Abduaziz Madyarov / AFP / Scanpix / LETA
Qozog‘istonda bir necha kundan buyon namoyishlar to‘xtamayapti. Oxirgi kunlarda mamlakatdagi vaziyat bir necha marta o‘zgardi. Namoyishchilar avvaliga Nursulton Nazarboyev hamda hukumat iste’fosiga erishdi. 5 yanvar kuni kechga yaqin butun Olmaotani nazorat qila boshlagandek ko‘rinishdi. Biroq keyinroq harbiylar shaharga qaytib, «aksilterror operatsiyasi» o‘tkaza boshlashdi. Namoyishlar vaqtida 18 nafar harbiy, o‘nlab namoyishchilar halok bo‘lgani xabar qilindi. «Meduza» so‘rovi bilan mahalliy jurnalist Aysulu Toyshibekova mamlakatdagi vaziyat haqida reportaj tayyorladi.
5 yanvar kuni soat 15:00lar atrofida tanishim bilan uydan chiqdim-da, tuman bo‘ylab yurib nimalar bo‘layotganini bilishga harakat qildim. Ko‘chada odam ko‘p, do‘konlarda navbat, non tugagan edi. Namoyishchilar urna, chelak va beton to‘siq bo‘laklarini tashlab, katta chorrahalarni yopishga urinardi. Do‘konlar, bozorlar va odatda ovqat yetkazib beruvchi servis skuterlari bilan gavjum bo‘ladigan KFC yopiq edi. Bir necha kvartal narida politsiya mashinalari yonar, harbiy «KamAZ» esa g‘ildiragi teshilib, bir ahvolda turardi. Namoyishchilar unga «Qozoq» deb yozib ketgandi. Ikki soat avval xuddi shu yerda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilgan. Ular odamlarni Olmaotaning asosiy maydoni – Astana hamda Mustaqillik maydoniga o‘tkazmaslikka harakat qilgan.
Yonimizdan navbatdagi erkaklar va oz sonli ayollardan iborat namoyishchilar yayov o‘tib ketdi. Bir necha mashina qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan mashinalar harakatiga yo‘l qo‘ymaslik uchun odamlarning oldida borardi. Yana ba’zi mashinalar chorrahalarni yopishga safarbar qilingan. Kimdir jim ketar, kimdir «Olg‘a, Qozog‘iston!» deb baqirardi.
Yo‘lovchilar namoyishchilarni telefonda suratga olayotganda ular kameraga olmaslikni so‘rashdi. Yo‘l yo‘lakay esa qo‘llaridagi tayoqlar bilan uchragan nazorat kameralarini sindirib ketishdi.
«Chol, ket»
5 yanvar kuni kechga yaqin internetni o‘chirishdi, hatto kabelli provayderlar ham ishlamay qoldi. Taksi servislari ham muammo bilan ishlay boshladi. Shu sabab ko‘chaga chiqdik-da, qo‘l ko‘tarib taksi to‘xtata boshladik. Haydovchi 2 ming tengega (5 dollar) Respublika maydoniga olib borishga rozi bo‘ldi.
Biz yurgan yo‘lda aytarli voqea yuz bermadi, shu sabab manzilga tez yetib bordik. Haydovchi bizni maydonning oldigacha olib bordi. Shu tariqa kamida uch ming odam to‘plangan namoyish orasiga tushib qoldik. Yonimizda yonayotgan Olmaota hokimiyati turardi. Maydonda Qozog‘iston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab ilingan bayroqlar hilpiramoqda. Mustaqillik monumenti oldida juda ko‘p namoyishchilar to‘plandi. Yo‘lning narigi tomonida esa yana bir guruh yig‘ilgan. Kimlardadir zirhli kiyim, kaska, himoya niqoblari bor edi. Burgut ovchilari ham qo‘liga qushini qo‘ndirib kelgan.
Olmaota hokimiyatidagi yong‘in. 2022 yil 5 yanvar
Valeriy Sharifulin / TASS / Scanpix / LETA
Xullas, maydonda hammani ko‘rish mumkin edi. Faqat politsiya va harbiylardan tashqari. Namoyishchilardan birining aytishicha, harbiylarni umuman ko‘rishmagan: «Ular faqat ana u yerda (prezident rezidensiyasiga ishora qilib) otishyapti, xolos». Shu vaqt maydonda o‘ziga xos yo‘lak paydo bo‘ldi va bir kishi aynan qarorgoh tomon borishga undadi.
Odamlar jo‘shqin kayfiyatda rezidensiya tomon otlandi. Unga yaqinlashgan sari o‘q ovozlari balandroq va tiniqroq eshitildi. Ko‘chalar qorong‘i, chiroqlar o‘chgandi. Yagona yorug‘lik manbayi odamlar isinish uchun yoqqan gulxan va kam sonli odamlarning mashinasi chiroqlari edi.
Bir vaqt odamlar «Shal, ket» (Chol, ket) deb baqirib qolishdi. Bunga javoban o‘q otildi. Ko‘pchilik maydon tomon qochdi, biz ham. Chorrahalarda ham odam ko‘p, namoyishchilar qo‘lbola to‘siqlar yasab olgandi. O‘q ovozi esa tinmadi. Ovoz yaqinlashgan sayin biz ham uzoqlashaverdik.
