20:38 / 29.11.2021
6 328

Bizni kim yutib yuboradi - Rossiyami yoki Xitoy?

Bizni kim yutib yuboradi - Rossiyami yoki Xitoy?
Yaqinda butun turkiy dunyo tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldi. Istanbulda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston, O‘zbekiston va Vengriya rahbarlari Istanbul deklaratsiyasini hamda «Turk dunyosining ko‘rinishi – 2040» hujjatini imzolashdi. Bizni hayratda qoldirgani, qozoq ommaviy axborot vositalari ushbu sammit haqida juda aniq ma’lumot berdi. Shu o‘rinda, o‘z navbatida Turon g‘oyasi tarafdori bo‘lgan taniqli jamoat arbobi Serikjan Mambetalin ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Serikjan Yesengosovich, turkiy davlatlar haqiqatan ham yaqinlasha boshladimi, umidlaringiz amalga oshdimi?
– Avvalo, o‘quvchilarga bu davlat rahbarlarining 8-sammiti ekanini eslatib o‘tmoqchiman. Biroq aynan shu sammitda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirildi. Betaraflik maqomi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan, doimo neytral bo‘lgan Turkmaniston ham kuzatuvchi sifatida qo‘shilishga qaror qildi. Xunlar mamlakati deb atalgan Vengriya ham kuzatuvchi davlatga aylandi.

Imzolangan Istanbul deklaratsiyasi turkiy davlatlar hamdo‘stligini kelgusi o‘n yilliklarda rivojlantirish uchun o‘ziga xos yo‘l xaritasi bo‘ldi. Bu faoliyatning deyarli barcha sohalarini, siyosiy, harbiy, iqtisodiy, madaniy, bojxona, axborot jabhalarini qamrab olgan ancha katta hajmli hujjatdir. Ushbu hujjatdan kelib chiqadigan asosiy xulosalar shundan iboratki, turkiy mamlakatlarning haqiqiy yaqinlashuvi teng huquqli va o‘zaro manfaatli asosda boshlanganidir.

– Istanbul sammitida imzolangan kelishuvdan nimani alohida ajratib ko‘rsatishingiz mumkin?
– Sammit Deklaratsiyasida TDT mamlakatlari terrorizm, ekstremizm va separatizm tahdidlariga qarshi birgalikda kurash olib borishi alohida qayd etilgan, bu Rossiya rahbariyatining so‘nggi bayonotlari nuqtai nazaridan juda real ko‘rinadi.

Darvoqe, deklaratsiyada «Ozarbayjon Vatan urushi» deb atalgan 44 kunlik urushda Tog‘li Qorabog‘ yerlarini ozod qilgan Ozarbayjon va Turkiya turkiy qardoshlikni bir yil avval yaqqol namoyish qilishgan edi. Bu urushning muvaffaqiyati Ozarbayjonning Turkiya yordamida harbiy salohiyatini oshirishi, ofitserlar tayyorlashi va eng yangi qurol-yarog‘larni xarid qilishi bilan bog‘liq edi.

Qolaversa, Qorabog‘ni ozod qilishda vaqt omili muhim edi. AQSHda prezidentlarning almashishi, Armanistonning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalar qisqa vaqt ichida ishonchli g‘alabaga erishish imkonini berdi. Xuddi shu kabi, mavjud vaziyat turkiy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

— Darvoqe, turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda Turkiya va uning amaldagi rahbari – Prezident Erdog‘anning o‘rni qanday deb o‘ylaysiz?
– Turk dunyosining so‘zsiz yetakchisi – Turkiya so‘nggi 20 yil ichida o‘zini global dunyo o‘yinchilaridan biri sifatida ko‘rsatdi. Turkiyaning Yevropa, Osiyo va Afrikaga bir vaqtning o‘zida savdo yo‘llaridagi geostrategik joylashishi iqtisodiyotning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an nafaqat turkiy, balki butun islom olamining yetakchisidir.

Turkiya dunyodagi iqtisodi eng yirik 20 davlatdan biri, G20 a’zosi. Erdog‘an davrida yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirildi, turizm sanoati jahon yetakchilaridan biriga aylandi, qurol-yarog‘ eksporti, jumladan, mashhur Bayraktar dronlari dunyoning o‘nlab mamlakatlariga yo‘l oldi.

