Xona havosini tozalash uchun ishlatiladigan spreylar turli vositalarining deyarli hammasida ko‘rinmaydigan zaharli moddalar bo‘ladi. Maktab, shifoxona yoki istalgan bir bino xonalaridagi zaharni kamaytirish uchun nima ko‘proq foyda beradi? Xonada o‘simlik o‘stirish haqiqatan ham xona havosini risoladagidek tozalaydimi?
“Toza havoning hech qanday hidi bo‘lmaydi”
Odam ko‘p yashaydigan katta shaharlarda mashina va turli zavodlardan chiqadigan chiqindilar sabab ko‘chadan toza havo izlash unchalik ham to‘g‘ri yechim emas.
Toza havo uchun xonaga o‘zingizni ursangiz, bu yerda ham turli spreylar va tozalovchi vositalar sabab toza havo topish qiyin. Buni Alberta universiteti pulmonologi Anne Hiks shunday tushuntiradi: “Toza havoning hidi bo‘lmaydi. Siz xonaga kirdingiz, burningizga yoqimli yoki yoqimsiz biror hid urildimi, demak, bu xona hidini toza deb bo‘lmaydi. Ularning bari kimyoviy vositalar”, – deydi u.
Shuningdek, agar ko‘p aholi yashaydigan joyda yashasangiz, xona havosini almashtirish uchun ochish teskarisiga ishlashi mumkin. Xona ichkarisidagi havoni nazorat qilish unchalik oson emas. Ya’ni siz faqat xona tez-tez havosini almashtirib, turli havo tozalagichlardan foydalansangiz ham bu xona havosini mukammal tarzda yaxshilay olganingizni anglatmaydi. Xo‘sh, nega? Chunki xona havosiga siz to‘sqinlik qilolmaydigan tashqi vositalar ham ta’sir qiladi.
Masalan, mashinalar harakati tufayli paydo bo‘ladigan azot dioksidi, binolar ichidagi namlikni ko‘paytiradi va bu mog‘orga sabab bo‘lishi mumkin. Havo filtrlaydigan kuchli vositalar xona havosini tozalashga yordam berishi mumkin, lekin uning narxi va unga ketadigan energiya xarajatini hamma xonadonlar ham ko‘tara olmasligi mumkin.
Nima qilish kerak?
Cho‘ntakbop va ekologik toza xona gullariga murojaat qilish kerak. Xona gullari karbonat angidrid va boshqa turli zaharlarini yutadi. Tadqiqotlar bu jarayonda gul barglaridan ko‘ra, uning tuprog‘i ko‘proq zaharni tutib qoladi degan fikrda.
Ba’zi tadqiqotchilar esa xonadagi tuvakli gullardan ko‘ra, xonada yashil devorlarni o‘stirish ko‘proq havoni tozalaydi deb hisoblaydi. Bu o‘zini isbotlagan tadqiqot bo‘lishiga qaramasdan, bunday yashil devorlarni o‘stirish va ularni parvarishlash ko‘p vaqt va mablag‘ talab qilishini ham unutmaslik kerak.
1 metr kvadratga 1 ta o‘simlik
O‘simliklar xona havosini yaxshi tozalaydimi degan savol tadqiqotchilarning doimiy mavzusi. Shu sabab bu borada aniq fikr aytish qiyin. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotda ham shu savolga javob topish uchun 195 ta tadqiqot qayta tahlil qilib chiqildi.
Xulosaga ko‘ra, xona o‘simliklari juda katta xonalar havosini risoladagidek tozalashni yaxshi uddalamaydi. Buning uchun xonaga juda ko‘p miqdorda o‘simlik kerak bo‘ladi. Masalan, 1 kvadrat metr maydonga kamida 1ta o‘simlik qo‘yish foyda berishi mumkin. Yetarlicha o‘simlik to‘play olgan taqdiringizda ham ularni doimiy parvarishlash biroz qiyin. Shuning uchun “Cundall's Londeon” ofisining direktor o‘rinbosari Kavita Kumari xona havosini yaxshilash uchun ilon o‘simligini (Dracaena trifasciata) parvarish qilishni tavsiya etadi. Chunki bu o‘simlik kam parvarish talab qiladi va ko‘proq kislorod chiqaradi. Boshqa o‘simliklar kislorodni kunning bir vaqtida ajratsa, ilon o‘simligi ham kunduzi, ham kechqurun kislorod chiqarishini aytadi mutaxassis.
Shu o‘rinda bir narsani unutmang, agar xonada haddan tashqari ko‘p gul bo‘lsa, bu ham xona ichidagi namlikni ko‘paytirib yuborishi mumkin. Bu asosan kuz-qish oylarida kuzatiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring