinalar bilan to‘lgani uchun taksi tugul, nogironlik aravachasi ham yo‘lga sig‘magan. Bundan xabar topgan qo‘shnilardan biri esa to‘ydagilarga qarata shved tilida «yaramas kelgindilar, yo‘qolinglar bu yerdan», deya baqirgan.

Odatlarimiz, an’analarimiz, milliyligimiz deb ko‘krak keramiz. Lekin milliy urf deb ataydigan ayrim ishlarni xalqaro maydonda kulgu va qarg‘ishga uchrashini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aslida shu odatdan, ortiqcha dabdabadan kimga nima foyda? Bir kunlik shov-shuvdan bo‘lak hech qanday ahamiyatga ega emasligini hamma tasdiqlasa kerak. Chunki urf-odat, an’ana, milliylik deganda asrlar davomida shakllangan, ajdodlardan meros qolgan va asosiysi millatning, xalqning o‘zligini ifoda etadigan amallar tushuniladi. Agar qilinayotgan ish millatni «kelgindi»ga chiqaradigan, o‘zgalar oldida mulzam qiladigan bo‘lsa, uni xalqning odati deb atash kerak emas. Va imkon qadar ulardan voz kechish lozim.

Yuqoridagi vaziyatda urf-odat o‘z yo‘liga, biroq o‘zga yurtda bo‘laturib, qoidalarni mensimagan kishilarning ibrat oladigan ish qilmagani ma’lum, albatta. Achinarlisi esa, shu kabi holatlar sabab xorijda o‘zbekistonliklar, o‘zbek millati haqida salbiy tushunchalar shakllanib qolishidir. Shuning uchun har qanday xursandchilik vaqtida ham mantiqan o‘ylab ish tutgan afzal bo‘ladi. «Hamma shunday qiladi», «ana, falonchi ham shunday qildi» kabi sabablar bilan bo‘lar-bo‘lmas odatlar va ortiqcha dabdabaga berilish kerak emas. Zero, har birimiz millatimizning, xalqimizning yuzi hisoblanamiz. Odamlar bizga qarab millatimizga baho berishi mumkin. Siz, men yoki umuman ayni bir shaxs yoxud jamoa sabab butun millatning yomonotliqqa aylanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

Shu o‘rinda aytmoqchimizki, har ishda me’yor bor. Urf-odat deyiladigan amallar ko‘p. Lekin ularning hammasiga ham ko‘r-ko‘rona amal qilaverish kerak emas. Bu ishlar rostdan ham millatning madaniyatini, axloqini aks ettiradimi, jilla qursa mantiqiy asosga egami, o‘rganish lozim.

Hamidulloh Ali

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Yaramas kelgindilar, yo‘qolinglar bu yerdan» yoxud shvedlarga ham yoqmagan «odatlarimiz»