– Biroq, o‘zingizga ma’lumki, Turkiyaning o‘ziga xos ichki muammolari borki, bu mamlakat tashqi siyosatining rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin, shunday emasmi?
– So‘nggi paytlarda men Turkiyada ko‘proq vaqt o‘tkazyapman, chunki men Qozog‘istonda yashash uchun ruxsatnomani olmaganim sababidan har safar chiqayotganimda Britaniya pasportimga Qozog‘iston vizasini qo‘yishga majbur bo‘laman. Shuning uchun men mamlakatni va turk xalqini ichkaridan kuzatib, barcha yutuqlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘ryapman. Albatta, o‘tgan yili turizm sohasini amalda falaj qilgan COVID-19 bilan bog‘liq jiddiy muammolar ham mavjud.

Yaqin Sharqning qo‘shni davlatlari – Iroq, Suriya, Afg‘onistondan kelgan qochqinlar inqirozi haqida ham gapirish mumkin. Ularning faqat rasmiy ma’lumotlar bo‘yicha soni allaqachon 5 milliondan oshgan. Ularni boqish va boshpana berish kerak. 80 million aholiga ega davlat budjetiga bu juda katta yuk. Mamlakat mudofaasi uchun juda ko‘p mablag‘ sarflanadi, biroq notinch geosiyosiy sharoitda bu hayotiy zaruratdir.

Turkiyaning siyosiy hayoti notinch va voqealarga boy. Prezident Erdog‘an qattiqqo‘llik bilan boshqaradi va kamida yana bir muddat hokimiyatda qolishni rejalashtirmoqda. Uch yil oldin uning AK partiyasi milliy-vatanparvar MXP bilan birgalikda 52% ovoz bilan saylovlarda g‘alaba qozongan edi. So‘nggi yillarda Erdog‘an ko‘plab sheriklarini yo‘qotdi. Sobiq Bosh vazir va Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li xuddi iqtisodiy islohotlarning aksariyat qismini bosh vazir o‘rinbosari darajasida amalga oshirgan Ali Bobojon kabi o‘z partiyasini tuzdi. Bugun esa ular Erdog‘anga qarshi birlashgan.

Darvoqe, uning ham o‘z «raxat aliyevi» bor – moliya vaziri bo‘lgan kuyovi Berat Albayrak lavozimidan chetlashtirilgach, xafa bo‘lib, Angliyaga uchib ketgan va u yerda turib uzoq vaqt qaynotasi ustiga mag‘zava ag‘dargan. MXP vakili bo‘lgan milliy vatanparvarlar ham obro‘sini yo‘qotmoqda - balki Turkiy Davlatlar Tashkiloti ularning jozibadorligini oshirar.

Aytishim kerakki, Turkiyada hamma ham Turon tarafdori emas. Mamlakatda turkiy xalqlarni birlashtirish g‘oyasiga qo‘shilmagan ko‘plab turk kurdlari, armanlar, greklar bor. Endi ko‘proq so‘l mavqeda turib, Yevropa Ittifoqiga intilayotgan kemalistlar partiyasi kuchaymoqda.

– Turkiyada siyosiy partiyalar timsolida mamlakat kelajagini turkiy dunyo bilan ittifoqda ko‘radigan jiddiy kuchlar bormi?
– Turkiyada partiya yaratish uchun bor-yo‘g‘i 30 kishi kerak bo‘ladi, xolos. Shuning uchun bu yerda xilma-xil partiyalar bor. Garchi o‘zini turk deb hisoblaydiganlar uchun Turon mafkurasi, nazarimda, eng kuchli tuyulsa-da, biroq Turkiyada Turon siyosiy partiyasi yo‘qligi meni hayratga soladi. Bunday partiyaning paydo bo‘lishi bilan turklarning haqiqiy birlashuvi boshlanadi, chunki partiya mafkurani targ‘ib qiluvchi vosita. Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham shunday partiyalar paydo bo‘lishiga shubham yo‘q.