Olmaota ko‘chalaridagi namoyishchilar. 2022 yil 5 yanvar
Yerlan Dzhumayev / TASS / Scanpix / LETA
«Ularni urmang, ular ham biz kabi odam»
Odamlar galasi bilan birga maydon tomonga qaytdik. Kimdir shunchaki nima bo‘layotganini bilish uchun ko‘chaga chiqqan, kimdir bir necha soatdan beri ko‘chada edi. Shu vaqt Nazarboyev prospektidagi uylardan birining derazasidan bir ayol namoyishchilarga qarab baqirdi: «Tarqalinglar, shovqindan bola uxlata olmayapmiz». Odamlar esa unga yaxshisi namoyishga qo‘shilishini aytishdi.
Maydondan uzoqlashgan sari odamlar kamayib borardi. Ko‘chada Nazarboyev prospekti degan yozuv taxtasi yotibdi. Bu vaqtda Toldiqo‘rg‘onda Nazarboyevning haykalini ham yiqitishdi. Narigi ko‘chada esa maydondan bir soat oldin qaytgan yigit-qizlarni ko‘rdik. Ular bugun birinchi marta namoyishlarga qo‘shilgan.
O‘sha yiqitilgan haykal. Foto: Ateo Breaking
Men bilan gaplashgan qizning aytishicha, odamlar Olmaota hokimiyatini qo‘lga olgan vaqtda namoyishlarga qo‘shilgan: «To‘g‘risi, juda qo‘rqdim. Chunki u yerda agressiya bor edi. Ammo bu, nima desam ekan, insoniylikka qarshi bormagan holatdagi agressiya edi. Ha, odamlar rejimdan g‘azabda bo‘lsa-da, bir-birlariga mehribon edi». Qizning aytishicha, uning ko‘z oldida hokimiyat binosidan oz sonli harbiylarni olib chiqib tashlashgan.
«Harbiylarni urganlar ham bo‘ldi. Odamlar esa «Urmang, ular ham bizday odam, faqat buyruqni bajarishgan», deyishdi. Yaralangan namoyishchi va askarlarni odamlar o‘z mashinasida kasalxonaga olib ketdi. Miting juda yaxshi tashkillashtirilgandi, odamlar bir-biriga qo‘pollik qilmadi, xolis bo‘lishdi, talonchilikka yo‘l qo‘yilmadi», deydi namoyishchi qiz.
Yerlan Dzhumayev / TASS / Scanpix / LETA
Uning aytishicha, odamlar do‘konlarni talashi MonAmie kosmetika do‘koniga bostirib kirishgandan so‘ng boshlangan: «Bir odam do‘kondan narsalar ola boshlaganda qolganlar kerak emas, deb baqirishdi. Keyin ko‘pchilik o‘zini do‘konga urdi. Kimlardir qurol olib kela boshlaganda biz ketishga qaror qildik. Bu holat menga juda shubhali ko‘rindi: kimdir mashinada qurol olib keldi, tashladi va hech nima demay ketdi. Odatda mashinalar yaradorlarni olib ketgani kelayotgandi», deydi ismi shartli ravishda Nozgul deb o‘zgartirilgan qiz.
Guvoh qizning aytishicha, namoyishlar hozir ko‘pchilik tasvirlashga urinayotgandek yovvoyilarcha o‘tkazilmagan: «Ko‘pchilik vahshiylarcha namoyishlar qilingani haqida gapirmoqda, lekin bunday bo‘lgani yo‘q». «Bizni tamaki va somsa bilan mehmon qilishdi», deydi yana bir yigit.
Aynur ismli yana bir olmaotalik qiz 4 yanvar kuni uyining yonidan minglab odamlardan iborat namoyishchilar o‘tgani, onasi ham ularga qo‘shilmoqchi bo‘lganidan xavotirga tushganini aytdi. Keyin esa qizning o‘zi namoyishlarga qo‘shilishga qaror qilgan:
«Bugun uyg‘ondim-da, ortiq uyda o‘tirib bo‘lmaydi, butun Qozog‘iston chiqdi, dedim. Birinchidan, biz do‘stlarimiz bilan doim o‘zgarish kerakligi haqida gapirib kelamiz. Men ham o‘z fuqarolik pozitsiyamni bildirgim keldi. Ikkinchidan, ko‘chaga chiqqanlar olomon ekani, hayvon kabi o‘zini ko‘rsatayotganini aytishdi. Bunday emasligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim keldi. Va amin bo‘ldimki, bu odamlar shunchaki umrguzaronlikni emas, normal hayotni talab qilishmoqda. Hozir tarixiy lahzalar ketmoqda. U nima bilan yakunlanishidan qat’i nazar burilish nuqtasi bo‘ladi».
* * *
5 yanvar kuni kechqurun Olmaotada «aksilterror amaliyot boshlandi». 6 yanvar tongida hokimlik binosi qarshisidagi Respublika maydonida yuzlab harbiylar va qurollangan namoyishchilar o‘rtasida otishma boshlangani xabar qilindi. Shahar politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 6 yanvarga o‘tar kechasi mitingning o‘nlab ishtirokchilari o‘ldirilgan (qurbonlarning aniq soni bo‘yicha raqamlar keltirilmadi), politsiya ma’muriy binolar va politsiya departamentini qamal qilganlarga o‘q uzilganini ma’lum qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida kamida 18 nafar politsiyachi halok bo‘lgan.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Qozog‘istonga o‘z harbiylarini yuborgan. «Tinchlikparvar kontingent» tarkibi asosan rossiyalik harbiylardan iborat. Qozog‘iston hukumati internetni bloklashda davom etmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda