Yurak uchun parhez oddiy so‘z emas. Bir vaqtlar yurakka yo‘l oshqozon orqali o‘tadi, deyilgan va shundan beri hamma bu fikrni hech bir sababsiz ma’qullaydi. Aslida bu qarashda haqiqatan ham asos bor, parhez yurak faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi, deb yozadi “Woman.ru”.
Yurak uchun parhez yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq mavjud muammolar rivojlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi, shuningdek, har qanday yurak kasalliklarining oldini oladi.
Yurak uchun parhez nimani anglatadi?
Yurak uchun parhez — boshqacha qilib aytganda, kardiotrofik ovqatlanish — nafaqat bemorlarda yurak kasalliklarining belgilari va rivojlanishini kamaytirishga yordam beradi, balki butunlay sog‘lom bo‘lgan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Kardiologlar ko‘pincha yurak uchun parhez bemorlarning sog‘lig‘ini sezilarli darajada yaxshilashga olib kelishini ta’kidlaydi. Buning uchun kundalik ratsionga qanday mahsulotlar kiritilishi va qaysi biri abadiy unutilishi kerak?
Ratsiondan nimani chiqarib tashlash kerak?
Kardio parhezda mumkin bo‘lmagan mahsulotlar ro‘yxati, masalan, qandli diabetga yoki o‘t pufagi kasalligiga chalinganlar parhezi kabi ko‘p narsani taqiqlamaydi. Biroq kardiolog bemorga to‘g‘ri ovqatlanish haqida, birinchi navbatda, iste’mol qilish kerak bo‘lgan oziq-ovqatlarni aniq aytadi.
Spirtli ichimliklar. Spirtli ichimlik nafaqat yurak, balki butun organizmdagi tizimlarni ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ratsiondan birinchi bo‘lib spirtli ichimlikni chiqarish tavsiya etiladi.
Tuz. Ko‘zga ko‘rinmaydigan tuz kristallari yurakka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki yurak-qon tomir kasalliklarining aksariyati qisman suv-tuz balansining buzilishi tufayli yuzaga keladi. Organizmdagi natriy tuzlari miqdori me’yordan oshib ketishi bilanoq to‘qima va organlarning hujayralarida ortiqcha suv to‘plana boshlaydi, bu shish paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada yurak mushaklari va qon tomirlarida katta zo‘riqish kuzatiladi. Tuzni kuniga 5 grammgacha iste’mol qilish lozim, shundagina yurakka ortiqcha bosim bo‘lmaydi. Sof tuzdan tashqari, an’anaviy tuzlangan mahsulotlar ham ratsiondan chiqarib tashlanishi kerak.
Suv. Suv iste’molini cheklash uni ichishni butunlay to‘xtatishni anglatmaydi. Ammo parhezshunoslar tomonidan tavsiya etilgan an’anaviy 2,5 litrni unutish kerak bo‘ladi. Kardiologlar suyuqlikning umumiy miqdori kuniga 1 litrdan oshmasligini tavsiya qiladi.
Yog‘li mahsulotlar. Odatda shifokorlar yog‘li mahsulotlarni ratsiondan butunlay chiqarib tashlashni maslahat beradi, ammo aslida yurak uchun parhezda almashtirish tamoyilini qo‘llash mantiqiy va yoqimliroq: qo‘y va mol go‘shti o‘rniga parranda go‘shtini iste’mol qilish, shirinliklar o‘rniga mevalarni tanlash mumkin.
Kofeinli ichimliklar. Har qanday kofeinli ichimliklar — qahva, energetik ichimliklar, choy — yurak salomatligi uchun nomaqbuldir. Buning o‘rniga mineral suv, mevali ichimliklar, o‘simlik choylaridan ichish yaxshiroq va foydalidir.
Yurak salomatligini saqlash uchun qanday ovqatlanish kerak?
Kaliy va magniy. Birinchisi normal yurak ritmini ta’minlaydi, ikkinchisi — yurakni kislorodli qon bilan oziqlantiradigan qon tomirlarining kengayishiga hissa qo‘shadi. Kaliy o‘rik, quritilgan olxo‘ri, sitrus mevalar, yong‘oqlar, kartoshka, grechka, klyukvada ko‘p miqdorda mavjud. Magniyni dengiz o‘tlari, donli non, yorma mahsulotlaridan topish mumkin.
Oqsil. Ma’lumki, oqsil mushaklar, shu jumladan miyokard uchun asosiy elementdir. Shuning uchun oqsilga boy kardiotrofik ovqatlanishda juda muhimdir. Oqsil yog‘siz sut va tvorog, baliq va yog‘siz go‘shtda mavjud.
Murakkab uglevodlar. Bu pishiriqlar, murabbo va chipslarda mavjud bo‘lgan uglevodlarni anglatmaydi, balki ular organizm uchun haqiqatan ham zararli hisoblanadi. Sog‘lom uglevodlar don va dukkakli ekinlarda mavjud.