Foto: Sergey Karpuxin / TASS
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bir muddat tanaffusdan keyin Istanbulda muzokaralarni tikladi. Muzokaralar arafasida Kiyevdagilar minimal maqsad – gumanitar masalalarni hal qilish, maksimum dastur esa – o‘t ochishni to‘xtatish ekanini aytgandi.
Muzokaralar qariyb uch soat davom etdi. «Muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tdi», - dedi uchrashuv yakunida Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy jurnalistlarga.
U Rossiya tomoni Ukraina tomonining sulh tuzish bo‘yicha pozitsiyasi ifodalangan takliflarni qabul qilgani haqida xabar berdi. «Bu takliflar yaqin vaqt ichida ko‘rib chiqiladi, prezidentga yetkaziladi va tegishli javob qaytariladi», dedi Medinskiy.
Muzokaralarning ilk natijalaridan biri Rossiya mudofaa vazirligi Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy harakatlarni keskin qisqartirgani bo‘ldi, Ukraina qurolli kuchlari ushbu hududlardagi rossiyalik harbiylarning bir qismi olib ketilganini ma’lum qilgan.
Qaysi masalalarda kelishildi, qaysilari ochiq qoldi?
Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi safida ishtirok etgan Aleksandr Chaliy Ukraina tinchlik sulhi tuzishi uchun referendum o‘tkazilishi va unda fuqarolar taklif etilgan kelishuv variantini ma’qullashi kerakligini aytib o‘tdi.
Tinchlik sulhi faqat o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganidan keyin imzolanishi mumkin. Keyin kelishuvni Ukraina parlamenti va garant-davlatlar parlamentlari ratifikatsiya qiladi.
O‘z navbatida, Vladimir Medinskiy ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari kelishuvni tasdiqlagan vaqtda Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.
Shu vaqtgacha Rossiya tomoni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish borasidagi taklifini e’tiborsiz qoldirib kelayotgandi.
Shuningdek, tomonlar Qrim va Donbass masalasini alohida muhokama etishga kelishishgan. Ukraina tomoni shunday sxema taklif etgan:
- Qrim va Sevastopol maqomi bo‘yicha muzokaralar keyingi 15 yil mobaynida olib boriladi, tomonlar bu masala yechimi uchun qurol qo‘llanmaydi;
- Donbassdagi «xalq respublikalari» maqomi va taqdiri masalasi alohida punktga kiritiladi, uni ikki mamlakat prezidentlari o‘zaro uchrashuvda alohida muhokama qilishlari mumkin;
- Ukraina qator davlatlarning aniq va qat’iy kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, yadroviy bo‘lmagan va bloklardan xoli bo‘lgan davlat maqomiga rozi bo‘ladi;
- Oldingi punkt (agar bu bo‘yicha kelishuvga erishilgan taqdirda) amalda Ukraina hududida xorijiy harbiy bazalar va harbiy kontingentlar joylashtirilmasligi shartini nazarda tutadi;
- Ukraina hech qanday harbiy-siyosiy ittifoqlarga kirmasligi kerak. Ukraina hududida xalqaro harbiy mashg‘ulotlar faqatgina kafil-davlatlar roziligi bilan o‘tkazilishi mumkin bo‘ladi.
Ukraina bunday kafil-davlatlar sifatida Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Turkiya, Fransiya, Kanada, Italiya, Polsha va Isroilni ko‘rmoqda. Ularning ayrimlari oldindan o‘z roziliklarini bildirib bo‘lishgan.
Ukraina taklifiga ko‘ra, kelishuvda kafil-davlatlarning o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmi ham belgilanishi kerak. Bu mohiyatan NATO nizomidagi 5-modda bilan o‘xshash (alyansning biror a’zosiga hujum butun alyansga hujum sifatida qaraladi).
Ukrainaga qarshi urush yoki qurolli agressiyaning boshqa shakli kuzatilsa, kafil-davlatlar uch kun ichida maslahatlashuv o‘tkazishadi, keyin esa Ukrainaga yordam ko‘rsatish ularning yuridik majburiyatiga aylanadi.
Ukraina delegatsiyasi vakili David Araxamiyaning aniqlik kiritishicha, bu takliflar hozircha Rossiya tomoniga topshirilgan va endi Kiyev Moskvadan javob kutadi.
Medinskiy esa Ukraina tomoni takliflarini murosaga eltuvchi konstruktiv qadam deb atadi va Rossiya ularni ko‘rib chiqib, tegishli javobni berishini ma’lum qildi.
Muzokaralar qanday o‘tdi?
Bu muzokaralar ikki haftadan oshiq vaqtdan keyingi ilk o‘zaro uchrashuv bo‘ldi. Turkiyaga avval Rossiya delegatsiyasi, keyin ukrainlar yetib kelishdi.
Muzokaralarning bu bosqichi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an vositachiligida o‘tkazildi. Dolmabaxchedagi muzokaralar maydoniga tashrif buyurgan Erdo‘g‘an ikki delegatsiya vakillari bilan uchrashdi va muzokaralarni ochib berdi va Ukraina hamda Rossiya prezidentlari o‘zining qadrdon do‘stlari ekanini aytdi.
«Adolatli dunyo — barcha tomonlar uchun g‘alabadir, to‘qnashuvlarning davom etishi tomonlarning hech biriga foyda keltirmaydi. Dunyo hamjamiyati Istanbuldagi uchrashuv ishtirokchilaridan ijobiy qaror kutmoqda», dedi u.
Turkiya prezidenti ikki tomon delegatsiyalariga murojaat qilib, ularni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishga chaqirdi. «Turkiya muzokaralar olib borayotgan delegatsiyalarning ishini soddalashtirish uchun barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor», dedi u.
Muzokaralarda rossiyalik milliarder Roman Abramovich ham ishtirok etdi. Turkiya televideniyesi kadrlarida Abramovich Erdo‘g‘anning matbuot kotibi Ibrohim Qalin bilan yonma-yon o‘tirganini ko‘rish mumkin.
Urush boshlangach, Abramovich vositachilik rolini bajarib, Moskv va Kiyev o‘rtasida bir necha bor qatnagani ma’lum.
Dushanba kuni mart oyi boshida Abramovich va muzokaralarning yana ikki ishtirokchisida zaharlanish simptomlari kuzatilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Keyinroq Abramovichning Rossiya delegatsiyasi bilan tushgan surati RIA Novosti tomonidan e’lon qilindi. Abramovichning muzokaralardagi roli aniq emas, ammo uning vakili biznesmenning muzokaralar borishiga ta’siri cheklangan darajada ekanini aytgan.
Istanbul1, Muzokara1, Rossiya1, Ukraina1 Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?