— Hozirgi kunda mamlakatimizda ko‘pchilik Turkiy ittifoq Qozog‘istonga nima bera oladi, deb so‘rayapti? Ushbu istiqbolni nimada ko‘rasiz?
– Birinchidan, Buyuk Turon g‘oyasi milliy g‘oya sifatida qozoqlarni birlashtirishga yordam beradi. Qardosh xalqlarga munosabatimiz qanday o‘zgarayotgani allaqachon ayon bo‘ldi: biz o‘zbeklarning muvaffaqiyatlaridan quvonamiz, ozarbayjonlarning harbiy harakatlari haqida qayg‘uramiz.

Ikkinchidan, Turon bizga eng dolzarb savolga javob beradi: qo‘shnilarimizdan qaysi biri bizni yutib yuboradi – Rossiyami yoki Xitoymi? Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda O‘zbekiston Rossiya bilan harbiy ittifoq bo‘lgan KXSHTga qaytish niyatida emasligini ma’lum qilgan edi. Lekin O‘zbekiston bizdan farqli ravishda notinch Afg‘oniston bilan chegaradosh.

Uchinchidan, Zangezur yo‘lagi ochilishi bilan biz Turkiy davlatlar hududlari orqali Olmaotadan Istanbulgacha o‘tadigan Yangi Ipak yo‘lini qayta tiklaymiz (Zangezur yo‘lagi uzunligi 40 km ga yaqin taxminiy transport yo‘lagi bo‘lib, Armanistonning Syunik viloyati (Zangezur) orqali Ozarbayjon va Armaniston kelishuviga ko‘ra, Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari va uning eksklavi Naxichevan Muxtor Respublikasi o‘rtasida transport aloqalarini ta’minlash vositasi sifatida ko‘riladi.

Istanbul deklaratsiyasida bojxona to‘siqlarini kamaytirish, transport hujjatlari va chegaradan o‘tish tartiblarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgan. Turkiya sotsializmni ko‘rmagan davlat sifatida kuchli biznes salohiyatiga ega, bu yerda kichik va o‘rta biznes juda rivojlangan. Biz turk ishbilarmonlaridan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin, ammo buning uchun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi til to‘siqlarini bartaraf etishimiz kerak. TDT doirasida umumiy turkiy alifboni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda, umumiy turkiy adabiyot va tarixga oid darsliklar muvofiqlashtirilmoqda.

– Axir bir necha yillardan buyon o‘z alifbomizni lotinlashtirish masalasini o‘zimiz hal qila olmayotgan ekanmiz, umumiy turkiy alifboning istiqboli qanday bo‘ladi?
— Bilishimcha, tilshunos olimlar O‘rta tilni yaratish variantlarini taklif qilishgan, lekin menimcha, yangi til o‘ylab topishning hojati yo‘q, balki turk tilini qo‘llash kerak. Qozoq maktablarida turk tilini ikkinchi chet tili sifatida kiritish mumkin, qozoq tilida so‘zlashuvchi bolalar buni ancha oson va tez o‘rganishi uchun ularga 2-3 yil yetarli bo‘ladi. Hozirgidek Moskva, Tomsk yoki Novosibirskga oliy ma’lumot olish uchun bormasdan sertifikat olib Turkiya universitetlariga bemalol o‘qishga kirishlari mumkin bo‘ladi. Bu masalalarning barchasini tezroq hal qilish kerak, shundoq ham mustaqillikning 30 yili o‘tkazib yuborildi. Lekin aniq ayta olamanki, Turon bo‘ladi. Ukrainadagi urush va Kremlning Belarusdagi Lukashenko rejimini qo‘llab-quvvatlashidan keyin slavyan dunyosi tugashi bilan bir vaqtda turk dunyosi paydo bo‘ldi.

Shu bois Turon kelajagiga katta nekbinlik bilan qarayman. Agar menga Qozog‘istonda mamlakat manfaati uchun ishlashga ruxsat berilmagan bo‘lsa ham, men buyuk Turonimiz manfaati uchun ishlayman.

- Sizga omad tilayman! Intervyu uchun rahmat!
Muallif: Yermurat Bapi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bizni kim yutib yuboradi - Rossiyami yoki Xitoy?